Jinoyatlarni tergov qilishda jinoyat-protsessual qonunchiligiga asosan o‘tkaziladigan yuzlashtirish salmoqli o‘rin tutadi.

O‘zbekiston jinoyat-protsessual qonunchiligidagi har bir tergov harakatining o‘ziga xos jihatlari borligini inobatga olib, dastlab yuzlashtirishning mohiyati va rivojlanish bosqichlariga nazar tashlaymiz.

Jinoyat-protsessual huquq nazariyasida olimlar yuzlashtirishga turlicha yondashishgan. “Dastlabki tergovda so‘roq qilish taktikasi” monografiyasi mualliflari L. N. Karneyeva, S. Ordinskiy va S. Y. Rozenblit dastlabki tergovda yuzlashtirish metodologiyasiga yetarlicha e’tibor berib, qarama-qarshilikning protsessual tabiati haqida gapirib o‘tishgan: “protsessual nuqtayi nazardan yuzlashtirish ilgari so‘roq qilingan shaxslarni yana so‘roq qilishdan iborat, yuzlashtirish – so‘roqning bir turidir”1. Bu borada professor M. A. Chelsov2 singari ushbu mualliflar ham yuzlashtirishni ikkitadan ortiq odamni shaxsan so‘roq qilish imkoniyati sifatida tan olishadi.

Kriminalistika va jinoyat protsessi bo‘yicha XX asrda chop etilgan darslik va qo‘llanmalarning aksariyatida yuzlashtirishga so‘roqning bir turi sifatida qaraladi3. N. A. Selivanov esa yuzlashtirishni tergovchining xohishiga ko‘ra ayblanuvchi, gumon qilinuvchi, jabrlanuvchi va guvohlar orasida ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs o‘rtasida, agar ularning ko‘rsatmalarida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lsa, ularning har qanday kombinatsiyasi bilan amalga oshiriladigan tergov harakati sifatida belgilaydi4.

A. Filippov kriminalistika darsligida shunday ta’rif beradi: “Yuzlashtirish – ilgari bir xil fakt bo‘yicha so‘roq qilingan, ko‘rsatmalarida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lgan ikki shaxsni bir-birining ishtirokida bir vaqtning o‘zida so‘roq qilishdir”5.

A. Davletov va A. Solovyovning ta’kidlashicha, yuzlashtirishning protsessual tabiati masalasi so‘roqning bir turi sifatida qonun chiqaruvchi tomonidan hal qilinadi. Biroq qonun chiqaruvchi tomonidan ushbu atamaning ishlatilishi yuzlashtirish so‘roqning bir turi ekanligini hali isbotlamaydi.

Yuzlashtirishda so‘roq qilish shartlari guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchini so‘roq qilish tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining barcha talablariga javob bermaydi. Shuning uchun yuzlashtirish va so‘roq shartli ma’noda tushunilishi kerak.

Ilmiy-nazariy tomondan hodisani o‘rganish uchun ko‘p usullar qo‘llanadi. Ulardan biri – retrospektiv tahlil, ya’ni ma’lum bir vaqtda o‘zgargan ma’lumotlarni batafsil tahlil qilish6. Unda o‘tmishdagi biron-bir voqeadan hozirgi kungacha bo‘lgan davr hisobga olinadi. Shu narsa bizni yuzlashtirishning mohiyati, vujudga kelishi va tarixiy-huquqiy rivojlanishini o‘rganishga undaydi.

Yuzlashtirish tergov harakatiga oid protsessual qoidalar bugungi kunga qadar bir qator bosqichlardan o‘tgan. Tarixiy manbalarda mamlakatimiz hududidagi qadimgi davlatlarda jinoyat ishlari odat huquqi va shariat normalari asosida yuritilgani haqida ma’lumotlar bor7.

Shariat normalari musulmon huquqiga asoslangan bo‘lib, to‘rtta manba asosida (Qur’oni karim, hadislar, ijmo va qiyos) tartibga solingan8. Davlatda sud ishlari qozilar tomonidan olib borilgan, harbiy ishlarni esa harbiy qozilar ko‘rib chiqqan va bu davrlarda tergov yoki dastlabki tergov degan tushunchalar mavjud bo‘lmasdan, oliy sud hokimiyatining ish yurituvi xon va amirning qat’iy nazoratida bo‘lgan9.

Qozilarga aholi tomonidan asosan mulkiy huquqlarini tiklash yuzasidan qilingan shikoyatlar bo‘yicha tomonlarni yuzlashtirish eng muhim dalil vazifasini o‘tagan.

Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olganidan keyin jinoyat sudlov ishlarini yuritish sohasida bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan, biroq ularda sudlar tomonidan shariat va odat normalarining qo‘llanishi taqiqlanmagan10.

Keyinchalik 1922-yilda RSFSR Jinoyat-protsessual kodeksi, 1926- va 1929-yillarda O‘zbekiston SSRning Jinoyat-protsessual kodeksi qabul qilingan, ularda yuzlashtirish ham belgilangan.

Aynan ushbu protsessual qoidalar sud-tergov amaliyotida yuzlashtirishning 1959-yilgi O‘zbekiston SSR JPK11 qabul qilinishidan ham ilgariroq mavjud bo‘lganini, ammo amaliyotchilar uni so‘roq qilish tergov harakatining tarkibida o‘tkazib kelishganini tasdiqlaydi.

Qayd etish joizki, yuzlashtirishning tergov harakati maqomini olishi lozimligi, isbot qilish jarayonida uni o‘tkazishga zarurat sezilayotgani va uni jinoyat-protsessual qonuni orqali tartibga solish kerakligi bo‘yicha 1959-yilga qadar ham kriminalist va protsessualist olimlar fikr bildirishgan.

Xususan, 1961-yilda A. Davletov “Dastlabki tergovda yuzlashtirish” nomli nomzodlik dissertatsiyasida yuzlashtirish alohida tergov harakati bo‘lishi lozimligini va uning maqsad va vazifalarini asoslashga uringan12. Keyinchalik A. Solovyov yuzlashtirishni tergov va sudda o‘tkazish13 va V. Maksimov yuzlashtirishning nazariyasi va amaliyoti masalalarini yoritgan14.

Olimlarning fikriga ko‘ra aksariyat adabiyotlarda ushbu tergov harakati so‘roqning bir turi sifatida tan olinadi15. Ayrimlarida esa yuzlashtirish alohida tergov harakati sifatida amalga oshirilgani ko‘rsatilgan16.

Ushbu fikrlar yuzlashtirishning rivojlanish tendensiyalari so‘roq qilish tergov harakatidan boshlanadi va bu protsessual harakat so‘roq qilishning bir turi sifatida isbotlash jarayonida qo‘llab kelingan hamda keyinchalik uning maqsadi, hal etishi lozim bo‘lgan vazifalari doirasi kengayganidan so‘ng qonun chiqaruvchi tomonidan alohida tergov harakatiga ajratilgan degan fikrni qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.

Ta’kidlash joizki, O‘zSSRning 1959-yilgi JPKda yuzlashtirish tergov harakati maqomida belgilangan bo‘lsa-da, unga alohida bob ajratilmaganligi va boshqa tergov harakatlari bilan bitta bobga joylashtirilganligi sud-tergov amaliyotida uni faolroq qo‘llash imkonini pasaytirgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan JPKda 1959-yilgi JPKdan farqli o‘laroq yuzlashtirish tergov harakati alohida bobga ajratilib, uni o‘tkazish asoslari va tartibi mustahkamlab qo‘yildi. 1994-yilgi JPKning 13-bobidagi 122–124-moddalar yuzlashtirishga bag‘ishlangan.

1994-yilgi JPKning qabul qilinishi yuzlashtirishning mustaqil tergov harakati sifatidagi maqomini mustahkamladi hamda uning o‘tkazilish asoslari, isbot qilish jarayonida hal etishi lozim bo‘lgan vazifalari aniq belgilab berildi.

Xususan, JPKning 122-moddasida yuzlashtirish asoslari keltirilgan, unga ko‘ra:

“Yuzlashtirish ilgari so‘roq qilingan ikki shaxsning ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda bu qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun o‘tkaziladi.

Yuzlashtirishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvoh so‘roq qilinishi mumkin”.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, jinoyat protsessida yuzlashtirish tergov harakatining rivojlanish bosqichlari shartli ravishda quyidagilardan iborat bo‘lgan:

Birinchisi respublikamiz hududida ilk davlat tuzilmalari paydo bo‘lgan davrdan 1959-yilgacha bo‘lgan bosqich bo‘lib, ushbu davrda O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan davlatlarda sud ishlarini yuritish odat va shariat normalari asosida tartibga solingan va yuzlashtirish mustaqil protsessual harakat maqomiga ega bo‘lmasa-da, qozilar tomonidan so‘roqning bir ko‘rinishi sifatida amalga oshirilgan.

Ikkinchi bosqich 1959-yildan 1994-yilga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan bo‘lib, yuzlashtirish mustaqil tergov harakati sifatida O‘zSSRning 1959-yilgi JPK 139-moddasida tartibga solingan va unga alohida bob ajratilmasdan, tanib olish va ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatlari bilan bitta bobga joylashtirilgan.

Uchinchi bosqich 1994-yildan keyingi davrni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu davr O‘zbekistonning 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Jinoyat-protsessual kodeksi bilan bog‘liq.

Eng muhimi, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksida yuzlashtirish alohida tergov harakati sifatida ajratilib, uni o‘tkazish uchun asoslar
va uning obyektlari ancha kengaytirilgan. Bu esa yuzlashtirish tergov harakatining protsessual mustaqilligini ta’minlash bilan birga uning aniqroq tartibga solinishiga va sud-tergov amaliyotida kengroq qo‘llanishiga xizmat qilgan.

Shahobiddin G‘ANIYEV,
IIV Malaka oshirish instituti yuridik fanlar
kafedrasi katta o‘qituvchisi

 

1 Тактика допроса на предварительном следствии. / Л. М. Карнеева, С. С. Ордынский, С. Я. Розенблит. –М.: Госюриздат. 1958. – С. 176.

2 Чельцов М. А. Уголовный процесс. – М.: Госюриздат. 1951. – С. 44.

3 Бахарев Н. В. Очная ставка и тактика её производства при расследовании преступлений. Автореф. дис. канд. юрид. наук. – Казань, 1981. – 27 с.;Давлетов А. К. Очная ставка на предварительном следствии. Автореферат дис. канд. юрид. наук. – Л., 1961. – 16 с.; Максимов B. C. Теория и практика очной ставки на предварительном и судебном следствии. Автореф. дис. канд. юрид. наук. – Свердловск, 1975. – 21 с.; Соловьев А. В. Очная ставка на следствии и в суде. Автореф. дис. канд. юрид. наук. – М., 1968. – 17 с.

4 Селеванов Н. А.Справочная книга криминалиста. – М.: Издательство НОРМА, 2000. – С. 145.

5 Криминалистика: Учебник / Под ред. проф. А. Г. Филиппова. – М.: Юриспруденция, 2000. – С. 142.

6 https://innoter.com/articles/retrospektivnyy-analiz/.

7 Муродов Б. Б., Дўстмуродов У. И. Жиноят ишини тугатиш асосларининг вужудга келиши ва ривожланиш босқичлари // Ўзбекистон Ички ишлар вазирлиги академиясининг ахборотномаси. – 2017. – № 4. – 25-26-б.

8 Исҳоқов С. А. Мусулмон ҳуқуқи. – Т.: ИИВ академияси, 2012. – 41-51-б.

9 Қаранг: Бакиров Ф. Чор Туркистонида суд, шариат ва одат. – Т., 1967. – 30-б.

10 Қаранг: Чутбаев М. Р. Дастлабки терговда шахс ҳуқуқларини чеклаш масалаларини ҳуқуқий тартибга солишнинг ретроспектив таҳлили // Ўзбекистон Ички ишлар вазирлиги академиясининг ахборотномаси. – 2011. – № 4. – 85-б.

11 Қаранг: Уголовно-процессальный кодекс Узбекской ССР. –Т. 1978. – С.80.

12 Давлетов А. К. Очная ставка на предварительном следствии: дис. канд. юрид. наук. – Л. 1961. – 340 с.

13 Соловьев А. В. Очная ставка на следствии и в суде: дис. канд. юрид. наук. – М. 1968. – 253 с.

14 Максимов B. C. Теория и практика очной ставки на предварительном и судебном следствии: дис. канд. юрид. наук. – Свердловск, 1975. – 201 с.

15 Следственные действия [Электронный ресурс]: пособие / Ю. П. Шкаплеров, И. В. Данько. – Могилёв. институт МВД Респ. Беларусь, 2017. http://www.institutemvd.by/images/ NIO/Sledstvennie_deistvia_Shkaplerov_Danko.pdf.

16 Михайлов А. Е. Предъявление для опознания: Уголовно-процессуальный и криминалистический аспекты: Автореф. дисс. канд. юрид. наук.http://www.dslib.net/kriminal-process/predjavlenie-dlja-opoznanija-ugolovno-processualnyj-i-kriminalisticheskij-aspekty.html.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here