Nodavlat sektorga oid huquqiy masalalar

0
261

Yangilangan Konstitutsiyada nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining huquqiy maqomini mustahkamlashga oid bir qancha normalar kiritildi. Bob “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlanmoqda, shuningdek, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari uning asosini tashkil etishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, ilk bor Asosiy qonunda nodavlat notijorat tashkilotlarining konstitutsiyaviy huquqiy maqomi belgilandi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat bilan
munosabatlarini tadqiq etish bugungi konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida juda dolzarb ahamiyatga ega.

Tadqiqotchi olim Sh.Yakubov davlat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligidagi huquqiy mexanizmning uchta modelini ajratib ko‘rsatadi. Birinchisi, paternalizm modeli mazmuniga ko‘ra davlat jamiyat ustidan to‘liq nazorat o‘rnatadi. Ikkinchisi liberal model hisoblanib, davlatning turli funksiyalari fuqarolik jamiyati institutlari evaziga qisqartiriladi. Uchinchi model partisipatorlik bo‘lib, unda davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlar ajratilmaydi.

Fikrimizcha, mazkur fikr uchta sektor o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq aks ettiradi. Shuningdek, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari munosabatlari jamiyatdagi liberallashuv darajasini oshiradi.

Germaniya davlatining NNT sohasidagi tajribasi aynan partisipatorlik modeliga mos tushadi.

Ushbu davlat konstitutsiyasining 9-moddasida notijorat tashkilotlarni tashkil etish va uyushishni to‘liq erkin amalga oshirish nazarda tutilgan.

Germaniya tajribasiga binoan faqatgina yuridik shaxs maqomidagi nohukumat tashkilotlarigina davlat ro‘yxatidan o‘tishlari shart. Ushbu davlatda barcha yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni asosida amalga oshiriladi. Mazkur qonunning 2-moddasi 1-qismida yuqoridagi tartib diniy birlashmalar, shuningdek, ularning uyushmalariga taalluqli emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Birlashmalar reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish ro‘yxatga olingan toifaga kiritadi. Germaniya fuqarolik kodeksining 59-moddasiga muvofiq birlashma Boshqaruv kengashini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni sudga taqdim etadi.

Hujjatlar paketiga ustavning nusxasi va Boshqaruv kengashi saylanganligini tasdiqlovchi hujjat kiradi. Birlashmalar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy qoidalarga ko‘ra, ustavda birlashmaning kamida yetti a’zosining imzosi bo‘lishi kerak. Shunday qilib, ta’sischilar birlashma tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolangan paytdan boshlab ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni taqdim etishgacha birlashma safiga yana beshta ishtirokchi jalb qilinishi kerak.

Ro‘yxatga olish sudi birlashma ustavini rasmiylashtirish va iqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan tekshiradi. Ushbu holatda sud mazkur birlashma tashkil etilishining maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqishi mumkin emas.

Shuni alohida qayd etish zarur, Germaniyada so‘ngi o‘n yillikda nodavlat nohukumat tashkilotlar faoliyati bo‘yicha yirik tadqiqotlar (B.Adam, Schultz C., Hoffmann S., Ferdinand M., Freund S. va boshqalar) o‘tkazilgan. Bu tadqiqotlar NNTlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha Germaniya ma’muriy tartib-taomillarini takomillashtirish, ishonchli boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatiga AKTlarni keng joriy qilish masalalari, ko‘ngillilar tashkiloti va ular faoliyatini tashkil qilish masalalari, NNTlar va davlat o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini huquqiy tartibga solish masalalarini qamrab oladi.

Notijorat sektorni tartibga soluvchi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar nazariy jihatdan fuqarolik huquqi qonunchiligiga tegishli, ammo shuni ta’kidlash kerak, ularning aksariyati fuqarolik qonunchiligining boshqa hujjatlaridan, birinchi navbatda huquqiy tartibga solish usuli bilan farq qiladi.

Ularda muayyan harakatlarni sodir etgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini, yuridik majburiyatni bajarmaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qoidalarni aniq belgilaydigan imperativ normalar ustunlik qiladi. Bundan tashqari, notijorat sektorni tartibga soluvchi qonun hujjatlari bir nechta huquq sohalari (asosan fuqarolik va ma’muriy) normalaridan shakllangan. Hamda bu sektor faoliyatini tashkil qilish va faoliyat ko‘rsatishida ommaviy-huquqiy organlarning ta’siri seziladi.

Notijorat tashkilotni ma’muriy huquq subyekti sifatida e’tirof etish unga normativ-huquqiy hujjatlar tarkibidagi ma’muriy-huquqiy normalarning ta’sir doirasi kengayishi bilan ro‘y beradi.

Har bir subyekt, normativ-huquqiy hujjatlar ta’siri tufayli, ya’ni muayyan huquqiy munosabatlarda ishtirok etishi yoki etmasligidan qat’i nazar, ma’muriy-huquqiy subyekt maqomini oladi. Shuning uchun bunday huquq fuqarolar, tashkilotlar, tegishli davlat (munitsipal) organlar faoliyatini, xulq-atvorini huquqiy tartibga solish uchun muhim ahamiyatga ega: u (huquqiy subyektlik) o‘zaro munosabatlarning zarur sharti bo‘lib, shaxs, tashkilot, davlat organining konkret ma’muriy munosabatlardagi harakatlarini qisman belgilaydi.

Germaniya tajribasi shuni ko‘rsatadi, ushbu davlatlarda jamoat fondlari moliyaviy hisobot emas, balki faqat mol-mulkdan foydalanish haqida hisobot e’lon qiladi. Shuningdek, Germaniyada ham NNT faoliyatining asosiy maqsadiga mos keladigan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qilish talab etilmaydi.

Germaniyada nodavlat notijorat tashkilotlarining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bo‘linmalarini hisobga qo‘yish amaliyoti mavjud emas.

Germaniya Konstitutsiyasi 9-moddasida belgilangan jismoniy va yuridik shaxslarning uyushish erkinligi prinsipi ularni ixtiyoriylik asosida tarqatish huquqini ham kafolatlaydi. Shunga ko‘ra, Germaniya Fuqarolik kodeksida ittifoqlarni tarqatish ularning umumiy yig‘ilishida a’zolarning 4/3 qismi qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan. Ittifoqni umumiy yig‘ilishdan boshqa organ tugatishi bo‘yicha vakolat bahsli masala hisoblanadi.

Germaniya konstitutsiyasida nodavlat notijorat tashkilotilarni tugatish uchun 3 ta asos keltirilgan. Birinchidan, nodavlat notijorat tashkilotining maqsadi yoki faoliyati jinoyat qonunchiligiga zid bo‘lsa taqiqlanadi.

Ikkinchidan, nodavlat notijorat tashkiloti faoliyati nemis qonunchiligida “erkin demokratik ijtimoiy tuzum” deb ta’riflanadigan konstitutsiyaviy tuzumga qarshi bo‘lsa taqiqlanadi.

Konstitutsiyaviy tuzum deganda, avvalo, konstitutsiyada bayon etilgan inson huquqlariga hurmat, shuningdek, demokratik tamoyillar, jumladan, davlat mas’uliyati tamoyili, ko‘ppartiyaviylik tamoyili va muxolifat tashkilotlarini tuzish va faoliyat ko‘rsatish tushuniladi.

Uchinchidan, nodavlat notijorat tashkilotining maqsadi yoki faoliyati xalqlar o‘rtasida nifoq
solishga qaratilgan bo‘lsa nodavlat notijorat tashkiloti faoliyati taqiqlanadi.

Nohukumat tashkilotini tugatish bo‘yicha vakolatli organning qarori ma’muriy hujjat hisoblanadi. Germaniyaning Ma’muriy protseduralar to‘g‘risidagi qonuni asosida mazkur qaror mutanosiblik prinsipiga mos bo‘lishi lozim. Shuningdek, ma’muriy sudga ma’muriy hujjatni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha shikoyat qilish huquqi ham ta’minlanishi lozim.

S. Ballaning fikriga ko‘ra, ma’muriy tartib-taomillar davlat tomonidan siyosiy nazoratni kuchaytiradi. Houard N. Fenton esa ma’muriy tartib-taomillarni joriy etishda yuqori malakali va korrupsiyalashmagan davlat xizmatchilari alohida ahamiyat kasb etadi deb qayd etgan. R. de Figueiredo fikricha, “Ma’muriy tartib-taomillarning “tenglik prinsipi”ga zid holda, aksariyat hollarda ma’muriy tartib-taomillarda mansabdor shaxslar irodasi ustunligi tendensiyasi kuzatiladi”.

Bugungi kunda aksariyat rivojlangan davlatlarda, xususan Braziliya, Germaniya, AQShda nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash mazkur tashkilotlarni “ijtimoiy foydali” deb e’tirof etish orqali amalga oshirilmoqda.

D.Moor fikriga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotini ijtimoiy foydali deb topish quyidagi 6 ta tashkiliy-huquqiy asosdan iborat bo‘ladi:

– normativ-huquqiy bazaning shakllanganligi;

– ijtimoiy foydali deb e’tirof etish tartibi;

– mazkur sohada qaror qabul qiluvchi organlar;

– ro‘yxatga olish yoki sertifikatlashtirish tartibi;

– ijtimoiy foydali tashkilotga nisbatan davlat tomonidan kafolatlangan imtiyozlar;

– ijtimoiy foydali tashkilotlarning hisobdorligi tartibi.

Ijtimoiy foydali deb e’tirof etish va soliq imtiyozlarini taqdim etish masalalari Germaniya Soliq kodeksida e’tiborga olingan. Mazkur model ma’muriy huquqni qo‘llashda ustunlik beradi.

Ushbu modelning kamchiligi sifatida soliq qonunchiligida ijtimoiy foydali deb e’tirof etilgan nodavlat notijorat tashkilotini huquqiy tartibga solishining imkoni yo‘qligini keltirish mumkin.

NNTlar Germaniya Markaziy ijtimoiy tadqiqotlar instituti (GIZ) va “Transparency International” jamoatchilik tashkilotining moliyaviy yillik hisobotlari natijasida “sifat kafolati” ramziy logotipidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritadilar.

Germaniyada “uchinchi sektor”ga ijtimoiy foydali maqomini soliq organlari taqdim etadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mazkur maqomni taqdim etishda qonunchilikda tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakllariga e’tibor qaratilmaydi.

Germaniyada ijtimoiy foydali maqomni mahalliy soliq organlari taqdim etadi va har 3 yilda bir marta tashkilotlarni ijtimoiy foydali predmetiga ko‘ra tekshiruvdan o‘tkazadi.

Niderlandiyada ijtimoiy foydali deb topishning xabardor qilish tartibi o‘rnatilgan. Mazkur protsedura yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqiy nizoning oldini olishga qaratilgan. Bu davlatda ijtimoiy foydali deb e’tirof etish uchun tashkilotning yillik hisobotlari maxsus standartlar asosida ochiq e’lon qilinadi.

Fikrimizcha, bunday jarayon donor tashkilot va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘larini sarflashida shaffoflikni ta’minlaydi. Hamda homiylik tashkilotlarining faoliyati reytingini aniqlashda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaydi.

Germaniyada hukumatning nodavlat sektor bilan ijtimoiy sherikligining huquqiy mexanizmi Asosiy qonundagi prinsiplarga tayanadi. Ya’ni ushbu davlatda ijtimoiy sheriklik alohida qonun hujjati bilan tartibga solinmagan.

Germaniyaning NNT faoliyatining tashkiliy huquqiy mexanizmini takomillashtirishga oid tajribasini tadqiq etib, quyidagi xulosa va takliflarni ilgari surish mumkin:

1. Yirik xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarning global muammolarni hal etishdagi o‘rnini
hisobga olib, mamlakatimizdagi ilg‘or universitetlar huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda fuqarolik jamiyatini tadqiq etish markazlarini tashkil etish maqsadga muvofiq.

2. Germaniya tajribasi asosida nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish hamda jamiyat rivojlanishiga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda ularning faoliyatini baholash mezonlari va metodologiyalarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

3. Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini tashkil qilishning huquqiy tabiatidan kelib chiqqan holda ular faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida quyidagilarni belgilash taklif qilinadi: “qonuniylik; ixtiyoriylik; ro‘yxatdan o‘tkazishning shaffofligi; kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik; faoliyatning ochiqligi”.

Bekzod NARIMANOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchi,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here