“Ultra vires” atamasi lotin tilidan “vakolat doirasidan tashqarida” deb tarjima qilinadi.

Anglo-sakson huquq tizimida “Ultra vires” doktrinasi vakolatlar (huquqlar)ga ega bo‘lmagan
holda amalga oshirilgan harakatlar hamda ushbu harakatlarning huquqiy oqibatlarini belgilab beruvchi qoidalar yig‘indisini bildiradi1.

Bunda nafaqat jismoniy shaxslar, jumladan, kompaniyaning yakka tartibdagi yoki kollegial ijro etuvchi organi vakolatlari, balki yuridik shaxs bo‘lgan kompaniyaning yoxud davlat organlarining ham vakolatlari nazarda tutiladi.

Anglo-sakson huquq tizimida vakolatlar (huquqlar) doirasidagi harakatlar uchun “Intra vires” (vakolatlar doirasida) atamasi qo‘llaniladi. Ushbu harakatlar uchinchi shaxslar uchun haqiqiy hisoblanadi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqaradi.

Aksincha, vakolatlar doirasidan tashqaridagi harakatlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emas, shu jumladan, uchinchi shaxslar uchun ham huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi. Bunda vakolatlar shartnoma, ishonchnoma, kompaniyaning ta’sis hujjatlari, faoliyatni tartibga soluvchi maxsus qonun hamda boshqa me’yoriy hujjatlar bilan belgilangan bo‘lishi mumkin.

Jumladan, jamiyat direktori, boshqaruv a’zolari yoki ishonchli boshqaruvchi huquq va majburiyatlarining bir yillik shartnomada belgilanishi vakolatlarni shartnoma bilan cheklashga misol bo‘la oladi.

Vakolatlarni kompaniyaning ta’sis hujjatlari bilan cheklash jamiyat ustavi va ta’sis shartnomasi yoxud nizomi2 orqali amalga oshiriladi. Jumladan, ta’sis hujjatlarida yakka tartibdagi yoki kollegial ijro etuvchi organ vakolatlari cheklanishi, qolaversa, jamiyat shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lishi mumkin.

Bunga vakolatlarni tartibga soluvchi maxsus qonun hamda boshqa me’yoriy hujjatlar bilan cheklashga shug‘ullanish uchun litsenziya talab qilinishi, faqatgina yuridik shaxs tuzgan holda faoliyatni amalga oshirish majburiyati, asosiy faoliyat turidan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishning taqiqlanganligi3 misol bo‘la oladi.

Davlat organlari haqida gap ketganda, vakolatlar tegishli organlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarda belgilangan bo‘ladi.

Mazkur doktrina vakolatlarni cheklash belgilanishidan manfaatdor bo‘lgan shaxslar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, ularning ta’sischilari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kreditorlari manfaatlariga xizmat qiladi hamda buzilgan huquqlarni tiklash vositasi hisoblanadi.

“Ultra vires” doktrinasi korporativ huquq, konstitutsiyaviy huquq hamda ma’muriy huquq sohalarida qo‘llaniladi, ya’ni mazkur doktrinadan nafaqat shartnoma va kompaniya ijro etuvchi organi (yakka tartibdagi yoki kollegial), balki davlat mansabdorlarining xatti-harakatlariga baho berishda ham foydalaniladi.

Jumladan, korporativ huquqda “Ultra vires” doktrinasi xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda ularning yakka tartibdagi yoki kollegial ijro organlarining huquq layoqati, ya’ni ma’lum bir yuridik oqibatlar keltirib chiqaruvchi harakatlarni yoki ma’lum bir faoliyat turini amalga oshirish huquqiga nisbatan qo‘llaniladi.

Konstitutsiyaviy huquqda “Ultra vires” doktrinasi turli darajadagi davlat organlarining vakolatlaridan kelib chiqqan holda qo‘llaniladi. Jumladan, AQSH va Kanada davlat boshqaruvining federativ shakliga amal qiladi. Ularda federal hamda mahalliy davlat organlari vakolatlari turlicha belgilangan bo‘lib, mahalliy davlat organlari vakolatlari doirasidan tashqarida amalga oshirilgan har qanday xatti-harakat “Ultra vires” doktrinasi doirasida haqiqiy emas deb topiladi.

