O‘zbekiston harbiy prokuraturasi

0
433

Yangi O‘zbekiston sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi organlari faoliyatida Inson qadri uchun tamoyili bosh mezonga aylandi. Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilining o‘tgan davrida bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Harbiy prokuratura organlari tomonidan Qurolli kuchlarda konstitutsiya va qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondonining sohaga oid hujjatlarining aniq hamda bir xil ijro etilishi ustidan nazorat o‘rnatilib, o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra 24 ming 693 nafar shaxsning buzilgan huquqi tiklandi.

Qurolli kuchlar tizimida budjet mablag‘lari va davlat mulki talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida “Shaffof qurilish”, “E-xarid”, “E-auksion” va boshqa elektron platformalar orqali nazorat qilish yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasi sifatida 2023-yilning o‘tgan davrida kapital qurilish va ta’mirlash sohasida 22 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ning iqtisod qilinishiga
erishildi.

Elektron platformalar orqali amalga oshirilgan nazorat ishlari natijasida 5,9 mlrd so‘mlik 14 ta shartnoma bo‘yicha davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talabi buzilgani aniqlanib, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Mudofaa sanoati sohasidagi davlat dasturlarining o‘z vaqtida bajarilishi va zamonaviy harbiy mahsulotlar ishlab chiqarilishi borasidagi vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, harbiy prokuratura organlari tomonidan Qurolli kuchlar vazirlik va idoralarining debitorlik qarzlarini undirish bo‘yicha ham yordam ko‘rsatilib, 47,8 mlrd so‘mdan ortiq qarzning undirilishi ta’minlandi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarning ijtimoiy himoyasi, huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha prokuror nazorati tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda. Ularning muammolarini joylarga chiqqan holda o‘rganish maqsadida 115 ta sayyor qabul o‘tkazildi.

O‘tgan davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarning tuman hamda shaharlarida o‘tkazilgan bu kabi sayyor qabullarda kelib tushgan 1 ming 814 ta murojaatdan 489 tasi qanoatlantirildi, 1 ming 92 tasiga tushuntirish berildi, 160 tadan ortiq murojaat tegishliligi bo‘yicha yuborilib, ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.

Masalan, 2023-yil 24-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul davomida harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining bir qator ijtimoiy muammolari ijobiy hal qilindi, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga nogironlik aravachasi va boshqa moslamalar tarqatildi. Kelib tushgan 159 ta murojaatdan 61 tasi joyida ijobiy hal qilinib, 38 tasi yuzasidan tushuntirish berildi hamda 60 ta murojaat ijrosi alohida nazoratga olindi.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 378-moddasiga muvofiq, ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini undirib berish bo‘yicha xizmat turi soliq idoralarida tadbirkorlar tomonidan haq evaziga amalga oshirilayotgani, u yerda fuqarolar va harbiy xizmatchilar navbat kutib, ortiqcha ovora bo‘lishayotgani aniqlandi.

Ushbu holatlarni bartaraf qilish maqsadida harbiy xizmatchilarning nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari, oliy ta’limning kontrakt hamda ipoteka krediti uchun amalga oshirilgan to‘lovlarda soliq imtiyozi mavjudligi Harbiy prokuratura hamda Qurolli kuchlar vazirlik va idoralari saytlarida keng targ‘ib qilindi. Harbiy prokuratura binosida bepul elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilib, tegishli soliq to‘lovlari qaytarilishi ta’minlanmoqda. Hozirga qadar 100 ga yaqin harbiy xizmatchiga 200 mln so‘mdan ziyodroq ortiqcha soliq ushlanmalari qaytarildi.

Prokuror nazorati tadbirlari davomida 1 ming 960 nafar Qurolli kuchlar xizmatchilarining bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari hamda texnogen xususiyatli halokatlar oqibatida kasallik orttirgan 1 ming 409 nafar nogiron shaxsga bepul dori tarqatilishi ta’minlandi.

Harbiy xizmatchilarning ish bilan band bo‘lmagan oila a’zolarining bandligini ta’minlash bo‘yicha mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 401 kishi ishga joylashtirildi.

Bundan tashqari, Qurolli kuchlar tizimida “Qonunlar ijrosi doimiy xalq nazoratida” tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida Harbiy prokuraturaning rasmiy veb-sayti (harbiyprokuratura.uz) yaratilib, nazorat tadbirlari kamida bir oy avval jamoatchilikka e’lon qilib borilishi hamda ular bo‘yicha murojaatlar qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur veb-sayt orqali 213 ta murojaat kelib tushib, ular qonuniy hal qilindi.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, ularni uy-joy bilan ta’minlash, rag‘batlantirish va ularga nisbatan intizomiy choralarni qo‘llashning qonuniyligini tahlil qilib
borish maqsadida harbiy prokuratura organlari faoliyati bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Qurolli kuchlar vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda raqamlashtirishni tashkil etishga oid dastur tasdiqlanib, “Qurolli kuchlarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat” yagona axborot tizimi platformasini yaratishning dastlabki bosqichi yakunlandi.

Dasturga muvofiq 10 ta soha – harbiy xizmatchilarning ipoteka kreditlari olishi, ularga turar-joyni ijaraga olganlik va oziq-ovqat uchun pul kompensatsiyasi ajratilishi, sug‘urta to‘lovlari to‘lanishi, yer maydoni ajratilishi, uy-joy va kiyim-kechak bilan ta’minlanishi, rag‘batlantirilishi, intizomiy choralarning qo‘llanishi va bekor qilinishi, tibbiy ta’minotiga oid ma’lumotlar yagona axborot tizimiga kiritilib, raqamlashtirilmoqda. Platformaning dastlabki bosqichi aprel oyidan sinov tariqasida ishga tushirildi.

Raqamlashtirish borasida hududiy harbiy prokuraturalarning har oylik hisobotlarini yuritishning qog‘oz shaklidan voz kechilib, elektron shaklda rasmiylashtirilgan holda yuborilishi joriy qilindi.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda maktab va Qurolli kuchlar hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda
qo‘shma qaror ishlab chiqilib, Respublikaning olis hududlaridagi 515 ta umumta’lim maktabi
hududiy harbiy prokurorlarga biriktirildi.

O‘quvchilarda vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish, yosh avlodni bugungi
axborot makonida mavjud tahdidlardan himoya qilish, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar va shart-sharoitlar haqidagi mavzularda 654 marta “Prokurorlik soatlari” o‘tkazildi.

Shuningdek, yoshlar muammolarini o‘rganish, ularning bandligini ta’minlash, harbiy xizmatga qiziqtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida muntazam ravishda “Harbiy prokuror va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etib kelinmoqda.

Profilaktik hisobda turuvchi va tarbiyasi og‘ir yoshlar harbiy prokuratura xodimlariga biriktirilib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yot va zararli g‘oyalarga qarshi barqaror immunitetini shakllantirish bo‘yicha nazariy va amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Harbiy xizmatchilarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jangovar ruhini ko‘tarish, qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish maqsadida Qurolli kuchlar vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, mazkur dastur asosida 3 ming 968 ta qonunchilik targ‘iboti tadbiri o‘tkazildi.

Xulq-atvorida salbiy o‘zgarish kuzatilgan xodimlarni jamoatchilik ta’siri vositasida tarbiyalash maqsadida prokuratura organlari faxriylari va jamoa orasida alohida hurmat qozongan va ko‘p yillik mehnat stajiga ega xodimlardan iborat tarkibda Odob-axloq kengashi tashkil etildi.

Xodimlarni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazoga tortish masalasi yuzasidan taklif kiritish, kadrlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash va ozod qilish haqida xulosa berish vakolatlariga
ega Malaka kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda o‘quv dasturi ishlab chiqilib, fevral oyidan xodimlarning akademiyada tahsil olishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada huquqni qo‘llash amaliyoti bilan ta’limning bog‘liqligi ta’minlanib, ilmiy va amaliyotchi xodimlar o‘rtasida tizimli ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.

Harbiy prokuratura xodimlarining kasbiy ko‘nikmalari, shu jumladan, tizimli tahlil qilish va tanqidiy fikrlashi bo‘yicha faoliyatining samaradorligini baholash maqsadida samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, xodimlar o‘rtasida muhokamaga qo‘yildi.

Sohaga ilg‘or xorij tajribasini tatbiq etish maqsadida joriy yilning 27 fevral – 3 mart kunlari Koreya Respublikasiga tashrif amalga oshirildi. Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilib, jinoyatlarni tergov qilishda zamonaviy kriminalistik vositalarni tatbiq qilish, bu borada tajriba almashishda idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqboli bo‘yicha fikrlar almashildi.

Ilg‘or xorijiy tajriba tahlil qilingan holda, harbiy jinoyatlarni tergov qilishning yagona uslubiyotini yaratish maqsadida “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarni tergov qilish” uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi.

Botir QUDRATXO‘JAYEV,
Bosh prokuror o‘rinbosari –
O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori,
adliya polkovnigi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here