Dam olish vaqtining alohida turi hisoblanuvchi mehnat ta’tillarini olishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash xodimlarning mehnat munosabatlaridagi huquqlarini ustuvor darajada himoya qilishni ta’minlaydi.

Xodimlarning dam olish vaqti turlari ichida ta’tillarning o‘rni juda katta hisoblanadi. Buni ularning turlaridan ham ko‘rishimiz mumkin: mehnat ta’tillari, ijtimoiy ta’tillar, maxsus ta’tillar.

Yillik mehnat ta’tili – bu vaqtning shunday bir muayyan davriki, uning muddati qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilganidan kam bo‘lmaydi va har bir xodimga uzluksiz dam olish hamda mehnat qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda har yili beriladi. Ayni paytda yillik mehnat ta’tillari ta’tillarning boshqa turlari, xususan ijtimoiy ta’tillar, ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tillardan o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 133-moddasiga muvofiq, barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi.

Ish joyi (lavozimi) saqlanishi degan tushuncha mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqtida xodimni uning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazish mumkin emasligini, shuningdek u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ana shu muddat mobaynida ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin emasligini anglatadi. Xodim ta’tilda, shu jumladan mehnat ta’tilida bo‘lgan davrida belgilangan tartibda ariza berishga va o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini ta’til tugaguniga qadar bekor qilishga haqlidir.

Mehnat shartnomasi tuzgan hamda ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan har bir xodim muddati qonun hujjatlarida belgilangan yillik mehnat ta’tili olish huquqiga ega. Xodimlarning yillik mehnat ta’tili olish huquqi ish joyiga, bajaradigan mehnat vazifasiga, korxonada amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati asoslangan mulk shakliga, mehnat shartnomasi muddatiga, ish vaqti rejimiga va shu kabilarga bog‘liq emas.

Yillik mehnat ta’tili olish huquqidan o‘rindoshlik asosida ishlayotganlar ham asosiy, ham o‘rindoshlik ishi bo‘yicha, kasanachilik qilayotgan xodimlar, ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan shaxslar, mahalliy mehnat organlari tomonidan korxonalarga jamoat ishlarini bajarish uchun belgilab qo‘yilgan minimal ish joylari miqdori hisobidan yuborilgan xodimlar hamda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan boshqa shaxslar umumiy asoslarda foydalanadilar.

Demak, xodimga har qanday holda ham ish beruvchi haq to‘lanadigan yillik mehnat ta’tilini berishi shart, bunday ta’tilning eng kam muddati u yoki bu toifadagi xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan va kafolatlangandir.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida yillik mehnat ta’tillarining ikkita turi, ya’ni asosiy va qo‘shimcha ta’tillar belgilangan. Asosiy ta’til o‘z navbatida minimal asosiy ta’til hamda uzaytirilgan asosiy ta’tilga bo‘linadi.

Minimal asosiy ta’til qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan. Mehnat kodeksining 134-moddasiga binoan uning muddati har bir ish yilida o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak. Agar lokal normativ hujjatlarda yoki yakka tartibdagi shartnomaviy asosda yillik asosiy ta’til kalendar kunlar bilan belgilanadigan bo‘lsa, bunday hollarda ham ta’til davri kamida o‘n besh ish kuniga to‘g‘ri kelishi kerak.

Uzaytirilgan asosiy ta’til – muddati o‘n besh ish kunidan ko‘proq bo‘lgan asosiy ta’tillardir. Mehnat kodeksi 135-moddasining birinchi qismiga binoan yoshi va sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda muddati kamida 30 kalendar kundan iborat bo‘lgan yillik uzaytirilgan asosiy ta’til 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilanishi mumkin.

Mehnat vazifalarining o‘ziga xos jihatlari va xususiyatlarini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, amaldagi qonun hujjatlari boshqa ko‘pgina toifadagi xodimlarga ham yillik uzaytirilgan asosiy ta’til belgilashni nazarda tutadi.

Jumladan, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 82-moddasiga binoan mamlakatimizning amaldagi sud tizimiga mansub barcha sudyalarga har yili o‘ttiz kalendar kunidan iborat mehnat ta’tili beriladi.

Uzaytirilgan asosiy ta’til xususan:

— oliy ta’lim muassasalari, malaka oshirish institutlarining o‘qituvchilariga mudati 48 ish kunidan iborat bo‘lgan ta’til beriladi. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, mazkur ta’lim muassasalarining ma’muriyat va o‘quv-ilmiy bo‘limlari xodimlariga (rektorlar, direktorlar), ularning ilmiy va o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, ilmiy kotiblar, bo‘linmalar mudirlari, ilmiy bo‘limlar boshliqlari, ilmiy-tadqiqot bo‘limlari mudirlari, talabalarning ishlab chiqarish amaliyoti rahbarlari, uslubchilar, katta ilmiy xodimlar, ilmiy xodimlarga muddati 24 ish kunidan iborat yilik uzaytirilgan ta’til beriladi;

— maktablar va pedagogika bilim yurtlarining direktorlari, ilmiy bo‘limlar mudirlari, o‘qituvchilar, harbiy rahbarlar va maktab inspektorlari, kuni uzaytirilgan maktablar hamda maktablardagi kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachilari, maktab-internat tarbiyachilariga muddati 48 ish kunidan iborat; laborantlarga muddati 24 ish kunidan iborat; alohida rejimdagi maktablarining tarbiyachilariga muddati 48 ish kunidan iborat ta’til beriladi;

— bolalar bog‘chalarining mudirlari, tarbiyachilariga, to‘garak rahbarlariga, musiqa xodimlariga muddati 36 ish kunidan iborat ta’til beriladi;

— bolalar uylari hamda alohida rejimdagi bolalar bog‘chalari xodimlariga; direktorlari, ularning o‘quv-tarbiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, o‘qituvchilari, tarbiyachilari, to‘garak rahbarlari, musiqa xodimlari, mehnat ta’limi yo‘riqchilari, eshitish kabinetlari yo‘riqchilariga 48 ish kunidan iborat; bo‘linmalar, ustaxonalar mudirlari, vrachlar, feldsherlar, tibbiyot hamshiralari, enaga hamda kiyim-kechak, yotoq anjomlarini beruvchi xodimlarga 24 ish kunidan iborat ta’til beriladi;

— pedagogika va maktabgacha tarbiya uslubiyat kabinetlarining mudirlari, uslubiyatchilari va yo‘riqchilariga 36 ish kunidan iborat ta’til beriladi;

— maktabdan tashqari bolalar muassasalari direktorlariga 24 ish kunidan, shu muassasalardagi to‘garaklar rahbarlariga esa 36 ish kunidan iborat ta’til beriladi.

Yillik qo‘shimcha ta’til – ayrim toifadagi xodimlarga asosiy ta’til, shu jumladan uzaytirilgan asosiy ta’tildan tashqari beriladigan ta’tildir.

Oliy Majlisning “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida” 1995-yil 21-dekabrdagi qaroriga muvofiq, tegishli qonun qabul qilingunga qadar davlat organlari xizmatchilari uchun ilgari belgilangan ta’til muddati saqlanib qolgan.

Shuningdek, mehnat qonunchiligida ayrim toifa xodimlar uchun qo‘shimcha ta’tillar berish nazarda tutilgan va tegishli qonun hujjatlarida kafolatlangan.

Mehnat kodeksining 136-moddasiga muvofiq yillik qo‘shimcha ta’tillar:

— mehnat sharoiti noqulay va o‘ziga xos bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan xodimlarga (137-modda);

— og‘ir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga (138-modda);

— mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda, mehnat shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda beriladi.

Mehnat kodeksining 137-moddasida mehnat sharoiti noqulay va o‘ziga xos bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan xodimlarga qo‘shimcha ta’til berish ko‘zda tutilgan. Bunday qo‘shimcha ta’til odatda ish jarayonida sog‘lig‘iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va boshqa ishlab chiqarish omillari zararli ta’sir etadigan xodimlarga noqulay mehnat sharoitida ishlaganliklari uchun beriladi.

Korxonalarda qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ishlar, kasblar va lavozimlar ro‘yxati, ta’tillarning muddatlari, ularni berish tartibi va shartlari tarmoq kelishuvlari, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi. Agar bunday shartnomalar tuzilmaydigan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoxud xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Bu hujjatlar, albatta, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan Mehnat sharoitlarini baholash uslubiyati asosida belgilanadi.

Mehnat kodeksining 138-moddasida og‘ir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga yillik qo‘shimcha ta’til berish ko‘zda tutilgan.

Tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir va noqulay joylar ro‘yxati hamda yillik qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddati hukumat tomonidan belgilab qo‘yiladi. Tarmoq kelishuvlari, jamoa shartnomalarida tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay boshqa joylarda ham xodimlarga yillik qo‘shimcha ta’til berish nazarda tutilishi mumkin.

Ishning alohida tusdagi ekanligi, shuningdek o‘ta zaharli va o‘ta og‘ir mehnat sharoiti uchun qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddati, uni berish shartlari va tartibi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 1997-yil 11-martdagi 133-qaroriga muvofiq belgilangan. Shunday ishlardagi xodimlar uchun qo‘shimcha ta’tillarning eng kam muddati kamida 12 ish kuni etib belgilangan. Shuni ham aytish joizki, jamoa shartnomasi va kelishuvlarida bu muddat bundan ham ko‘proq qilib belgilanishi mumkin.

Yillik mehnat ta’tillarining aniq muddati korxonalarda lokal tartibda, shuningdek xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasida minimal asosiy ta’til, ayrim toifadagi xodimlar uchun esa uzaytirilgan asosiy ta’til muddatini, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan qo‘shimcha ta’tillarni inobatga olgan holda belgilanadi.

Dostonjon Murodullayev,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi