Giyohvandlik jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning qonunga xilof ravishda sotilishi jahon hamjamiyati oldiga jiddiy muammolarni ro‘baro‘ qilmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlarda ushbu og‘uni istemol qiluvchilar soni ortib bormoqda. Ayanchlisi, bu borada yoshlarning ulushi ancha katta.
“World Population Review” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish bo‘yicha mamlakatlar reytingida 95-o‘rindan joy olgan. Bu borada Qozog‘iston 8, Qirg‘iziston 23, Turkmaniston 41, Tojikiston 76-o‘rinda turibdi1.
Jahonda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning yoshlar orasida keng tarqalayotgani kishini qayg‘uga soladi.
Ushbu illatning yoshlarimiz orasida ommalashishi xavflidir. Chunki bu jamiyatning hozirgi va ertangi kuniga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Jamiyatda bu kabi illatlarning tarqalishiga qarshi kurashishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki barchamiz mas’ul bo‘lmog‘imiz lozim.
Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida ushbu illatning ko‘payib ketayotganini quyidagilar bilan izohlash mumkin:
– o‘smirlarning turli narsalarga qiziquvchanligi;
– o‘smirlarning ta’sirga beriluvchanligi;
– ushbu illat tufayli kelib chiqadigan kasalliklarni yoshlarning bilmasligi;
– aholi, ayniqsa yoshlar orasida bu illat to‘g‘risidagi axborotning kamligi;
– yoshlarning huquqiy madaniyati yetarli darajada emasligi va boshqalar.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 2023-yilga oid statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda mamlakatimiz hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy
muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlarning hissasi 74 foizga (jumladan, talabalar 21 foizga, maktab o‘quvchilari 6 barobarga) oshgan.
Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlar 60 foizga ko‘paygan. Shuningdek 2023-yilda mamlakatimizda giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq jinoyatlar 42,6 foizga ko‘paygan2.
Ko‘rinib turibdiki, sanab o‘tilganlarning aksariyati insonning o‘zi bilan bog‘liq. Va bu illatga yo‘liqishning oldini olish, unga qarshi kurashishda yangi yondashuvlar zarur. Bu illatga qarshi kurashishda najot yo‘li bitta – muammoning oqibatlari bilan emas, sabablari bilan kurashishdir.
Bu kurash esa faqat targ‘ibot-tashviqot va media imkoniyatlaridan keng foydalanish, ushbu illatga nisbatan jamoatchilikda murosasiz muhitni shakllantirish orqali amalga oshiriladi. Mamlakatimizda bu borada bir qator chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, har yili fevral oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” oyligini o‘tkazadi.
Birgina 2023-yilda maktablar, o‘rta maxsus bilim yurtlari, litseylar, oliy ta’lim muassasalarida “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida tashkillashtirilgan o‘n mingdan ortiq uchrashuv va targ‘ibotda minglab yoshlar ishtirok etishdi.
Ushbu tadbirlarda yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va “kuchli ta’sir qiluvchi yengil narkotik” sifatida ommalashib borayotgan dorilarning inson salomatligi bilan bir qatorda turmush tarziga, kelajagiga, yaqinlariga salbiy ta’siri to‘g‘risida yoshlarga mutaxassislar tushuntirishlar berishdi.
Mazkur muammoning ildizini quritish va yoshlarning turli xil aldovlarga ishonib qolmasliklarini ta’minlash uchun ushbu illatga qarshi kurashishda quyidagi choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Jumladan:
- maktab o‘quvchilari va talabalar orasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish;
- ta’lim muassasalarida bunday vositalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi ta’sirchan choralarni ishlab chiqish;
- ushbu illatning yoshlar orasida tarqalish sabablarini o‘rganish va shu asosida ilmiy asoslantirilgan targ‘ibot-tashviqot, tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni ishlab chiqish hamda joriy etish.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, dunyoqarashi endigina shakllanib kelayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan o‘smirlarni aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotganlar oz emas. Ularning o‘z hamyonini to‘ldirish ilinjida og‘uni yoshlar orasida tarqatishiga jim qarab turib bo‘lmaydi, albatta. Shu bois yosh avlod ongida oqni qoradan ajrata oladigan o‘ziga xos immunitet shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Bunda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosdir.
Abbos PAYZIYEV,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, y.f.f.d.(PhD)
1 https://uz.kursiv.media/2024-02-19/uzbekistan-v-top-100-stran-po-upotrebleniyu-narkotikov/.
2 https://www.gazeta.uz/ru/2024/02/20/crime/.