Yana bir misol. Irlandiya konstitutsiyasining 15.2-moddasiga ko‘ra parlament (Oireachtas) Irlandiya Respublikasidagi yagona qonun chiqaruvchi organ hisoblanadi. Lekin boshqa organlar qonun osti normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqli. Biroq parlament tomonidan belgilangan siyosat hamda tamoyillardan tashqari yangi siyosat va tamoyillarni ishlab chiqishga boshqa organlar haqli emas. Parlament biron-bir yo‘nalishda siyosatni va tamoyillarni belgilash vakolatini boshqa organga berishi konstitutsiyaga zid keladi. Biroq Irlandiya konstitutsiyaviy huquqida parlament qabul qilgan har qanday qonunning konstitutsiyaga muvofiqligi isbot qilingunga qadar faraz qilinadi. Shunga ko‘ra parlamentdan boshqa davlat organlari tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar “Ultra vires” doktrinasi ta’siriga tushadi.

Buyuk Britaniya konstitutsiyaviy huquqida hozir bunday holatlar kuzatilmasa-da, “Ultra vires” doktrinasi parlament bilan kelishmagan holda qirol tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlariga nisbatan qo‘llanilgan.

Ma’muriy huquqda mazkur doktrina qonun osti me’yoriy hujjatlar yoki amalga oshirilgan xatti-harakatlar, ushbu hujjatlarni qabul qilgan yoki harakatlarni amalga oshirgan shaxsning vakolati doirasida ekani yoki me’yoriy hujjatni qabul qilishning qonunda belgilangan jarayoniga (birgalikda qabul qilish, kelishish va hokazo) amal qilinganligi nuqtayi nazaridan o‘rganiladi.

Hozir g‘arb mamlakatlarida “Ultra vires” doktrinasining qo‘llanilish doirasi sezilarli darajada qisqargan. Doktrina faqatgina notijorat tashkilotlar, shu jumladan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ijtimoiy tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ahamiyatga ega. G‘arb mamlakatlarida korxona ta’sischilari, aksiyadorlari yoxud kreditorlarini emas, balki uchinchi shaxslarning, ya’ni shartnomadagi kontragentlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish eng muhim vazifa deb qaralmoqda.

Yevropa ittifoqining 1968-yilda qabul qilingan birinchi direktivasi “Ultra vires” doktrinasining
uchinchi shaxslarga nisbatan amal qilishini bekor qilgan.

Direktivaga ko‘ra uchinchi shaxs bilan tuzilgan shartnomaning haqiqiyligi yuzasidan nizolashayotgan kompaniya o‘zining ta’sis hujjatlarida belgilangan cheklovlarni asos qilib ko‘rsatishga haqli emas. Bu qoida kompaniyaning boshqaruv organlari vakolatlariga nisbatan ham amal qiladi. Jumladan, direktivaning 9-moddasiga ko‘ra kompaniyaning boshqaruv organlari tomonidan amalga oshirilgan harakatlar, mazkur harakatlar kompaniyaning faoliyat turlarida nazarda tutilmagan taqdirda ham kompaniya uchun majburiydir, qonunda mazkur organlarga bunday vakolatlarni berish to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlangan holatlar bundan mustasno.

Ushbu norma kompaniya ijro organlarining vakolatlari kompaniya ta’sis hujjatlari va boshqa
hujjatlar bilan cheklanishi mumkin emas degan ma’noni anglatmaydi. Biroq vakolatlar doirasidan tashqarida sodir etilgan shartnomalar haqiqiy emasligini ham keltirib chiqarmaydi. Bunday holatlarda vakolatlar doirasidan chiqib tuzilgan bitimlar yuzasidan ko‘rilgan zararlarni qoplashga doir vakolat beruvchining vakolat berilgan shaxsga nisbatan da’vo taqdim etish huquqi kafolatlangan, ya’ni korporativ javobgarlik yuzaga keladi.

Vakolatdan tashqariga chiqqan holda tuzilgan shartnoma faqatgina uchinchi shaxs mazkur cheklashlarni bilgan va vijdonsizlik bilan harakatlangan holatlardagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Qolaversa, kontragentda shartnoma tuzilgan kompaniya ustavining mavjudligi kontragentning mazkur cheklovlardan xabardor ekanini anglatmasligi direktivada alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Direktiva bilan belgilab berilgan huquqiy normalar vaqt o‘tishi bilan xorijiy mamlakatlarning milliy qonunchiligiga implementatsiya qilingan.

Jumladan, Buyuk Britaniyada mazkur doktrina 1985-yilda “Kompaniyalar to‘g‘risida”gi qonun (Companies Act 1985) qabul qilinishiga qadar amalda bo‘lgan, qonun qabul qilinishi bilan esa “Ultra vires” doktrinasining tijorat tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilishi doirasi birmuncha toraygan.

Hozir korporativ huquq masalalari Buyuk Britaniyada “Kompaniyalar to‘g‘risida”gi 2006-yilgi qonun (Companies Act 2006) bilan tartibga solinadi. Doktrina bugungi kunda kuchini deyarli yo‘qotgan. Jumladan, qonuning 31 va 39-moddalariga ko‘ra kompaniyani tuzish maqsadlari hamda faoliyat yo‘nalishlarini ta’sis hujjatlarida aks ettirish talab etilmaydi, xayriya tashkilotlari bundan mustasno.

Shuningdek, kompaniya vakolatlarining uning ta’sis hujjatlari bilan chegaralangani yuzasidan nizolashishga yo‘l qo‘yilmaydi, xayriya tashkilotlari bundan mustasno.

Ayni vaqtda qonun hamda shakllangan sud amaliyotiga ko‘ra kompaniya boshqaruv organlari tomonidan kompaniya ta’sis hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasidan chiqqan holda tuzilgan bitim faqatgina bir holatda, ya’ni mazkur bitim kompaniya bilan uning boshqaruv organlari o‘rtasida tuzilgan holatda haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Germaniyaning 1965-yilda qabul qilingan “Aksiyadorlik tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunining 82-paragrafi birinchi qismida kompaniya ijro etuvchi organlarining uchinchi shaxslar oldidagi vakillik vakolatlari cheklanmaydi, ijro etuvchi or­ganlar o‘z vakolatlaridan tashqariga chiqib harakatlarni amalga oshirganda korporativ (ijro etuvchi organning kompaniya oldida, ya’ni vakolat berilgan shaxsning vakolat bergan shaxs oldida) javobgarligi kelib chiqishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur paragrafning ikkinchi qismida boshqaruv organlari o‘z faoliyatini amalga oshirishda ustavda, ijro etuvchi organning vakolatlarini belgilovchi boshqa hujjatlarda belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilishlari lozimligi ko‘rsatilgan.

Fransiyada vakolatlar masalasi Tijorat kodeksi bilan tartibga solinadi. Jumladan, Tijorat kodeksining L.225-moddasi 56-xatboshisida aksiyadorlik kompaniyasining ta’sis hujjatlaridagi ijro etuvchi organlar vakolatlariga doir cheklovlar uchinchi shaxslar uchun amal qilmasligi nazarda tutilgan. Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga doir L.223-moddasi 18-xatboshisida uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda jamiyatning ijro etuvchi organlari jamiyat nomidan har qanday harakatlarni amalga oshirishga haqli ekani ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, jamiyat ta’sis hujjatlaridagi ijro etuvchi organlar vakolatlariga doir cheklovlar uchinchi shaxslar uchun amal qilmasligi nazarda tutilgan.

AQSHning ba’zi shtatlarida bugungi kunda “Ultra vires” doktrinasi quyidagi faoliyat turlari bilan bog‘liq hollarda qo‘llaniladi:

1. Xayriya hamda siyosiy tadbirlarni moliyalashtirishga mablag‘ yo‘naltirish.

2. Boshqaruv organlari xodimlari, shu jumladan yakka tartibdagi yoki kollegial ijro etuvchi organlarga uchinchi shaxslar oldida kafolatlar berish.

3. Boshqaruv organlari xodimlari, shu jumladan yakka tartibdagi yoki kollegial ijro etuvchi organlarga qarz berish.

4. Nafaqalar, bonuslar, aksiyalarning opsion rejalari, ishdan bo‘shash nafaqasi hamda boshqa imtiyozlar.

5. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ulushlarini sotib olish.

6. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar safiga ta’sischi sifatida kirish.

Bundan tashqari, korporativ huquqda:

1. Estoppel4 tamoyiliga ko‘ra shartnomadagi bir tarafning o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishi ikkinchi tarafning “Ultra vires” doktrinasi himoyasidan foydalanishini istisno etadi.

2. Shartnomaviy majburiyatlarning shartnoma taraflari tomonidan bajarilishi manfaatdor shaxsning “Ultra vires” doktrinasi himoyasidan foydalanishini istisno etadi.

3. Shartnomaviy majburiyatlarni to‘liq bajarish imkoni mavjud bo‘lgan taqdirda “Ultra vires” doktrinasi himoyasidan foydalanmaslik talabini shartnoma taraflarining har qaysisi qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

4. Shartnomaviy majburiyatlar bir taraf vakillari tomonidan qisman bajarilib, Estoppel tamoyili himoyasidan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, ushbu tarafga da’vo arizasi orqali sudga zarar, shu jumladan boy berilgan foydani undirish haqida murojaat qilish huquqi kafolatlanadi.

5. Yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yurituvchi subyektning
mansabdor shaxsi yoki vakili (vakolat berilgan shaxs) tomonidan fuqarolik huquqiy qonun normalarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda vakolat beruvchi shaxslar “Ultra vires” doktrinasi himoyasidan foydalanish huquqiga ega emaslar.

Erkin iqtisodiyotga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lida ilg‘or xorijiy
davlatlar tajribasini o‘rganish albatta qo‘l keladi.

Bunda nafaqat xorijiy davlatlar qonunchiligi, balki sud amaliyoti hamda u yoki bu islohotlarning amalga oshirilishini taqozo etgan hodisalarni o‘rganishga ahamiyat berilishi lozim.

Ramzbek QURBONOV,
Sudyalar oliy maktabi mustaqil izlanuvchisi

 

1 The “Doctrine of Ultra Vires” and its subsequent development in the frame work of Company law -https://papers.ssrn.com/sol3/papers.cfm?abstract_id=1936728.

2 Ваколатхоналар ва филиаллар учун.

3 Ўзбекистон Республикасининг “Банклар ва банк фаолияти тўғрисида”ги қонуни (янги таҳрири)нинг 7-моддасига кўра, банклар бевосита ишлаб чиқариш, савдо, суғурта фаолияти ҳамда банклар ва банк фаолияти тўғрисидаги қонун ҳужжатларида назарда тутилган молиявий операцияларни амалга ошириш билан боғлиқ бўлмаган бошқа фаолият билан шуғулланишга ҳақли эмас // Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 06.11.2019 йил, 03/19/580/3994-сон.

4 Estoppel – англосаксон (умумий) ҳуқуқ тизимида вужудга келиб, бугунги кунда суд, шу жумладан халқаро арбитраж суди амалиётида кенг қўлланиладиган, бир-бирини инкор этувчи тарзда ҳаракатларни амалга оширишни тақиқловчи юридик норма бўлиб, унга кўра шахс муайян ҳолатларда ўз талабларини қўллаб-қувватлаш учун муайян фактларга мурожаат қилиш ҳуқуқини йўқотади.