Tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi

0
159

O‘zbekiston Respublikasining demokratik, insonparvarlik mohiyati har bir insonning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini ta’minlashda ifodalanadi. Mamlakatimiz Konstitusiyasining bu sohada belgilangan ijtimoiy tadbirlari davlatimiz insonparvar tabiatining yorqin namoyishi hisoblanadi.

Konstitutsiyaning 40-moddasiga ko‘ra, har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Ushbu konstitutsiyaviy qoida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunida rivojlantirilib, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqi atroflicha tartibga solingan.

Ushbu qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari sog‘liqni saqlash borasida daxlsiz huquqqa egadirlar. Davlat yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqyeidan qat’i nazar fuqarolarning sog‘lig‘i saqlanishini ta’minlaydi.

Davlat fuqarolarda kasalliklarning har qanday shakllari borligidan qat’i nazar, ularning kamsitishlardan himoya qilinishini kafolatlaydi. Ushbu qoidani buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilishicha, fuqarolar sog‘liqqa ta’sir etuvchi omillar haqida, shu jumladan yashash hududining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to‘g‘risida, ovqatlanishning oqilona normalari xususida, tovarlar, ishlar, xizmatlar, ularning xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida o‘z vaqtida va aniq axborot olish huquqiga egadirlar.

Shuningdek, fuqarolar kasal bo‘lib qolganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda va boshqa hollarda fuqarolar profilaktik, tashxis qo‘yish, davolash, kuch-quvvatni tiklash, sanatoriya-kurort, protez-ortopediya yordami va boshqa xil yordamni, shuningdek, bemorlarni, mehnatga layoqatsiz va nogiron kishilarni boqish-parvarishlash yuzasidan ijtimoiy chora-tadbirlarni, shu jumladan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lashni o‘z ichiga oladigan tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga egalar.

Qonunga ko‘ra, fuqarolarning ayrim toifalari protezlar, ortopedik va moslama buyumlar, eshitish apparatlari, harakatlanish vositalari va boshqa maxsus vositalar bilan imtiyozli tarzda ta’minlanish, ixtisoslashgan sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot muassasalarida tibbiy ekspertizadan o‘tish huquqiga egadirlar.

Qonunda ayrim turdagi kasb-hunar bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash, yuqumli va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan ishlab chiqarishlar hamda ayrim kasblarning xodimlari ishga kirish vaqtida dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan hamda keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tib turadilar.

Ish beruvchilar o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.

Har bir fuqaro davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida oilaga taalluqli masalalar, o‘zida ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar bor-yo‘qligi  yuzasidan, nikoh va oila munosabatlarining tibbiy-ruhiy jihatlari yuzasidan bepul maslahatlar olish, shuningdek, tibbiy-irsiy hamda boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar olish va tekshiruvdan o‘tish huquqiga ega.

Bolali oilalar fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasida qonun hujjatlarida belgilagan imtiyozlardan foydalanadilar. Uch yoshga to‘lmagan bolalar, shuningdek, shifokorlarning xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha qarovga muhtoj bo‘lgan katta yoshdagi kasali og‘ir bolalar statsionar shifoxonada davolanayotganida ularning otasi yoki onasiga yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga davolash muassasasida uning yonida birga bo‘lishi uchun imkoniyat yaratiladi va mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.

Davlat voyaga yetmaganlarning sog‘liqni saqlash huquqlarini ularning jismoniy, ma’naviy rivojlanishi uchun, kasalliklarning oldini olish uchun eng qulay sharoit yaratish, shuningdek, maktabgacha tarbiya muassasalari, maktablar va boshqa  muassasalarda tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish orqali ta’minlaydi.

Voyaga yetmaganlar quyidagi huquqlarga ega: sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda dispanser nazoratida bo‘lish hamda bolalar va o‘smirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davolanish; sanitariya-gigiena ta’limi olish, o‘qish hamda o‘zlarining fiziologik xususiyatlari va sog‘lig‘iga mos sharoitlarda mehnat qilish; kasbga yaroqliligini aniqlash chog‘ida byudjet mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy maslahatlar olish; sog‘liqlari to‘g‘risida o‘zlari uchun qulay tarzda zarur axborot olish.

O‘n to‘rt yoshdan oshgan voyaga yetmaganlar ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.

Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor voyaga yetmaganlar ota-onalarining yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra byudjet mablag‘lari, xayriya jamg‘armalari va boshqa fondlarning mablag‘lari, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoya tizimi muassasalarida yashashlari mumkin.

