O‘zbekistonda ekologik sug‘urtani tashkil etish zaruriyati

0
285

Tabiiy ofatlar va inson faoliyati tufayli dunyoda qator ekologik o‘zgarishlar sodir bo‘layapti. Yer sharining barcha mintaqalarida iqlim va ob-havo sezilarli tarzda o‘zgarmoqda: suv va tuproq tarkibi tobora ifloslanmoqda, o‘simlik va hayvonot turlari kamayib borayapti. Bu esa atrof-muhitga, sayyoramizdagi barcha insonlarning sog‘lig‘iga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ekologik ofatlar jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishda davom etmoqda.

Mazkur muammolarning oldini olishda ekologik qonunchilikni takomillashtirish hamda ekologik sug‘urtani joriy etish muhim ahamiyatga egadir. Negaki:

birinchidan, tabiiy ofatlar va texnogen holatlar kutilmaganda, favqulodda sodir bo‘lishi tufayli ularni bartaraf etishda sug‘urta kompaniyalarining zaxira mablag‘laridan foydalanish mamlakatning iqtisodiy tang ahvolga tushib qolishining oldini olishda asosiy manba hisoblanadi;

ikkinchidan, atrof-muhitga va insonlar hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga yetkazilgan zararni tezda bartaraf etish muhim hisoblanadi;

uchinchidan, ekologiya uchun tahdid soluvchi potensial ekologik xavfli bo‘lgan faoliyatlarni (sanoatning neft, kimyo, metallurgiya va transport tarmoqlari) yuritishning yanada kengayishi va ushbu faoliyat turlarini amalga oshiruvchi korxonalar yirik ekologik tavakkalchiliklarning oldini olish chora-tadbirlarini to‘liq moliyalashtirishga qodir emas;

to‘rtinchidan, aksar mamlakatlarda davlat budjetining moliyaviy imkoniyatlari favqulodda holatlar yuzaga kelganda kutilmagan xarajatlarni qoplashga yetarli bo‘lmaydi.

Mazkur holatlar ekologik xarajatlarni davlat budjetisiz qoplab berish tizimini tashkil etish zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Yuridik adabiyotlarda mazkur soha bo‘yicha qonunchilik hamda amaliyotda hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalar mavjudligi ta’kidlanadi. Xususan, ekologik sug‘urtani chuqur o‘rganish, bugungi zamon talablari fonida kelib chiqishi ehtimoli katta bo‘lgan ekologik sug‘urta huquqiy munosabatlarini tadqiq etish, ekologik sug‘urtani amalga oshirishda davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yish hamda uni joriy etishning iqtisodiy-huquqiy mexanizmini ishlab chiqish zarur. Bunda ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda g‘arb mamlakatlarida ekologik xavfni umumiy javobgarlikni sug‘urtalash shartnomasidan chiqarish hamda atrof-muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq barcha xavflarni faqat ekologik sug‘urtalash doirasida sug‘urtalashga o‘tish tendensiyasi kuzatilmoqda1.

Bu borada qo‘shni davlatlarda ham qonunchilik bazasi yaratilmoqda. Jumladan, 2005-yilda Qozog‘iston Respublikasida “Majburiy ekologik sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Ozarbayjon Respublikasida ham ekologik sug‘urta qilish milliy qonunchilikka kiritilgan.

O‘zbekistonda ham sug‘urta faoliyatini tartibga solish maqsadida “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi bir qator qonunlar qabul qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi normalarida ham turli xildagi sug‘urta xavflaridan ixtiyoriy va majburiy sug‘urtalash belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida favqulodda vaziyatlarning iqtisodiy oqibatlari natijasida yuridik va jismoniy shaxslarning o‘ziga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘ldirishi, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilish huquqiga va boshqa imtiyozlarga ega ekani belgilangan.

Ixtiyoriy hamda majburiy ekologik sug‘urta qilishning huquqiy asoslari 1992-yilda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 36-moddasida belgilangan. Ushbu qonunga muvofiq atrof tabiiy muhitning ifloslanishi va tabiiy resurslar sifatining yomonlashuvi oqibatida zarar yetishi hollarini nazarda tutib korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki hamda daromadlari, fuqarolarning hayoti, salomatligi va mol-mulki ixtiyoriy hamda majburiy sug‘urta qilinadi.

Ekologik sug‘urtaning tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilab qo‘yiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ekologik sug‘urtalash tizimini joriy etish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi qarori bilan xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligini ta’minlash, xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanayotgan tashkilotlarning javobgarligini oshirish maqsadida “Xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi 60-farmonida ham atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash mexanizmlarini takomillashtirish, atrof-muhitni kuzatish, uning ifloslanish darajasini prognoz qilish, davlat ekologik nazoratini doimiy axborot bilan ta’minlash, ifloslantiruvchi manbalarning holati va atrof-muhitga ta’siri ustidan monitoringni amalga oshirish belgilandi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 36-moddasida ekologiya sug‘urtasi berilgan bo‘lsa-da, qonunchiligimizda ekologik sug‘urtani qanday amalga oshirish, qaysi qonun bilan tartibga solish, uning iqtisodiy mexanizmlari ko‘rsatilmagan. Mazkur bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida “Ekologik sug‘urta to‘g‘risida”gi yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish lozim.

Fikrimizcha, yuqoridagi holatlarga barham berish va ekologik sug‘urta sohasini rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetkazishning asosiy omillaridan biri xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda ekologik sug‘urtani joriy etish va bunda davlatning tashabbuskorligidan foydalanishdir.

Mamlakatda ekologik sug‘urtani joriy etish uchun avvalambor uning huquqiy ta’minotini yo‘lga qo‘yish, ekologik sug‘urtani rivojlantirish maqsadida ushbu sohaga taalluqli imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etish lozim. Shunday holatda ekologik sug‘urta, uning alohida shakli sifatida ekologik tijorat sug‘urtasi bilan parallel ravishda rivojlanadi va ko‘p sonli potensial sug‘urtalanuvchilarni sug‘urtaga jalb etish barobarida fuqarolarning moddiy farovonligini oshiradi. Shuningdek, tadbirkorlik bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni kafolatlashda, korxona va tashkilotlarning barqaror faoliyat ko‘rsatishida muhim omil bo‘ladi.

“Ekologik sug‘urta to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi xo‘jalik faoliyati natijasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ekologik xavfning oldini olishga, ular ro‘y bergan taqdirda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga hamda atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan moddiy zararni qoplash uchun budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish orqali ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Abduvali Daminov,
O‘zMU dotsenti

 

  1. https://parliament.gov.uz/upload/iblock/074/fpjeggfutkglyz-jzajpbbbodcelhrf%20dwvnbcthwnscyq.pdf.