Mamlakatda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Buning uchun 2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun chiqdi. O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatlarda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, sabablarini bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash yuzasidan qator vazifalar belgilangan.

“Transparency International” xalqaro tashkiloti “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning 2021-yilgi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2020-yilga nisbatan 6 pog‘ona ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston mazkur indeksda so‘nggi besh yil davomida barqaror o‘sishni (2017-yilda 22 balldan 2021-yilda 28 ballgacha) qayd etib, korrupsiya kamayib borayotgan davlatlar qatorida e’tirof etilgan.

Korrupsiya qadim qabilada mavqe uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan paydo bo‘lgan degan qarashlar mavjud. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markazlashuvi korrupsiyaning, xususan sovg‘alar oldi-berdisining davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi.

BMT Bosh assambleyasining 1996-yil 12-dekabrdagi 51/59-rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro odob-axloq kodeksiga ko‘ra, davlat mansabi milliy qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. Ushbu mansab davlat manfaatlarini ko‘zlab harakat qilish majburiyatini oladi. Unda nafaqat mansabni egallash davrida, balki undan ketgandan keyin ham cheklovlarga rioya qilish, o‘zining shaxsiy hamda xotini (eri) yoki qaramog‘idagi shaxslarning daromadlari va majburiyatlari haqida ma’lumotlarni e’lon qilish, sovg‘alar yoki boshqa tarzda e’tibor belgilarini qabul qilmaslik, ma’lumotlar bilan ishlashda konfidensiallik, siyosiy yoki boshqa faoliyati davomida jamoatchilik ishonchiga putur yetkazmaslik bo‘yicha umumiy talab va cheklovlar belgilangan.

Bundan tashqari, BMTning 2003-yil 31-oktabrdagi Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi 8-moddasiga ko‘ra, har bir ishtirokchi davlat o‘z ichki qonunchiligida belgilangan asosiy tamoyillarga muvofiq, ommaviy mansabdor shaxslarni mashg‘ulotlar, investitsiyalar, aktivlar hamda muhim sovg‘alar yoki naflar to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni taqdim etishga majbur qiladigan chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

O‘zbekiston ushbu konvensiyani 2008-yil 7-iyulda ratifikatsiya qilgan. Unga ko‘ra, jinoyatchilikka, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikka oid ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar tuzilgan va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan xalqaro hujjatlarni tasdiqlagan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga davlat xizmatida sovg‘a olish-berish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Sovg‘a siyosati” nomli alohida bob kiritildi.

Sovg‘a siyosatini belgilashda qanday omillarga e’tibor qaratilishi lozim?

Britaniyalik komplaens eksperti Skott Filostin sovg‘alarning korrupsiya xavfi sifatida yoritilgan ilmiy maqolasida sovg‘alarning korrupsiyadan farqli jihatlarini aniqlashda quyidagi tartiblarga rioya qilish lozimligini ta’kidlagan. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati sovg‘alarning aniq miqdori, qanday tadbirda va kimlarga taqdim etilishi yoki qabul qilinishi, sovg‘a predmeti nimalardan tashkil topishi kabi aniq normalarni o‘z ichiga oladi. Bunda mazkur qoidalar sovg‘alarning qabul qilinishi va taqdim etilishini cheklamaydi yoki batamom taqiqlamaydi. Balki sovg‘alarning miqdori va ularni olish muayyan normalar bilan tartibga solinishini nazarda tutadi. Bular preventiv choralar hisoblanadi. Shuningdek, ekspertning ta’kidlashicha, korrupsiya predmeti va sovg‘a o‘rtasida farq solinishi sovg‘a siyosatining asosiy vazifasi hisoblanadi. Aynan bunday “nozik” farq kompaniyaning komplaens xizmati tomonidan belgilangan normativ me’yorlar orqali aniqlanadi. Bu jarayonda komplaens nazorat tizimining alohida vakolati va vazifalari belgilab qo‘yiladi.

Xorijiy davlatlarda ham sovg‘alar berilishi bilan bog‘liq qoidalar belgilangan. Jumladan, Germaniyada davlat xizmatchilariga sovg‘a sifatida taqdim etilgan narsalarning qiymati 25 yevrodan oshsa auksion orqali sotiladi. 25 yevrogacha bo‘lgan kichik qiymatli buyumlar (masalan, sharikli ruchkalar, bloknotlar, kalendarlar) sovg‘a sifatida berilishi mumkin.

Parlament a’zosi mandati yuzasidan mehmon yoki mezbon sifatida olgan sovg‘aning qiymati
200 yevrodan oshsa parlament raisiga deklaratsiya taqdim etadi. Agar sovg‘a unga maqbul bo‘lsa, Federal kassa idorasiga ekvivalent tovon puli evaziga sovg‘ani saqlab qolish uchun ariza berishi mumkin. Germaniyada pulni qabul qilish mutlaqo mumkin emas va bu belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yaponiyada “Milliy davlat xizmatining etikasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, yuqori lavozimli amaldorlarga 5000 iyenadan yuqori qiymatdagi sovg‘a, xayriya va hokazolarni olganligi haqida hisobot berish majburiyati yuklatilgan.

Sloveniyada davlat xizmatchisi 75 yevrolik (agar sovg‘a aynan bir shaxs tomonidan taqdim etilayotganda, 1 kalendar yili davomida 150 yevrodan oshmasligi lozim) sovg‘ani qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Har bir xodim sovg‘a to‘g‘risida komplaens xizmatiga xabar berishi shart. Sovg‘a qiymati o‘rnatilgan miqdordan oshgan taqdirda kompaniya mulkiga aylanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Rossiyada davlat (munisipal) xizmatchisi xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslardan mukofotlar (sovg‘alar, naqd pul, ssuda, moddiy xizmatlar, o‘yin-kulgi, dam olish, transport va boshqalar uchun to‘lovlar) olishi taqiqlanadi. Davlat (munitsipal) xizmatchisi olgan sovg‘alar federal mulk, Rossiya yoki mahalliy hokimiyat organi mulki deb tan olinadi va davlat organi yoki mahalliy davlat hokimiyati organi qarori bilan davlat (munitsipal) xizmatchisiga beriladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, qonunchiligimizda sovg‘alar bilan bog‘liq munosabatlarni bevosita tartibga solish mamlakatimizda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, “niqoblangan” korrupsiya ko‘rinishlariga barham berishga, davlat xizmatchilarining halollik, adolat va qonuniylik tamoyillariga asosan faoliyat yuritishiga kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Shoira ALAMONOVA,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi