O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini belgilash muammolari

0
302

Uy-joyga ega bo‘lish va qurishning huquqiy mexanizmi ishlaydi. Lekin minglab fuqarolar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarida uy-joylarni noqonuniy qurishadi. Shunda noqonuniy yashab turgan ushbu uyga ro‘yxatdan o‘tishda muammo yuzaga keladi. Mulk huquqiga qonuniy ega bo‘lish imkoniyati esa bo‘lmaydi.

2018-yil 20-aprelda O‘zbekiston Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni va uning ijrosini ta’minlash maqsadida hukumat qarori qabul qilindi.

Mazkur qonunosti aktlariga ko‘ra, fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egalik qilingan yer uchastkalari yoki ruxsatsiz qurilgan imoratlariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha 2019-yil 1-mayga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, mulk huquqini e’tirof etish va kadastr hujjatlarini berish uchun 2 ta asosiy shartga qaralishi lozim:

ushbu yer uchastkasi (uning bir qismi) qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lishi;

o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalarini buzmasa, shuningdek uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasa, yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa.

Aksiya doirasida Toshkent shahridan 36568 ta murojaat qabul qilingan. Uning 71 foizi ijobiy hal qilingan, 17 foizi esa rad qilingan. Komissiya ishchi guruhi qolgan 12 foizini o‘rganayapti.

Adliya vazirligining ma’lumotiga qaraganda, aksiya davomida respublika bo‘yicha 200 mingga yaqin murojaat bo‘yicha noqonuniy qurilmaga nisbatan mulk huquqi berilgan.

Bu esa murojaatlarning 33 foizini tashkil qiladi. Komissiyaning ijobiy xulosasiga qaramasdan 25 mingga yaqin murojaat bo‘yicha tuman, shahar hokimlari asossiz ravishda qaror qabul qilmagan.

Umumdavlat aksiyasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarda yashash huquqini qonuniylashtirdi. Mulkdor bo‘lishlariga xizmat qildi.

Biroq ba’zi sabablarga ko‘ra bu aksiyadan foydalanishga ulgurmaganlar ham kam emas. Endi o‘zboshimcha va noqonuniy imorat qurganlik uchun huquqiy ta’sir choralari kuchaydi. Xususan, 2020-yil Toshkent shahrida 676 ta holat bo‘yicha ishlar sudga oshirilgan va taqdimnomalar kiritilgan.

O‘zbekiston Oliy sudining statistikasiga ko‘ra, 2018-yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish bilan bog‘liq jami 6249 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan. 2019-yilda bunday toifadagi ishlar soni 4850 tani tashkil qilgan. 2020-yilda bu ko‘rsatgich 20244 taga oshgan.

Bundan tashqari, yer maydonlarini noqonuniy egalikdan qaytarib olish yoki yer maydonidan chiqarish bilan bog‘liq ishlar 2018-yilda 1870 tani, 2019-yilda 1211 tani, 2020-yilda 5337 tani tashkil qilgan.

Respublikamizda o‘zboshimcha qurilgan imoratlar bilan bog‘liq sud ishlari yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Bunga qonunchilikdagi umumiy normalardan (Fuqarolik kodeksi) maxsus normalarga qadar ko‘plab bo‘shliqlarning mavjudligi sabab bo‘lyapti. Hamda noqonuniy quruvchilar ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish zarurligini anglashmoqda.

Hozir o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni qonuniylashtirish muammoligicha qolmoqda. Bu masalaga yechim topish g‘oyat muhim. Chunki bu masala umummilliy boylik bo‘lgan yer uchastkalarini asrash, muhofaza qilishni ham qamrab oladi.

2022-yil iyul holatiga ko‘ra, respublikamizda 2 million 600 mingta xonadonning kadastr hujjatlari mavjud emasligi aniqlangan. Bu muammoni hal qilish uchun kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantirish muhim bo‘ladi.

Shu o‘rinda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga kim va qanday tartibda egalik huquqini belgilab berishi mumkin degan savol tug‘iladi. Amaliyotda bunday toifadagi uy-joyga egalik huquqini belgilash mexanizmini tartibga soluvchi qonun normalari mavjud emas.

Agar mexanizm ishlab chiqiladigan bo‘lsa, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini belgilashga oid alohida qonunni qabul qilish kerak. Bunday mazmundagi qonun turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibini belgilaydi. Hamda uzoq yillardan buyon foydalanib kelingan ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatiga olish imkonini beradi.

Shu bilan birga qonunda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan yer maydonini uzoq yillarga ijara huquqi asosida ham belgilab berish zarurati tug‘iladi. Nega deganda, yer, yer osti va yer usti boyliklari xalqning umummilliy boyligi bo‘lib, ularni asrab-avaylab, keyingi avlodlarga yetkazib berish konstitutsiyaviy burch hisoblanadi. Shu jihatdan olganda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyga egalik huquqini belgilashda ijtimoiy normadan kelib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasining miqdori o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydoni bilan birgalikda 12 sotixdan oshmasligi belgilab qo‘yilishi lozim.

Bundan tashqari, qonunda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini e’tirof etish mumkin bo‘lmagan quyidagi holatlarni ham aniq ko‘rsatish muhim:

– o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat aholi punkti hududiga kirmagan toifadagi yer
maydonida joylashgan bo‘lsa;

– aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, qishloq fuqarolari yig‘inlari hududlarini me’moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga (mavjud bo‘lganda) zid ravishda joylashgan imoratlarga;

– magistral quvurlar, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari qo‘riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar hamda chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinida joylashgan imoratlarga;

– qonun hujjatlari bilan qurilishi taqiqlangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda
hamda tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan hududda joylashgan imoratlarga;

– o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo‘lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning
hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa.

Qonunga bunday taqiqlovchi normalarning kiritilishi jamiyat va davlat manfaatlari himoyasining kafolati hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 55-moddasiga ko‘ra, har bir shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.

Fuqarolik protsessual kodeksi normasi talabiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga oid nizo kelib chiqqan taqdirda nizoli qurilmaga nisbatan egalik huquqini belgilash haqidagi talab da’vo tartibida sudda ko‘rilishi lozim. Bu holat nizoning qonuniy yechim topishida va ijtimoiy adolatni ta’minlashda huquqiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Qayd etilganlarga ko‘ra, aholi punktlari hududi doirasida o‘zboshimchalik bilan imorat qurishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur. Xususan, yer munosabatlari bilan bog‘liq sohani tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak.

Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish bunday nizolarning kelib chiqishini kamaytiradi. Hozir O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilib, muhokama qilinmoqda.

Kodeks loyihasida o‘zboshimchalik bilan imorat qurishni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksidagi 212-modda normasini chiqarib tashlash nazarda tutilgan. Qonun ijodkorlari bunday masala aksiya yoki sud tartibida emas, balki ma’muriy tartibda hal qilinishi lozim deb hisoblashadi. Biroq masalani ma’muriy tartibda hal qilish mexanizmi ishlab chiqilmagan va amaliyotda sinalmagan.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga kim va qanday tartibda egalik huquqini belgilab
beradi?

Amaliyotda bunday toifadagi uy-joyga egalik huquqini belgilash mexanizmini tartibga soluvchi qonun normalari mavjud emas. Shunday ekan, “O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini belgilash haqida”gi maxsus qonunni ishlab chiqib, qabul qilish maqsadga muvofiq. Shunda egalik huquqini belgilash vakolatini tegishli xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga berish o‘rinli bo‘lardi. Chunki o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini belgilashda va adolatni ta’minlashda mahalliy vakillik idoralari vakillarining o‘rni ahamiyatlidir.

Shu sababli Fuqarolik kodeksidan 212-modda normasini chiqarish emas, balki uni isloh qilish maqsadga muvofiqdir. Bu bilan ruxsatsiz qurilishga egalik huquqini e’tirof etish sohasidagi bo‘shliqlar to‘ldiriladi va muammolar hal qilinadi.

Xurshida QURBONOVA,
Sudyalar oliy maktabi
mustaqil tadqiqotchisi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here