Tovar belgisi va firma nomi bilan bog‘liq nizolar

0
493

Har bir biznes egasi firma nomi bilan birga tovar (xizmat ko‘rsatish) belgisiga ham ega bo‘lishni xohlaydi. Zero, biznesni samarali yuritish va iste’molchilarni jalb etishda tovar belgisining o‘z o‘rni bor.

Individullashtirish vositalari, shu jumladan tovar belgilari nafaqat sog‘lom raqobatni ta’minlashda, balki iste’molchilarning huquqlarini muhofaza qilishda ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Chunki iste’molchi o‘zi bilgan va sinovdan o‘tkazgan mahsulotni (xizmatni) olishni istaydi. Bunda asosiy farqlovchi vazifasini tovar belgilari bajaradi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, tovar belgisi ilk marta 1893-yilda qayd etilgan va u shveytsariyalik
shokolad ishlab chiqaruvchi “Russ Suchard et Cie”ga tegishli bo‘lgan. Tovar belgisining birinchi marta xalqaro miqyosda qayd etilishi ham Shveytsariyaning “Longines” soat firmasi tomonidan amalga oshirilgan.

XIX asr oxirlarida bir qancha davlatlar tovar belgisini huquqiy muhofaza qilishga doir qonunlar qabul qila boshladilar.

1857-yilda Fransiyada, 1874-yilda Prussiyada (1896-yilda u Germaniya qonuni sifatida o‘zgartirilgan), 1894-yilda Buyuk Britaniyada, 1870-yilda AQShda tovar belgilari to‘g‘risida qonunlar qabul qilingan1.

Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk obyektlariga, xususan, firma nomi, tovar belgisiga nisbatan huquqlari muhofazasini ta’minlash har qanday davlat uchun muhim vazifa hisoblanadi. Intellektual mulk obyektlarining samarali mexanizmlar orqali himoyalanganligi ushbu mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi hamda uning yirik investorlar oldida imijini mustahkamlaydi.

Fuqarolik muomalasida millionlab turli subyektlar ishtirok etadilar va bir vaqtning o‘zida milliardlab turli tovarlar va xizmatlar realizatsiya qilinadi. Shu sababli ham subyektlarni, ham ularning tovarlari va xizmatlarini identifikatsiyalashtirish (farqlash, ajratish) zarurati mavjud. Bu esa boshqalar uchun mo‘ljal vazifasini o‘taydi, aks holda subyektlar o‘rtasida normal munosabatlarni o‘rnatib bo‘lmaydi. Ushbu farqlash belgilari fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, ular ishlab chiqargan tovarlar, bajargan ishlar va ko‘rsatgan xizmatlarini individuallashtirish vositalari hisoblanadi2.

Hozirgi vaqtda respublikamizda tovar belgilari Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida tovar belgisi guvohnomasi beriladi.

Tovar belgisi va firma nomiga oid nizolarni ikki katta guruhga ajratish mumkin.

Birinchi guruhga fuqarolik muomalasi ishtirokchisi va davlat ma’muriy organi o‘rtasida kelib chiqadigan ma’muriy va fuqarolik huquqiy munosabatlarga oid nizolarni kiritish mumkin. Jumladan:

  • tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga talabnomani ko‘rib chiqish uchun qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq nizolar;
  • tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish bilan bog‘liq nizolar;
  • tovar belgisidan foydalanilmagani sababli uning huquqiy muhofazasini muddatidan oldin tugatish bilan bog‘liq nizolar;
  • firma nomini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish bilan bog‘liq nizolar;
  • firma nomi va tovar belgisidan noqonuniy foydalangani uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorlar bilan bog‘liq nizolar;
  • monopoliyaga qarshi organning firma nomiga mutlaq huquqni qo‘lga kiritish (firmalarni qo‘shib yuborish va boshqalar) bilan bog‘liq harakatlarni adolatsiz raqobat deb topish to‘g‘risidagi qarorlar bilan bog‘liq nizolar;
  • intellektual mulk bo‘yicha mas’ul idoraning tovar belgisini huquqiy himoya qilishni ta’minlash yoki tugatish bilan bog‘liq boshqa hujjatlari, qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar.

Ikkinchi guruhga fuqarolik muomalasi ishtirokchilari o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar, xususan shartnomaviy hamda shartnomadan tashqari vujudga keladigan munosabatlarda kelib chiqadigan nizolarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Bular jumlasiga:

  • firma nomi va tovar belgisiga bo‘lgan mutlaq huquqlarni buzganlik to‘g‘risidagi nizolar;
  • tovar belgisiga doir mutlaq huquqni o‘tkazish (tovar belgisini begonalashtirish) to‘g‘risidagi shartnomalar, firma nomi va tovar belgisidan foydalanish litsenziya shartnomalarini tuzish, ijro etish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq nizolar kiradi.

Individuallashtirish vositalariga doir nizolarga fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolik huquqiy munosabatlarga kiritish va tasarruf etishda yuzaga keladigan huquq subyektlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik deb ta’rif berish mumkin. Mazkur nizo turlarining ayrimlarini ko‘rib chiqish orqali ularning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilamiz.

Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2009-yil 24-iyundagi 72-son bilan tasdiqlangan Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish qoidalarida belgilangan.

Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 24-maydagi 1536-qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi hamda O‘zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi tashkil etilgan. 2019-yil 8-fevralda Prezidentning 4168-qarori bilan agentlik Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilgan va Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi etib qayta nomlangan. 2021-yil 28-yanvarda Prezidentning 4965-qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Intellektual mulk himoyasi markazlari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi 89-farmoni bilan Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlarining vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga o‘tkazilib, qo‘shib yuborildi.

Har qanday belgi tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilavermaydi – qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etish talab qilinadi. Qonun hujjatlariga ko‘ra, tovar belgisi muhofazaga layoqatli bo‘lgan taqdirdagina ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Talabnoma berilgan belgining muhofazaga layoqatliligi tovar belgisi sifatida uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan bo‘lgan belgilar majmuini aniqlaydigan yuridik xususiyatidir.

Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga talabnomani ko‘rib chiqish uchun qabul qilishni hamda tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga qo‘yidagi holatlar asos bo‘ladi:

  • taqdim etilgan hujjatlarning to‘liq bo‘lmaganligi va so‘ralgan hujjatlar va (yoki) ma’lumotlar talabnoma beruvchi tomonidan o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi;
  • davlat boji to‘lanmaganligi;
  • tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan belgilar mavjudligi.

Tovar belgisidan foydalanilmaganligi sababli uning huquqiy muhofazasini muddatidan oldin tugatishga doir nizolar amaliyotda yetarlicha uchrab turadi. Bunday nizolar aksariyat hollarda tadbirkorlik subyektlari o‘zining ancha tanilib qolgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lgan vaqtda kelib chiqadi. Boshqaruv organi tomonidan o‘xshash yoki aynan bir nomdagi tovar belgisi mavjudligi sababli rad etilgan hollarda, tadbirkorlik subyekti ushbu tovar belgisidan ancha yillardan beri foydalanilmagani sababli ushbu tovar belgisiga bo‘lgan muhofazani muddatidan oldin tugatishni talab qiladi.

Quyida ushbu toifadagi nizo bo‘yicha chiqarilgan sud qarori bilan tanishib, tahlil qilamiz.

Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2021-yil 28-may kuni da’vogar “Oltin tegirmon” MChJning javobgar F.Mavlyanov va uchinchi shaxs Intellektual mulk agentligiga nisbatan tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatish haqidagi da’vo arizasi yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2021-yil 23-mart kuni chiqargan hal qiluv qaroriga nisbatan javobgar
F.Mavlyanovning apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan3.

Ish hujjatlariga ko‘ra, da’vogar “Oltin tegirmon” MChJ sudda O‘zbekistonda eng yirik un ishlab chiqaruvchilardan hisoblanishini, asosiy ishlab chiqaradigan mahsuloti bug‘doy uni bo‘lib, “Oltin tegirmon” brendi ostida chiqarilishini va ushbu brend bilan iste’molchilar orasida tanilganini, uni Intellektual mulk agentligida tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qilinganda “Oltin tegirmon” tovar belgisining 2013-yil 16-mayda TXXK 30-klass raqami bilan MGU 26101-guvohnomaga asosan F.Mavlyanov nomiga ro‘yxatga olingani aniqlanganini ma’lum qilgan. Bu holat da’vogarga “Oltin tegirmon” tovar nomini O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazishiga to‘sqinlik qilgan. Davlat sertifikatlari reestriga ko‘ra, 2020-yilning oxiriga “Oltin tegirmon” nomi bilan tovar yoki mahsulotga hech qanday sertifikat berilmagan, Intellektual mulk agentligi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, “Oltin tegirmon” tovar nomidan foydalanish uchun litsenzion shartnomalar ro‘yxatga olinmagan, shuningdek, F.Mavlyanov tadbirkorlik subyekti emasligi va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmaganini keltirib o‘tgan. Da’vogar “Oltin tegirmon” MChJ esa uzoq yillardan beri “Oltin tegirmon” atamasidan foydalanib kelishini, ushbu atama un mahsulotini farqlash uchun zarurligini, mazkur nom nafaqat O‘zbekistonda, chet davlatlarda ham keng tarqalganini ma’lum qilib, Intellektual mulk agentligi tomonidan F.Mavlyanovga “Oltin tegirmon” tovar belgisiga berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.

Birinchi instansiya sudi da’voni qanoatlantirgan. Apellyatsiya sudi birinchi instansiya sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan va buni quyidagilar asosida izohlab bergan.

Birinchidan, Intellektual mulk agentligi tomonidan 2021-yil 18-martda berilgan 01-11/664-xatda “Oltin tegirmon” tovar belgisiga doir huquqning litsenzion shartnomaga asosan boshqa shaxsga o‘tkazilgani to‘g‘risidagi shartnoma agentlikda ro‘yxatga olinmagani ma’lum qilingan. Javobgar F. Mavlyanov “Etalon Food Company” MChJ bilan 2021-yil 4-yanvarda tuzilgan “tovar nomidan foydalanish huquqini beruvchi 1-litsenzion shartnoma”ni taqdim etgan bo‘lsa-da, ushbu shartnoma agentlikdan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lib, bunday holatni tovar belgisidan foydalanilgan deb hisoblab bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2020-yil 1-dekabrda berilgan 05/15-08212-xatda 2017-yildan 2020-yilning o‘tgan davriga qadar “Oltin tegirmon” markali unning “erkin muomalaga chiqarish” (eksport) bojxona rejimiga rasmiylashtirilgani to‘g‘risida ma’lumotlar qayd etilmagani ma’lum qilingan.

Uchinchidan, Olmazor tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan 2020-yil 3-dekabrda
berilgan 1/4-267/3-javob xatida Mavlyanov Farrux Adhamovich yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagani ma’lum qilingan.

Mazkur holatlar F.Mavlyanov tomonidan tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikatsiyasining
30-klassiga doir tovarlar uchun “Oltin tegirmon” tovar nomiga doir guvohnomadan foydalanilmaganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun:
Hozirda “Intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan barcha yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslar ham o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi belgilandi.

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi
qonunning 25-moddasi 3, 4-qismlariga ko‘ra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi amal qilgan oxirgi uch yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.

Ushbu toifadagi nizolarni hal etishda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratiladi:

1. Bahsli tovar belgisidan foydalanishda da’vogarning haqiqiy va asosli manfaatdorligi mavjudligi.

2. Javobgar ro‘yxatga olingan tovar belgisidan 3 yil davomida uzluksiz foydalanmayotganligi, shuningdek bunday foydalanmaslik uchun uzrli sabablarning mavjud yoki mavjud emasligi.

Mazkur misolda ushbu toifadagi nizo kelib chiqishiga aslida boshqa holat ham sabab bo‘lgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, firma nomida ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgilari ko‘rsatilmasligi lozim4.

Amaliyotda davlat xizmatlari markazlarida qonunning ushbu normasiga amal qilish imkoniyati mavjud emas. Shu sababdan firma nomida ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari) va belgilangan tartibda hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari)ni ko‘rsatmaslik chorasini amalda qo‘llash uchun Davlat xizmatlari markazlari va sobiq Intellektual mulk agentligi bazasini integratsiya qilish lozim. Hozir ikkila tuzilma ham Adliya vazirligining tarkibiy bo‘linmalari hisoblanishi ushbu jarayonlar uchun imkon yaratadi.

Shuningdek, qonun hujjatlarida taniqli firma nomlarini boshqa shaxslar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati istisno qilingan.

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tovar belgisiga talabnoma olingan sanadan oldin ushbu nomlarga bo‘lgan
huquqni qo‘lga kiritgan boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan taniqli firma nomlarini takrorlovchi belgilar bilan bir xil tovarlar belgilari tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Mazkur qoida ma’lum darajada firma egalari uchun himoya vazifasini o‘tashi mumkin edi, ammo qonun chiqaruvchi taniqli firma nomlarini ko‘rib chiqishni va ro‘yxatini tasdiqlash mexanizmini aniqlamagan, bu ko‘rsatilgan normani amalda qo‘llash imkoniyatidan mahrum qiladi5.

Tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolar dastlab Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kengash tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlariga nisbatan qabul qilingan qarorlar yuzasidan apellyatsiyalarni ko‘rib chiqadi6.

Ushbu toifadagi nizolarni o‘z vaqtida, adolatli va to‘g‘ri hal etish tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyatiga zamin yaratadi. Buning uchun yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, ayrim normalarning amalda qo‘llash mexanizmlarini ishlab chiqish hamda apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqishning xolisligi va shaffofligini ta’minlash muhim hisoblanadi.

Abdurasul ABDUSHEROZOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti

 

1 Интеллектуал мулк ҳуқуқи қонунчилигини такомиллаштириш: назария ва амалиёт муаммолари: Республика илмий-амалий конференцияси материаллари. – Т.: Юристлар малакасини ошириш маркази. 178 б.

2 Ўзбекистон Республикасининг фуқаролик кодексига шарҳ: Илмий шарҳлар. Т.3./ Ўзбекистон Республикаси Адлия вазирлиги. – Тошкент: Baktria press, 2013. 800 б.

3 https://public.sud.uz/#!/sign/civil.

4 http://sciencebox.uz/index.php/jars/article/view/1634.

5 Muhammad, Nasiruddeen and Mokhinur Bakhramova. «The role and importance of odr in modern business society.» ACADEMICIA: An International Multidisciplinary Research Journal 11.4 (2021): 1296-1304. https://indianjournals.com/ijor.aspx?target=ijor:aca&volume=11&issue=4&article=220.

6 Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktyabrdagi 856-qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi to‘g‘risida nizomning 5-bandi.