Qonunda harbiy xizmatchilar, harbiy va muqobil xizmatga chaqiriladigan hamda harbiy xizmatga kontrakt bo‘yicha kiradigan fuqarolarning huquqlari alohida tartibga solingan. Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsiz ekanliklarini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tish hamda harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi asosida harbiy xizmatdan muddatidan ilgari bo‘shatilish huquqiga ega.

Harbiy va muqobil xizmatga chaqiriladigan yoki harbiy xizmatga kontrakt bo‘yicha kiradigan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadi hamda sog‘lig‘iga ko‘ra harbiy xizmatga chaqiruvni kechiktirish yoki chaqiruvdan ozod etilish huquqini beradigan tibbiy ma’lumotlar to‘g‘risida to‘liq axborot olish huquqiga ega.

Pensiya bilan ta’minlanish huquqini beradigan yoshga yetgan fuqarolarga davlat sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimi muassasalarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish o‘z ichiga statsionar-ambulatoriya yo‘li bilan davolashni, sanatoriy va dam olish uylarida sog‘lomlashtirishni, yolg‘iz keksalarga ularing o‘z uyida hamda internat-uylarda xizmat ko‘rsatishni qamrab oladi.

Pensiya yoshidagi fuqarolar tibbiy xulosa asosida qonun hujjatlariga muvofiq ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari, aholini ijtimoiy himoya qilish organlarining mablag‘lari hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan kuch-quvvatni tiklash huquqiga ega.

Nogironlar sog‘lig‘ini saqlashga qonunda alohida e’tibor berilgan. Nogironlar, shu jumladan nogiron bolalar va bolalikdan nogironlar tibbiy-ijtimoiy yordam olish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, dori-darmonlar, protez-ortopediya moslamalari, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanish, shuningdek, kasb-kor egallash va qayta tayyorgarlikdan o‘tish, davlat sog‘liqni saqlash tizimi va ijtimoiy ta’minot muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish, o‘z uylarida parvarish qilinish, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz nogironlar va surunkali ruhiy xastaliklarga chalingan nogironlar esa ijtimoiy ta’minot muassasalarida yashash huquqiga ega.

Favqulodda vaziyat tufayli jabr ko‘rgan fuqarolar bepul tibbiy yordam olish va sog‘liqni tiklash tarzida davolanish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish hamda hayoti va sog‘liqlariga tahdid solayotgan xavfni kamaytirishga qaratilgan gigiena chora-tadbirlari va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazish huquqiga ega.

Favqulodda vaziyat sharoitida odamlarni qutqarish va tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida jabr ko‘rgan fuqarolarga bepul davolanish, shu jumladan sanatoriy va kurortlarda davolanish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy kompensatsiya olish kafolatlanadi.

Qonunda bemorning huquqlari alohida tartibda belgilangan. Bemor tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan va tibbiy yordam olayotgan paytda quyidagi huquqlarga ega: tibbiyot xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari; shifokorni va davolash-profilaktika muassasasini tanlash; sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan o‘tish, davolanish va parvarish qilinish; O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab qo‘ygan tartibda o‘z iltimosiga ko‘ra boshqa mutaxassislarning konsilium qilishi va ulardan maslahatlar olish; tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, sog‘lig‘ining holati, qo‘yilgan tashxis to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog‘ida olingan boshqa ma’lumotlar sir saqlanishi; tibbiy aralashuvga o‘z ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish; o‘z huquq va burchlari xususida hamda sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumot olish, shuningdek, sog‘lig‘ining holatiga doir ma’lumotlarni uning manfaatini ko‘zlagan holda bersa bo‘ladigan shaxslarni tanlash; ixtiyoriy tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish; tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar etkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi; huquqini himoya qilishi uchun huzuriga advokat yoki boshqa qonuniy vakil qo‘yilishi.

Huquqlari buzilgan taqdirda bemor yoki uning qonuniy vakili bevosita davolash-profilaktika muassasasining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori boshqaruv organiga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.

Har bir fuqaro o‘z sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida ma’lumot, shu jumladan tekshirish natijalari, qanday kasali borligi, qanday tashxis qo‘yilganligi, kasallikning bundan buyon qanday kechishiga oid taxminlar, davolash usullari va bu usullar bilan bog‘liq xavf-xatar, tibbiy aralashvning ehtimol tutilgan turlari va ularning oqibatlari, amalga oshirilgan davolashning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish huquqiga ega.

Prezidentning 2017-yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, 2018-yil 16-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tez yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2018-yil 2-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari hozirgi vaqtda aholining sog‘lig‘ini saqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

A. Muhammadiyev, Jamoat xavfsizligi universiteti professori, y.f.d.,

R. Ro‘ziyev, Jamoat xavfsizligi universiteti professori, y.f.d.