HomeMaqolalarTibbiy xizmatda fuqarolik huquqiy javobgarlik

Tibbiy xizmatda fuqarolik huquqiy javobgarlik

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 48-moddasida har bir fuqaro malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi yozilgan. Fuqaro tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Shuningdek, fuqaro haq evaziga tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkin.

Tibbiy xizmatga oid fuqarolik huquqiy shartnomalar doim bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan. Chunki tibbiyot sohasida ko‘p muammolar huquqiy yechim topmagan.

O‘zbekiston hukumati tizimdagi muammolarning yechimi uchun 7 yo‘nalish bo‘yicha vazifalar belgiladi.

Mazkur 7 yo‘nalish quyidagilardan iborat:

– birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;

– tez tibbiy yordam tizimini rivojlantirish;

– tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar va dorilar bilan ta’minlash;

– shifokorlik kasbining maqomi va nufuzini oshirish, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy huquqiy himoyasini kuchaytirish;

– tibbiyot sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va fanini yanada rivojlantirish;

– jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib etish;

– sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini yanada oshirish1.

Fuqarolik huquqiy shartnomalar ichida “Haq evaziga xizmat ko‘rsatish” shartnomasining xos jihatini sifatli va malakali xizmat ko‘rsatish tashkil etadi.

Haq evaziga xizmat ko‘rsatuvchi klinikalar mijozlarga malakali xizmatni taklif (jarrohlik xizmatiga ham ruxsat berilayapti) etar ekan, xizmat sifatiga e’tibor berishlari kerak.

Fuqarolik huquqiy munosabat tibbiy xizmat natijasi bo‘lmish oqibatlarda ham namoyon bo‘ladi. Tibbiy xizmatdagi nuqsonlarni quyidagilarda ko‘rish mumkin:

– baxtsiz hodisa;

– tibbiy xatolar;

– diagnostik, profilaktik va tibbiy muolaja choralarini bemorga qo‘llash chog‘ida ehtiyotsizlik sabab sog‘liqqa zarar yetkazish.

Huquqqa xilof tibbiy xizmatning eng keng ko‘lamining aniq tushunchalari esa quyidagicha:

– belgilangan qoida va talablarga to‘g‘ri kelmaydigan (qisman yoxud umuman) harakatlarni amalga oshirish;

– odatda xizmat(ish)larning sifatiga qo‘yiladigan talablar, shartnoma shartlarining noto‘g‘ri amalga oshirilishi.

Taxminiy qoidalar buzilishining ro‘yxati:

– bemorga kerakli bo‘lgan tibbiy va diagnostik, profilaktik va reabilitatsiya (konsultatsiya, tadqiqot, jarrohlik amaliyoti) tadbirlarining bajarilmasligi yoxud tegishli ravishda bajarilmasligi;

– tibbiy diagnostik, profilaktik va reabilitatsion tadbirlarning bemor ahvoli yomonlashuviga olib kelishi (diagnostik xatoga, davolashning noto‘g‘ri usulining tanlanishi, davolashning uzayishi yoki bemor ahvolining og‘irlashuvi);

– tibbiyot muassasasida tibbiyot xodimlarining aybi bilan vujudga kelgan oqibatlar tufayli qo‘shimcha tibbiy yordamning amalga oshirilishi;

– kasalxona ichida tibbiyot xodimlarining noto‘g‘ri muolajasi oqibatida bemor qo‘shimcha
kasallikka duchor bo‘lishi;

– tibbiy muolaja yoki jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorda asorat kelib chiqishi2.

Bular tibbiy muolaja jarayonidagi fuqarolik huquqiy javobgarlik asoslarini tashkil qiladi. Tadbirkorlikda tavakkalchilik ma’qullansa-da, tibbiyotda bemorning hayotini saqlab qolish maqsadida hamda yaqin qarindoshlarning roziligi asosida tavakkalchilikka yo‘l qo‘yiladi. Qonunga muvofiq 15 yoshdan boshlab bemorning roziligi olinadi. Bemordan rozilik olishning imkoniyati bo‘lmaganda uning yaqin qarindoshlaridan olinadi. Tibbiy muolaja va inyeksiyalardan xabardor bo‘lish hamda boshqa mutaxassislarni jalb etish bemor huquqiga kiradi. Xizmat ko‘rsatish shartnomasining pudrat shartnomalaridan asosiy farqi shundaki, xizmat ko‘rsatish shartnomasida jarayonni nazoratga olish imkoniyati bor.

O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 706-moddasiga muvofiq ijrochi haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachiga batamom to‘lashi shart. Lekin bu to‘lov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Hozir ayniqsa tibbiyot klinikalarida bemorga mijoz sifatida qarash shakllangan. Vaholanki, haq evaziga xizmat ko‘rsatuvchi klinikalarning asosiy maqsadi tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘lib, inson hayoti va salomatligi shartnoma predmeti hisoblanadi.

Javobgarlik masalasida bemor oldidagi majburiyatni klinika ma’muriyati bajarsa-da, zarar tibbiyot xodimining ish haqidan (regress da’vo) undiriladi. Agar xolisona tibbiy yordam ko‘rsatilsa-yu, salbiy oqibat kelib chiqsa, u holda bevosita yordam ko‘rsatgan shaxsdan zarar undiriladi.

Tibbiy xato nima?

Yatrogeniya – shifokorning saviyasizligi, madaniyatsizligi, mahoratsizligi, xatosi tufayli kasal orttirish: diagnostika davrida, davolash, muolaja, maslahat berish jarayonida yoki suhbat o‘tkaziladigan vaqtda bemor organizmi funksiyasini, xatti-harakatlarini cheklab qo‘yish; bemorlarni nogiron qilib qo‘yish va hatto o‘limiga sabab bo‘luvchi asorat qo‘zg‘atish3.

