AQSh prezidenti va Xitoy rahbari o’rtasidagi muzokaralar Tayvan bo’yicha savdo mojarolari va kelishmovchiliklar fonida bir necha oy davom etgan tortishuvlardan so’ng bo’lib o’tdi.
Qo’shma Shtatlar va Xitoy harbiy aloqalarni eng yuqori darajada tiklashga va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish va opioid fentanil ishlab chiqarishni cheklash choralarini ko’rishga kelishib oldilar – bu Jo Bayden va Si Szinpin o’rtasidagi bir yil ichidagi birinchi shaxsiy uchrashuvning kutilayotgan natijalaridir.
Kuzatuvchilar taʼkidlaganidek, Kaliforniyadagi OTIHT (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti) sammiti doirasida AQSh Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi oʻrtasidagi muzokaralardan maqsad ikki davlat Hind-Tinch okeani mintaqasida ochiq mojaroga kirishishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni bartaraf etishdir.
“Kelgusi oylarda biz XXR bilan diplomatiyani eng yuqori darajada ushlab turamiz, shu jumladan, rais Si bilan ham aloqa kanallarini ochiq tutamiz. Biz telefonlashib turishga kelishib oldik: har birimiz to’g’ridan-to’g’ri qo’ng’iroq qilishimiz mumkin”, dedi Amerika rahbari jurnalistlarga.
Xitoy rasmiy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Si Vashingtonni “bosim o’tkazish yoki cheklash siyosatidan voz kechishga” chaqirgan. U, shuningdek, AQShni Tayvanni qurollantirishni to‘xtatishga va Xitoyning “tinch yo‘l bilan birlashishini” qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, chunki uning fikricha birlashishni “to‘xtatib bo‘lmaydi”.