Jinoyat qonunchiligida jazoni yengillashtiruvchi holatlar tushunchasi nazarda tutilmasa-da, jazoni individuallashtirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Buni O‘zbekiston Jinoyat kodeksi (JK)ning 54-moddasi 2-qismida yengillashtiruvchi holatlar jazoni individuallashtirish qoidalarining alohida guruhiga ajratib qo‘yilganidan ham ko‘rish mumkin.
Jazoni yengillashtiruvchi holatlar tushunchasining belgilab olinishi tadqiq qilinayotgan holatlarning huquqiy tabiatini ochib berish uchun zarur. Bu borada L. Kruglikov haqli ta’kidlaganidek, na hozirgi, na avval amal qilgan qonunchilikda yengillashtiruvchi holatlar tushunchasiga ta’rif nazarda tutilmaganligi ularning huquqiy tabiati hamda mohiyatining tushunilishini qiyinlashtiradi.
Jinoyat huquqi nazariyasida jazoni yengillashtiruvchi holatlarning huquqiy tabiati, mohiyati hamda roli, shu jumladan, ularni qanday nomlash masalasi ham munozarali sanaladi. Sababi mazkur holatlarning qanday nomlanishi ham ularning mohiyati va huquqiy tabiatiga doir ko‘p qirralarini ochib beradi. Ushbu holatlarning huquqiy tabiatini belgilash uchun olimlar turlicha atamalarni qo‘llashadi.
Biroq nazariyada ko‘p hollarda A. Ivanova hamda L. Kruglikov kabi mualliflar tomonidan ushbu holatlar “javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar”, shuningdek, bir guruh olimlar tomonidan “jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar” sifatida ko‘rib chiqiladi.
Jazoni yengillashtiruvchi holatlar huquqiy tabiatining aniqlanishi birinchi navbatda ularning qanday hodisalar doirasiga mansubligi, vujudga kelishi va taraqqiyoti bosqichlari, va nihoyat, ularning aloqalari hamda munosabatlari, roli, jazo tayinlashning mezonlari tizimidagi o‘rni qandayligi belgilab olinishini bildiradi.
Yengillashtiruvchi holatlarning huquqiy tabiati hamda mohiyatini yaxshiroq anglash uchun ularni jinoyat huquqining alohida instituti sifatida ko‘rib chiqish hamda tegishli ro‘yxatga kiritish imkonini beradigan o‘ziga xos belgilarini aniqlab olish zarur.
Shunisi e’tiborga loyiqki, tadqiq etilayotgan holatlarning zarur belgilari borasida ham nazariyada yakdil fikr mavjud emas.
Bu borada L. Kruglikov tadqiq etilayotgan holatlarning zaruriy belgilari sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatadi: a) holatning ko‘p jinoyatlarga xos emasligi; b) jazoga o‘tkaziladigan ta’sirning jiddiyligi; v) tipiklik, ya’ni ma’lum bir tipga xoslik; g) jazoga ta’sirning majburiyligi (qat’iyligi); d) ta’sirning qat’iy yo‘naltirilganligi; y) boshqa holatlardan kelib chiqmasligi.
L. Dolinenkoning fikricha, yengillashtiruvchi holatlarning eng muhim belgilari ta’sirining qat’iyligi va ma’lum bir yo‘nalishga qaratilgani sanaladi hamda ushbu belgilar tergov-sud amaliyotida hisobga olinadigan barcha yengillashtiruvchi holatlargaxosdir. Ushbu fikrni O. Myasnikov adolatli ravishda tanqid qiladi. Uning nuqtayi nazaricha, ta’sirning qat’iyligidan iborat yengillashtiruvchi holatlarning belgisi faqatgina qonundagi ro‘yxatga kiritilgan holatlarga taalluqli bo‘lib, yengillashtiruvchi holatlarning ushbu ochiq ro‘yxati asosida hisobga olinadigan holatlar uchun xos emas.
Haqiqatan ham, JKning 55-moddasi birinchi qismida ro‘yxatda nazarda tutilmagan holatlarni yengillashtiruvchi deb topish istagi faqatgina sudyaning ixtiyoriga tegishlidir. Shu sababdan biz ham L. Kruglikov keltirgan barcha belgilarni qamrab olgan holatlarnigina JKning 55-moddasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aks ettirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Ushbu belgilardan hech bo‘lmasa bittasiga ega bo‘lmagan yengillashtiruvchi holatni qonunga kiritmaslik lozim.
L. Kruglikov bildirgan fikrning aksini E. Batbayar ilgari suradi. U jinoyat tarkibiga kiritilgan yengillashtiruvchi holatlarni tahlil qilar ekan, ushbu holatlarga quyidagi xususiyatlar xos deb hisoblaydi: a) ular jinoyat tarkibining boshqa belgilaridan kelib chiqishi mumkin; b) ularning ro‘yxati qat’iy, ya’ni yopiq bo‘lishi lozim, aks holda jinoyat tarkibining yo‘naltirilganiga doir talab buzilib, javobgarlikni differensiatsiya qilish subyektining almashib qolishi xavfi yuzaga keladi.
Amaldagi JKda jazoni yengillashtiruvchi holatlar aynan “Jazo va uni tayinlash” deb nomlangan Umumiy qismning to‘rtinchi bo‘limidan o‘rin olganiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qonun chiqaruvchi birinchi navbatda mazkur holatlarning aynan jazoga ta’siriga urg‘u bergan. Biroq har doim ham bunday bo‘lmagan. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1959-yil 21-mayda qabul qilinib, 1960-yil 1-yanvardan amalga kiritilgan O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 37-moddasida (Jazo tayinlashning umumiy asoslari), 38-moddasida “javobgarlikni yengillashtiradigan holatlar” hamda 39-moddasida “javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlar” tushunchasi qo‘llangani holda, ushbu holatlarning mohiyati amaldagi JKda qayd etilgan bunday holatlarning mohiyatiga nisbatan kengroq bo‘lgan deb hisoblashga asos bo‘ladi.
Umuman olganda, sovet davri yuridik adabiyotlarida yengillashtiruvchi holatlarning huquqiy tabiatiga doir quyidagi qarashlar ko‘proq tilga olinadi:
1) yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarning mohiyati ularning sud tomonidan belgilanadigan jazoni yengillashtirishi yoxud og‘irlashtirishida namoyon bo‘ladi;
2) mazkur holatlar to‘g‘risida qilmishning ijtimoiy xavfliligini yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida so‘z yuritish to‘g‘riroq bo‘lar edi;
3) yengillashtiruvchi holatlar aybning darajasiga ta’sir o‘tkazadi;
4) ushbu holatlarning nomlanishiga nisbatan aynan “javobgarlikni yengillashtiradigan holatlar” hamda “javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlar” tushunchasi qo‘llanilishi muvaffaqiyatliroq sanalib, qolgan atamalar ko‘rib chiqilayotgan holatlarning haqiqiy mazmunini toraytirib ko‘rsatadi. Sababi ushbu holatlarning ahamiyati aybning darajasi, jazo chorasi va sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga ta’siri bilan cheklanib qolmasdan, bir qator yengillashtiruvchi holatlarning aniqlanishi aybdorning jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi uchun asos vazifasini o‘tashi mumkin.
Ayrim olimlar esa qayd etilgan holatlarning “jazoni yengillashtiradigan holatlar» hamda “jazoni og‘irlashtiradigan holatlar” deb nomlanishini qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘z nuqtayi nazarini bunday nomlash sudlarni aynan jazo tayinlashda tilga olingan holatlarning e’tiborga olinishiga yo‘naltirishi bilan izohlaydi.
Boshqa bir guruh olimlar esa, tadqiq qilinayotgan holatlarning jinoiy javobgarlik bilan bog‘lanishiga qarshi chiqqan holda, o‘z qarashlarini, birinchidan, yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni nazarda tutgan moddalar batamom jazo tayinlash masalalariga bag‘ishlangani, ikkinchidan, jinoiy javobgarlik ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi mumkin emasligi, u mavjud bo‘lishi yoki mavjud bo‘lmasligi bilan asoslaydilar.
Yuqoridagi yondashuvga o‘z qarshiligini bildirgan boshqa bir guruh olimlar, aynan “javobgarlikni yengillashtiruvchi” va “javobgarlikni og‘irlashtiruvchi” holatlar “jazoni individuallashtirish”ga nisbatan kengroq tushuncha sanalgan javobgarlikni individuallashtirish vositasi sanalishi bilan bir paytda, ularning ta’sir doirasi jinoyat qonunining “jazo tayinlashning umumiy asoslari” hamda “jazoni yengillashtiruvchi» holatlarni qamrab olgan moddalaridan tashqariga chiqishi lozim. Shu bois tadqiq etilayotgan holatlarga aynan “javobgarlikni yengillashtiruvchi» va “javobgarlikni og‘irlashtiruvchi” holatlar atamalari qo‘llanilishi maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Ma’lumki, jazoni yengillashtiruvchi holatlar nafaqat JK Umumiy qismida, balki Maxsus qismida ham tilga olinadi. Bunda jinoyat qonunining ikkala qismida nazarda tutilgan holatlarning ham bir xil nomlanishi nazariyada ushbu holatlarning huquqiy tabiati to‘g‘risidagi munozaralarga sabab bo‘ladi. L. Dolinenko, Y. Melnikova ushbu holatlar yagona huquqiy tabiatga ega desa, L. Kruglikov ularning huquqiy tabiati turlicha deb ta’kidlaydi. O‘z navbatida, Y. Krasikov hamda P. Serkov esa yengillashtiruvchi holatlarni ushbu turlarining tabiati turlicha biroq shunga qaramasdan ular bir xil yo‘nalishga ega deb hisoblaydilar.
Ularning bir xil yo‘nalishga ega ekani, ikkala guruh holatlarining ham sodir qilingan qilmish, aybdorning shaxsi bilan o‘zaro bog‘liqligi va javobgarlik hajmiga hamda jazo miqdoriga ta’sir o‘tkazishida ko‘rinadi. Ya’ni, JK Umumiy qismida nazarda tutilgan holatlar jinoyat va jinoyatchi shaxsining ijtimoiy xavfliligining aniq darajasi belgilanishiga, biron-bir jinoyat turi uchun nazarda tutilgan sanksiya doirasida jazoning turi va miqdoriga ta’sir o‘tkazadi. JK Maxsus qismida nazarda tutilgan ikkinchi tur holatlari esa boshqa holatlar bilan birga jinoyatning zaruriy belgilari qatoriga kirgan holda, jinoyatning JK Maxsus qismi moddalarida aks etgan sifat tavsifini tashkil etadi. Ularning bir xil yo‘nalishga egaligi, ushbu holatlarning JK qaysi qismida (Umumiy yoki Maxsus qismida) aks etganidan qat’i nazar, jazo miqdori yoki muddatini kamaytirishga qaratilgan. Umumiy qismda nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlar jinoyatchi javobgarligining yengillashuviga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Chunki odil sudlov organlari jazoni individuallashtirish masalasini hal qilishda ushbu holatlarni hisobga olishga majbur.
M. Ushakova ham ushbu holatlar huquqiy tabiatining yagonaligi to‘g‘risidagi fikrni ma’qulroq deb hisoblagan holda, JK Maxsus qismida nazarda tutilgan holatlarning tabiati ikki taraflama deb ta’kidlaydi.
Bir tarafdan, ular jinoyat tarkibiga kiradi va tabiiyki, jinoyat belgilarining ayrim jihatlarining majmuiga ega bo‘ladi. Ularning qilmishni kvalifikatsiya qilishga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi zaruriyat tufayli aniq bir jinoyat-huquqiy norma dispozitsiyasining butun o‘ziga xosligini aks ettiradigan yangi sanksiyani vujudga keltiradi. Boshqa tarafdan, ushbu holatlar zaruriyat hamda u yoki bu ijtimoiy xavfli qilmishni jinoyat deb topish uchun tavsiflarning yetarliligi nuqtayi nazaridan majburiy sanalmasdan, asosiy tarkib belgilariga o‘ziga xos qo‘shimchani tashkil qiladi. Ushbu holatlar huquqiy tabiatining ikki taraflamaligi ushbu holatlarning: 1) jinoyat tarkibining belgilari sanalishi; 2) asosiy tarkibga zaruriy qo‘shimcha sifatida namoyon bo‘lishida ifodalanadi.
O‘z navbatida, jazoni yengillashtiruvchi hamda og‘irlashtiruvchi holatlarning yuridik tabiati haqida mulohaza yuritar ekan, E. Kaburneyev qayd etilgan holatlar yuzasidan jazoni individuallashtirishning mezonlari hamda aniq bir shaxsning javobgarligi masalasini hal qilishda sud tomonidan qo‘llaniladigan vositalar ekaniga e’tibor qaratadi. T. Bessonova esa, jazoni yengillashtiruvchi holatlar jinoyat tarkibidan tashqariga chiqsa-da, biroq muhimi moddiy-huquqiy tabiatga ega ekanini ta’kidlaydi.
Yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar jinoyat qonunining ham Umumiy, ham Maxsus qismida tilga olinishiga asoslanib, L. Dolinenko mazkur holatlarni ikki guruhga ajratadi:
1) imtiyozli (yengillashtiruvchi holatlarni ko‘zda tutgan) va kvalifikatsiyalovchi (og‘irlashtiruvchi holatlarni nazarda tutgan) jinoyat tarkibining belgisi sifatida kiritilgan holatlar;
2) jinoyat qonunining Umumiy qismida ro‘yxati keltirilgan moddalarda o‘z aksini topgan hamda jazo chorasini tanlashga ta’sir o‘tkazuvchi holatlar.
L. Dolinenko tomonidan keltirilgan tasnif borasida O. Mixal yuqoridagi ikkala guruhga doir holatlarning huquqiy tabiati turlicha ekani borasida to‘xtalib, xususan, birinchi guruhga doir holatlar jinoiy javobgarlikni differensiatsiyalash vositasi, ikkinchi guruhdagi holatlar esa jazoni individuallashtirish usuli sifatida namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi. Shuningdek, u o‘z yakuniy xulosasi sifatida qayd etishicha, javobgarlik va jazoning individuallashtirilishi hamda differensiatsiyalanishiga bevosita ta’sir etar ekan, jinoyatlar xususiy tasnifining turi sifatida yengillashtiruvchi holatlar qilmishning ijtimoiy xavfini belgilab beradi. Yagona va butun bir tizim sifatida namoyon bo‘lar ekan, mazkur holatlar bir tarafdan jinoiy javobgarlik va jazoni yengillashtirishning asosi hisoblansa, boshqa tarafdan qilmishning xarakteri va ijtimoiy zararining darajasi hamda uni sodir qilgan shaxsning shaxsini hisobga olgan holda tegishli qilmishni kriminallashtirish, ya’ni jinoiy tus berishning zaruriy sharti sanaladi.
Jazoni yengillashtiruvchi holatlar hamda JK Maxsus qismida nazarda tutilgan holatlar huquqiy tabiatining to‘g‘ri belgilanishi bir xil nomdagi ushbu holatlarni ikki marotaba hisobga olish masalasini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Jinoyat kodeksida ayrim yengillashtiruvchi holatlar bir paytning o‘zida ham JKning 55-moddasida, ham Maxsus qism normasining dispozitsiyasida nazarda tutiladi. Jinoyat huquqi nazariyasida bu borada yakdil fikr mavjud emas. Bir qator mualliflarning fikricha, jinoyat tarkibining belgisi sifatida nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlar keyinchalik jazo chorasiga ta’sir o‘tkazmasligi lozim. Boshqa mualliflarning ta’kidlashicha, aksincha ushbu holatlar takroran, ya’ni ikki marotaba hisobga olinishi mumkin va hattoki zarur.
Ham Umumiy, ham Maxsus qismda nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlarni ikki marotaba hisobga olib bo‘lmasligini P. Serkov quyidagi ikki sabab bilan izohlaydi. Birinchidan, ushbu holatlar yagona hodisaning ko‘rinishlari sanalishi bois ularning qayerda joylashuvidan qat’iy nazar, ular bir paytning o‘zida qo‘llanishi mumkin emas. Ikkinchidan, ushbu holatda jinoyat-huquqiy normalarning raqobati haqida so‘z ketib, JKning Umumiy qismida nazarda tutilgan holatlar umumiy, yengillashtiruvchi holatni belgi sifatida o‘z ichiga olgan JK Maxsus qismi moddasi esa maxsus norma sanaladi. Kvalifikatsiya qilish nazariyasida umum tan olingan qoidaga muvofiq jinoyat-huquqiy normalarning yuqoridagi raqobatida maxsus norma qo‘llanadi.
Ushbu masalada JKning 55-moddasi 2-qismida “yengillashtiruvchi holat ushbu kodeks Maxsus qismining moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jazo tayinlashda hisobga olinmaydi” deya aniq belgilab qo‘yish orqali qonun chiqaruvchi bu boradagi o‘z nuqtayi nazarini aks ettiradi.
Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib, jazoni yengillashtiruvchi holatlarning mohiyati va huquqiy tabiati to‘g‘risida quyidagi xulosaga kelish, xususan, ayrim olimlar ilgari surgan fikrlarni tasdiqlash mumkin deb hisoblaymiz.
Birinchidan, tadqiq etilayotgan holatlarning amaldagi jinoyat qonunidagi nomlanishi ushbu holatlarning huquqiy tabiatini to‘liqroq aks ettiradi. Shu bilan birga, bu qonun chiqaruvchining pozitsiyasi bilan ham bevosita bog‘liq deb hisoblaymiz. Avvalgi jinoyat qonunida qo‘llangan “javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar” atamasi o‘sha davrdagi mazkur holatlarning ko‘proq jinoiy javobgarlik instituti bilan munosabatini aks ettirgan bo‘lsa, amaldagi jinoyat qonunida “jazoni yengillashtiruvchi holatlar”ning JK Umumiy qismining jazo tayinlashga doir bo‘limiga kiritilgani, shubhasiz, mazkur holatlarning javobgarlikni hal qilish davomida emas, balki aynan sud tomonidan jazo tayinlash paytida hisobga olinishini anglatadi. Bundan tashqari, haqiqatan ham javobgarlikni yengillashtirish yoki og‘irlashtirish mumkin emas, faqatgina jinoiy javobgarlikka tortish yoxud undan ozod qilish mumkin. Jinoiy jazo esa ham yengillashtirilishi, ham og‘irlashtirilishi mumkin.
Ikkinchidan, JKning 55-moddasi birinchi qismida aks etgan ayrim jazoni yengillashtiruvchi holatlarning bevosita jinoiy javobgarlik institutiga ta’sirini ham rad qilib bo‘lmaydi. Xususan, JKning 66-moddasi birinchi qismiga muvofiq ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa, javobgarlikdan, xuddi shuningdek, JKning 71-moddasi birinchi qismiga asosan jazodan ham ozod qilinishi mumkin.
Uchinchidan, ushbu holatlar sodir qilingan qilmish hamda aybdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mohiyatini tashkil qilib, qolgan barcha vaziyatlar, jumladan tergovchi, prokuror, mehnat jamoasining nuqtayi nazari yengillashtiruvchi holatlar tushunchasining mazmuniga aloqasi yo‘q.
To‘rtinchidan, jazoni yengillashtiruvchi holatlar ayni paytda qilmish ijtimoiy xavflilik darajasining kamaytirilishiga sabab bo‘ladi va javobgarlikni emas, aynan jazoni yengillashtirish yo‘nalishida individuallashtirish vositasi sanaladi.
Beshinchidan, jinoyat qonunining Umumiy hamda Maxsus qismida nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlar bir xil huquqiy tabiatga ega bo‘lib, Umumiy qismda nazarda tutilgan holatlarning huquqiy tabiati ularning jazoni individuallashtirishni ta’minlashida, Maxsus qismda nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlarning huquqiy tabiati esa ushbu holatlarning qonun chiqaruvchi tomonidan nisbatan yengilroq jinoyat tarkiblarining tuzilishida, demakki, jinoyatning asosiy tarkibida nazarda tutilgan jazoga tortish chegaralariga nisbatan jazoning nisbatan yengilroq chegaralarining belgilanishida qo‘llanishi, ijtimoiy xavflilik darajasini kamaytirishi, shu orqali jinoyat huquqida javobgarlikni differensiatsiya qilish vositasi hisoblanishida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, JKning 55-moddasida o‘z aksini topgan “jazoni yengillashtiruvchi holatlar” hamda 57-moddada nazarda tutilgan “jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar” bir xil huquqiy tabiatga ega bo‘lib, “jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar” ham aslida mazmun jihatidan jazoni yengillashtiruvchi holatlarni aks ettirgani holda ushbu holatlarning jazoning turi va miqdoriga ta’siri kuchliroq, ya’ni keskinroq sanaladi. Har ikkala guruh holatlari huquqiy tabiatining birligi ularning har ikkisi ham jazoni yengillashtirishga qaratilganida ifodalanadi.
Fikrimizcha, qayd etilgan “jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar”ni “jazoni yengillashtiruvchi alohida holatlar” yoxud “jazoni yengillashtiruvchi maxsus holatlar” deb nomlash mazkur holatlar huquqiy tabiatining JKning 55-moddasida qayd etilgan “jazoni yengillashtiruvchi holatlar” bilan chambarchas bog‘liqligini, ya’ni jinoiy qilmish sodir etgan shaxsning ahvolini yaxshilashga qaratilganini yaqqolroq namoyon qilgan bo‘lar edi.
Bunyod ISLOMOV,
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi