Hozirda butun dunyo mamlakatlari mavjud ijtimoiy munosabatlarning har bir sohasini tez va shaffof rivojlantirish maqsadida raqamli texnologiyalarni qo‘llayapti. Mana shunday texnologiyalar huquq sohasiga ham allaqachon kirib kelgan va ularni biz “Legal Tech” deb nomlaymiz.

“Legal Tech” bu huquqiy sohaga yo‘naltirilgan va unga ta’sir qiluvchi texnologik innovatsiyalar tarmog‘idir. Bunga misol sifatida quyidagilarni keltirishimiz mumkin: hujjatlarni olish, yig‘ish va huquqiy manbalarni izlash jarayonlarining avtomatlashtirilishi; katta hajmdagi matn va ovozli suhbatlarni mavzuli tarzda saralash va tushunishda hamda sud jaaryonlaridagi nizolarni yutib chiqishni raqamli modellashtirishga sun’iy ong texnologiyalarini qo‘llash. “Bloomberg Law” nashrining ma’lum qilishicha, 2022-yilning boshida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarning har o‘nta yuridik firmalardan to‘qqiztasi “Legal Tech” texnologiyalarini o‘zlarining faoliyatlariga joriy etishgan.1 Buning asosiy sababi hozirda fuqarolar o‘zlarining huquqiy masalalariga tez, oson va arzon narxlarda yechim topishlariga intilishidadir.

Mamlakatizda ham mazkur texnologiyalarni huquq sohasiga qo‘llash boshlangan. 2021-yil 1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan www.yurxizmat.uz – O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish “Legal Tech” axborot tizimi ishga tushirildi. Mazkur “Legal Tech” axborot tizimi kichik biznes va kam ta’minlangan aholiga huquqiy maslahat berish, ularning taklif va tashabbuslarini qabul qilishning yangi tizimini joriy etish, advokatlar ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni tayyorlash imkoniyatini yaratish maqsadi yaratilgan. Ushbu tizim yaratilishi zamirida davlatimizdagi huquqiy holat asosiy sabablardan biridir. 2020-yilda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga joylashtirilgan “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori loyihasida mamlakatimizda advokatlar soni yetarli emasligi oqibatida malakali yuridik yordam olishning chegaralanganligi ma’lumot sifatida berilgan edi. Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari hududlarda bo‘lib, advokatura institutining faoliyatini tahliliy o‘rgandi. Ularning olgan tahlil natijalaridan biri shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda advokatlar soni yetarli emas (34 milliondan ortiq aholimizga bor yo‘g‘i 4 ming nafar advokat to‘g‘ri kelmoqda), ya’ni har 8500 ta fuqaroga bir nafar advokat to‘g‘ri kelmoqda. Natijada, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilmayapti, sudlarda ishlarni yuritishda tortishuv prinsipi amalda ta’minlanishi cheklanmoqda.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va har bir fuqaro va yuridik shaxslarni yuridik xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini doimiy ta’minlash uchun O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish “Legal Tech” (www.yurxizmat.uz) faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Bugungi kunda mazkur axborot tizimida 920 dan ortiq huquqiy hujjat namunalari mavjuddir. Xususan ular yuridik shaxslar faoliyatida foydalaniladigan korporativ hujjatlar namunalarini, jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan shartnomalar, arizalar, iltimosnomalar, bitimlar, sudga oid hujjatlar va boshqa huquqiy hujjatlar namunalarini yuristlar yoki advokatlar ishtirokisiz avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash, olish va foydalanish imkonini beradi.

Tizimdagi hujjatlar bilan yaqindan tanishish uchun quyidagilarga havola qilishingiz mumkin:

kapital qurilish uchun pudrat shartnomasi (https://yurxizmat.uz/uz/document/1001);

noturar joyni ijaraga berish shartnomasi (https://yurxizmat.uz/uz/document/899);

elektr energiya shartnomasi (ulgurji iste’molchilar uchun) (https://yurxizmat.uz/uz/document/811);

tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi (https://yurxizmat.uz/uz/document/526);

transport ekspedisiyasi shartnomasi (https://yurxizmat.uz/uz/document/514);

mulkka yetkazilgan zararni undirish haqida da’vo ariza (https://yurxizmat.uz/uz/document/475);

ishga tiklash va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida da’vo ariza (https://yurxizmat.uz/uz/document/466);

ijara shartnomasi (https://yurxizmat.uz/uz/document/25);

qarz shartnomasi (https://yurxizmat.uz/uz/document/26).

Bulardan tashqari boshqa ko‘plab shartnomalar va sud hujjatlarining namunalaridan www.yurxizmat.uz saytiga kirgan holda olishingiz mumkin.

Bu tizimning eng muhim jihati bu uning mutlaqo bepulligidir. Biz bilamizki, yuristlar va advokatlar o‘zlarining huquqiy xizmatlari uchun yuqori narxlar taklif etishadi. Shu sababli, juda ko‘plab fuqarolar va kichik biznes sub’yektlari o‘zlarining huquqiy masalalarini yetarlicha hal qilishga qodir emas. Sababi ular ko‘pincha advokatning xizmati uchun pul to‘lashga qurbi yetmaydi. Bunday vaziyatda O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish “Legal Tech” (www.yurxizmat.uz) juda qo‘l keladi va ularning huquqiy muammolarini oldini olishda beminnat yordamchi bo‘ladi.

Bu yilgi statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, hozirda oylar kesimida o‘rtacha 10 000 dan ortiq foydalanuvchi mazkur huquqiy axborot tizimdan foydalanib kelishmoqda. Ularning soni har oyda o‘sishda davom etmoqda.

“Legal Tech” (www.yurxizmat.uz) saytidan foydalanish juda qulay bo‘lib, foydalanuvchi saytga kirgan holda “Hujjatlar” bo‘limidan o‘ziga kerakli bo‘lgan hujjatlarni izlab topadi va unda belgilangan tegishli bo‘shliqdagi savollarni to‘ldirgan holda o‘z tanloviga ko‘ra “Word” yoki “PDF” shaklidagi tayyor hujjat namunasiga ega bo‘ladi. Bu jarayon tizim tomonidan juda tez amalga oshiriladi.

Fuqarolarning mazkur tizimdan kengroq xabardor bo‘lishi va undan foydalanishi mamlkatdagi huquqiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojni oz bo‘lsada ta’minlashga olib boradi.

Yo‘lchiboy Buriyev,

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi mas’ul xodimi

[1] https://www.statista.com/topics/9197/legal-tech/#dossierKeyfigures