Shifokor bu davrda inson tabiatiga haddan tashqari aralashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shunday ekan, uning bemorga zarar yetkazish xavfi ham oshdi. Tibbiyotning “zarar yetkazma” va “faol aralashib, yaxshi natijaga erish” degan ikkita asosiy tamoyili o‘rtasidagi parda noziklashdi4. B.Y. Votchal bu masalani “haddan tashqari ehtiyotkorlar va ehtiyotsiz jasorat orasidagi tor yo‘lak”5 deb atadi.

1854-yilda “Harbiy tibbiyot jurnali”da N.I.Pirogovning “Jarrohlik kasalliklarini tan olishdagi qiyinchiliklar va jarrohlikdagi baxt haqida” maqolasi chop etildi. Bu maqolada u tibbiy xatolarini tahlil qiladi. Uning bemorlarga kam vaqt ichida yordam berishga haddan ortiq urinishi o‘limlar soni oshishiga sabab bo‘lgan. Pirogov operatsiyalar oldidan ilmiy va axloqiy jihatdan ishiga baho bermagani, tahlil qilmagani uchun o‘zini ayblaydi. Bu yondashuv zamonaviy subyektiv tibbiy xatolarni tushunishga asos bo‘ldi. “Tibbiy xato” tushunchasiga Pirogov o‘ziga xos axloqiy ma’no berdi. U “o‘z xatolarini tan olish qobiliyati vijdon masalasidir, bu insonning ilohiy tabiatining qonunidir”6 deb bildi.

Sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish nafaqat bemorning noroziligiga yoki shartnoma shartlarining buzilishiga, balki bemorning sog‘lig‘i va hayotiga ham zarar yetkazadi.

Sud tibbiy xizmat sifatini emas, balki tibbiy muassasa shifokori harakatlari qonuniy yoki noqonuniy emasligini baholaydi7. Bemor muolajasi kerakli natijaga olib kelmasa, shifokor javobgarlikni zimmasiga olish xavfi bor. Muolajadan oldin bemorga tashxis qo‘yish va maslahat qilinishini ta’kidlash lozim. Bemor uchun maslahat (konsultatsiya) natijasi ko‘p hollarda qaror chiqarishiga asos bo‘ladi. Hozir tibbiy xizmat sohasidagi nizolarni hal qilish yo‘llari va usullari izlanayapti.

Aksariyat hollarda tibbiy madaniyat va tibbiy bilimning sayozligi asossiz ayblovning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Ayrim xususiy tibbiy muassasalarda bemorlardan tibbiy muolajadan oldin “da’voim yo‘q” degan mazmunda shartnoma imzolatib olinadi. Keyinchalik yuzaga keladigan muammolar bo‘yicha nizolashishga imkon qoldirilmaydi. Bu esa bemor (mijoz)ga yetkazilgan zararni undirishga to‘sqinlik qiladi.

Fuqarolik huquqiy javobgarlikni sug‘urta qilish muammoning yechimi deb qarash muammoni hal etildi degani emas. Mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining javobgarligini sug‘urtalash ushbu muassasa (xususiy klinika)ning zimmasida bo‘ladi.

Agar xodim yakka tartibda davolagan bo‘lsachi? U holda Fuqarolik kodeksining 57-bobi qoidalari asosida bemorga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, haq evaziga xizmat ko‘rsatishdan foydalangan bemor iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish qonuniga murojaat etish huquqiga ham ega.

Inson sog‘lom hayot uchun tibbiyotga murojaat etadi. Turli xil kasalliklarga vaksinatsiya qabul qiladi. Bu ham inson organizmiga turlicha ta’sir qiladi. Diagnostik texnikalar inson organizmidagi o‘zgarishlarni nechog‘lik to‘g‘ri aniqlaydi? To‘g‘ri tashxis qo‘yishga shifokorning malakasi yetarlimi?

Bu kabi savollar, shuningdek transplantatsiya operatsiyalarida, reproduktiv amaliyotlarda huquqqa xilof harakat yoxud harakatsizlik uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik masalalari to‘la-to‘kis yechimga ega emas. Aybli xatti-harakat natijasida yetkazilgan har qanday zarar qoplanishi zarur va bu inson huquqlarining kafolatidir.

Nargiza EGAMBERDIYEVA,
Toshkent davlat Transport universiteti,
Xalqaro ommaviy huquq kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi

 

1 Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Ўзбекистон Республикаси Президентининг соғлиқни сақлаш соҳаси вакиллари билан “очиқ мулоқоти”да белгиланган вазифаларни амалга ошириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги фармойиши.

2 Вильгоненко И.М., Гагиева Н.Р., Белокопытова Н.Ю. Особенности возмещения вреда причиненного ненадлежащим оказанием медицинских услуг. Вестник Волжского университета имени В.Н.Татищева.№4. том 2. Стр 122. 2018 г.

3 Рустамов И.Х., Расулов Ш.М. Ятрогения. Шифохона ичи инфекцияларининг этиологияси, эпидемиологияси, профилактикаси ва эпидемиологик назорати. Ўқув-услубий қўлланма. – Тошкент, 2018. – 32-б.

4 Атамуратова Ф. Ятрогения – XXI касаллиги. ЎзМУ хабарлари. 1/8/1. 2022. 76-б.

5 Вотчал Б.Е. Очерки клинической фармакологии. М.: Медицина, 1965. – 76-б.

6 Интересные факты из жизни Н.И. Пирогова//URL: http://vivareit.ru/pirogov-nikolaj-ivanovich-interesnye-fakty

7 Л.Б. Ситдикова. Гражданско-правовая ответственность в сфере оказания медицинских услуг. Медицинское право. No 3, 2012. С. 9-14.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa