Ayollar jinoyatchiligi jamiyatga, uning institutlari va jamoalariga, ayniqsa oilaga, axloqiy-psixologik muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan murakkab hodisa. Shu munosabat bilan bugungi kunda ayollar jinoyatchiligining hozirgi tendensiyalari, manbalari va sabablarini o‘rganishga katta ehtiyoj sezilmoqda1.
Ko‘pchilik olimlar ayollarning jinoyat sodir etishiga maishiy zo‘ravonliklar sabab bo‘ladi deb hisoblashadi. Bu qarash bir jihatdan to‘g‘ri, ammo boshqa jihatlariga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, oila-turmush doirasidagi jinoyatlar, badanga shikast yetkazishning aksariyati maishiy zo‘ravonlik orqali sodir etiladi yoki bularni zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan shaxslar qiladi.
Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lgani kabi ba’zi ayollar toifasi mavjud. Bu toifadagi
ayollar haqiqiy jinoyatni “yaxshi ko‘radi”. So‘nggi bir necha yil davomida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollarning ko‘pchiligi haqiqiy jinoyat podkastlari, kitoblari va teleko‘rsatuvlarning muxlislaridir.
Tadqiqotchilar nima uchun ayollarni jinoyatlar, qotillik va zo‘rlash haqidagi ma’lumotlar shunchalik jalb qilishi haqida bir qancha nazariyalarni taklif qilishadi. Ayollar zo‘ravonlik jinoyatlari qurbonlarini juda yaxshi his qilishadi, chunki ayollarning o‘zlari ko‘pincha bunday jinoyatlarning qurboni bo‘lishadi. Masalan, AQShda har kuni kamida 3 nafar ayol intim sheriklari tomonidan o‘ldiriladi.
O‘zbekistonda esa har 10 nafar xotin-qizning biri qaysidir turdagi tayziq va zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda.
Olib borilgan tadqiqot davomida ma’lum bo‘ldiki, ayollar jinoyat tarixini tomosha qilish orqali o‘zlarida ayollar katarsisini boshdan kechiradilar.
Ayollar jinoyatchiligining ortib borayotgani onlayn tanishuvlarning o‘sishi bilan bir vaqtda va bir xil foizlarda bo‘layotgani hayratlanarli. Ayniqsa so‘nggi 10 yilda ijtimoiy tarmoqlar va tanishuv chatlari xorijda, xususan, O‘zbekistonda odamlarning tanishuvini juda tezlashtirib yubordi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tanishuv ayollar uchun hech qachon butunlay xavfsiz bo‘lmagan. Afsuski, bu tanishuvlar ba’zi o‘zbek oilalarining buzulishiga ham sabab bo‘lmoqda. Chunki aksar ayollar o‘zlari uchun deyarli noma’lum bo‘lgan erkaklar bilan ijtimoiy tarmoqlarda tanishib uchrashishmoqda. Bu bir tarafdan qaraganda qo‘rqinchli ham.
Bugungi kunda tanishuv chatlari va ijtimoiy tarmoqlarda “insonni ovlash” yoki romantik firibgarlik keng tarqaldi. Tanishuv ilovalari o‘z foydalanuvchilarini tekshirmaydi, lekin ko‘pchilik foydalanuvchilar buni xohlaydi. Bu esa ayollarga unchalik katta bo‘lmagan xavf tug‘diradi. Boshqa tomondan olganda ayollar o‘zlari bilan tanishgan insonlar yuzasidan zarurat tug‘ilganda havaskor detektivga aylanib izlanishlar qilishadi. Ular “Google” yoki boshqa qidiruv bazalari orqali o‘zlarida shubha uyg‘otgan odamlar haqida ma’lumot izlashadi. Shuningdek, tanishgan insonlarining surati haqiqatan ham ularnikimi yoki yo‘qligini ham tekshirishadi.
Raqamli asrda ayollar jinoyat sodir bo‘lmasligi uchun onlayn detektivga aylanishdi. Hamda ular aldanmayotganini aniqlash uchun o‘zlarining hiyla-nayrang qobiliyatlarini ham rivojlantirdilar.
Misol uchun, Jizzax viloyatida yashovchi “A” ismli ayol bir erkak bilan “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishadi. U bilan 2 yil davomida muntazam ravishda yozishib, yaqin munosabatda bo‘ladi.
Bu holatdan erkakning qonuniy xotini xabar topgach, “A”ning videolarini turmush o‘rtog‘ining telefonidan olib “Instagram” va “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida har xil tahqirlovchi izohlar bilan tarqatadi.
Bu mavzuni tahlil qilayotganimizning asosiy sababi yuqorida qayd etilgan tanishuv ilovalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pgina ayollar, qizlar begona shaxslar bilan tanishib, ular bilan muntazam ravishda, balki ma’lum bir muddat do‘stona munosabatda bo‘ladilar, aksariyat holatlarda ular o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Yoki bir oiladagi ayol o‘zining erini himoya qilish, ya’ni, “yomon ayollardan qaytarib olish” maqsadida u ayolning, qizning rasmlarini ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborishi mumkin. Shunday holatlar amaliyotda ko‘p uchramoqda. Qonunchiligimizda haqorat, tuhmat, shaxsiy daxlsizlik huquqini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Bu kabi muammolar faqat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda mavjud. Aynan shu jarayon ko‘pgina ayollarning bilib-bilmay jinoyat sodir etishlariga turtki bo‘lmoqda.
Avvalo inson sifatida o‘zligini anglagan, oila degan muqaddas dargohda nimalar qilishi zarurligi, farzandlarga tarbiyaning qaysi jihatlarini ko‘proq o‘rgatishi kerakligini anglagan xotin-qizlar, shukurki, jamiyatimizning katta qismini tashkil etadi.
Kamola QILICHOVA,
IIV akademiyasi
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim fakulteti
tayanch doktorantura mustaqil izlanuvchisi
1 “Prospects of Development ofscience and education” Published May 11, 2023 |105-p.