Shaxsning huquq va erkinliklari uchun sud himoyasi kafolatlangan

0
68

O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklari qonun va qonunosti hujjatlarida bevosita belgilangan. Ushbu huquq va erkinliklarning eng muhimlari mamlakat konstitutsiyasi normalarida aks etadi.

Inson huquq va erkinliklarining kafolatlari Konstitutsiyada belgilanishi esa o‘z navbatida ushbu huquqlarning konstitutsiyaviy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Har bir shaxs davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari organlari yoki mansabdor shaxslarning g’ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g’risida”gi (yangi tahriri) qonunining 4-moddasiga ko‘ra, prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri fuqaroning huquq hamda erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan nazorat qilish, deb mustahkamlab qo‘yilgan.

G’ayriqonuniy xatti-harakatlar deyilganda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazadigan xatti-harakatlar tushuniladi.

2017-yil 11-sentabrda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati to‘g’risida”gi qonuni 3-moddasiga binoan shikoyat-buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g’risidagi talab bayon etilgan murojaat tushuniladi.

Shuningdek, qonunning 3-moddasida murojaat turlari bayon etilib, unda ariza, taklif, shikoyat, elektron murojaat, takroriy murojaat, anonim murojaat, murojaatning dublikati kabi tushuncha va qonunchilik tizimidagi yangi qoidalar o‘z ifodasini topdi.

Ushbu qonunning 32-moddasida esa murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari bayon etilgan. Murojaatni qabul qilishni yoki ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etganlik ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlandi.

Sudga shikoyat qilish huquqifuqarolar tomonidan ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud tartibida tiklashni talab etadigan huquqidir.

“Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g’risida”gi qonunga binoan davlat va nodavlat organlari va mansabdor shaxslarning sudga shikoyat qilishga loyiq kollegial yoki yakka tartibdagi xatti-harakatlari (qarorlari) jumlasiga:

a) fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzgan;

b) fuqaroning huquq va erkinliklari ro‘yobga chiqishiga monelik tug’dirgan;

c) fuqaro zimmasiga qonunga xilof ravishda qandaydir majburiyat yuklatilishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatlar (qarorlar) kiradi.

Fuqaro o‘z huquq va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan shikoyat bilan bevosita sudga yoki bo‘ysinuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga murojaat qilish huquqiga ega.

Berilgan shikoyatni tegishli davlat organi, mansabdor shaxs bir oylik muddatda ko‘rib chiqishi shart. Agar fuqaroning shikoyati rad qilingan bo‘lsa yoki u shikoyat bergan kundan boshlab bir oy mobaynida javob olmagan bo‘lsa, sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.

Shikoyatni huquq yoki erkinliklari buzilgan fuqaro yoki uning vakili, shuningdek, fuqaroning iltimosiga ko‘ra jamoat birlashmasining, mehnat jamoasining vakolat berilgan vakili berishi mumkin. Shikoyat fuqaroning xohishiga qarab yo u yashaydigan joydagi sudga yoki organ joylashgan yerdagi, yoxud xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxsning ish joyidagi sudga beriladi.

Mazkur qonunga binoan sudga shikoyat bilan murojaat qilish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

– fuqaro o‘z huquqlari va erkinliklari buzilganligidan xabar topgan kundan boshlab uch oy;

– fuqaro yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxsning shikoyatni qanoatlantirishni rad etish haqidagi yozma bildirishini olgan kundan boshlab bir oy;

– agar fuqaro o‘z shikoyatiga yozma javob olmagan bo‘lsa, shikoyat berganidan keyin bir oy muddat o‘tgan kundan boshlab bir oy.

Shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.

Fuqaroning davlat va nodavlat organlari, mansabdor shaxslar xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyati sud tomonidan fuqaroviy sudlov ishlarini yuritish qoidalari asosida ko‘rib chiqiladi.

Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud qaror chiqaradi. Sud shikoyatning asosliligini aniqlagach, ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni (qarorni) qonunga xilof deb topadi, fuqaroning talablarini qanoatlantirish majburiyatini yuklaydi yoki uning buzilgan huquq va erkinliklarini o‘zgacha yo‘l bilan tiklaydi.

Agar ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni (qarorni) sud fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzmaydigan qonuniy xatti-harakat (qaror) deb topsa, u shikoyatni qanoatlantirishni rad etadi. Sudning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori sudga shikoyat berilishi mumkin.

Sudning qonuniy kuchga kirgan qarori barcha davlat va nodavlat organlari, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiy va uni bajarish shart.

Sudning qarori xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat berilgan organ yoki mansabdor shaxsga, shuningdek, fuqaroga qaror qonuniy kuchga kirgach kechi bilan o‘n kun ichida yuboriladi. Qaror bajarilganligi haqida sudga va fuqaroga sud qarori olingan kundan boshlab kechi bilan bir oy ichida xabar qilinishi shart.

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 8-moddasida har bir insonning unga konstitutsiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga egaligi mustahkamlangan. Bu huquq esa, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 44-moddasida “Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”deb mustahkamlab qo‘yilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilish bir oz farqli xususiyatlarga ega. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha ayblilik masalasi sud tomonidan hal qilinishiga yordam berish maqsadida sudga qadar ish yuritish bosqichi joriy qilingan. Ushbu bosqichda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv va tergov organlari va prokurorlar faoliyat yuritadilar. Odatda ushbu organlar ish yurituvidagi holatlar yuzasidan mazkur organlar bo‘ysinadigan yuqori turuvchi organlarga yoxud prokurorga shikoyat qilinishi va e’tirozlar bildirilishi ularning ko‘rib chiqilishiga asos bo‘ladi. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, milliy qonun hujjatlarimizga ko‘ra, jinoiy nizolar bo‘yicha fuqarolarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga murojaati ish yuritishga asos bo‘lmaydi, surishtiruv va tergov organlaridan sudga oshirilgan jinoyat ishlari bo‘yicha sud himoyasida bo‘lish huquqi ta’minlanadi.

Keyingi vaqtlarda jinoyat ishlarini sudga qadar yuritish bosqichlarida ham sudning himoyasida bo‘lish huquqini bosqichma-bosqich kiritish jarayoni kuzatilmoqda. Bu dastavval, huquq fanida mashhur bo‘lgan “habeas corpus” qoidasini joriy qilish va rivojlantirish orqali amalga oshirilib kelinmoqda. Agar bu holatning qisqacha tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsa, O‘zbekistonda 2008-yil 1-yanvardan boshlab –  qamoqqa olishga rozilik berish, 2008-yil 23-dekabrdan boshlab amnistiya aktiga asosan javobgarlikdan ozod qilish, 2012-yil 19-sentabdan boshlab, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishga va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirishga rozilik berish, 2014-yil 5-sentabrdan boshlab, uy qamog‘ini qo‘llashga rozilik berish, 2017-yil 30-martdan boshlab, murdani eksgumatsiya qilishga va pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashga rozilik berish amalda sudlarning mutlaq vakolatiga o‘tkazildi.

А. Muhammadiyev,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori,

yuridik fanlar doktori