Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning qonunga xilof ravishda aylanishi jahon hamjamiyati uchun jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning doktor ruxsatisiz iste’mol qilinishi tashvish uyg‘otadi. Afg‘oniston afyuni uchun tranzit kanallari faollashuvi va yangilarining shakllanishi bunday moddalarning noqonuniy aylanishi muammosiga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi.

Hozir giyohvandlik tahdidiga qarshi kurashning yagona tizimini yaratish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy, profilaktik va iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunday bo‘lsa-da mazkur turdagi qonunbuzarlik yildan-yilga oshib, turlari ko‘payib bormoqda, masalan, 2020-yilda O‘zbekistonda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 6032 ta jinoyat aniqlangan. 2019-yilda ularning soni 5026 ta bo‘lgan, demak, keyingi yil 20,01 foiz oshgan.

Shu yili chegaradosh davlatlardan:

Qozog‘istonda 7808 ta jinoyat aniqlangan, 2019-yilga nisbatan 11,2 foiz oshgan;

Tojikistonda 700 ta jinoyat aniqlangan, 2019-yilga nisbatan 21,95 foiz oshgan;

Qirg‘izistonda esa aksincha, 795 ta jinoyat aniqlangan, 2019-yilga nisbatan 20,42 foiz kamaygan.

O‘zbekistonda 2016-yildan 2020-yilgacha giyohvandlik bilan bog‘liq kontrabanda 29,9 foizga, giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirish 1,1 foizga, ularni qonunga xilof ravishda tayyorlash va boshqa harakatlar 26 foizga oshgan.

Bu jinoyatda, afsuski, yoshlarning hissasi 33,2 foiz ko‘paygan. Tibbiyot xodimlari va chet el fuqarolari aralashuvi 2 barobar oshgan.

Oxirgi yillarda “Spays”, “Tramadol”, “Lirika”, “Tropikamid” kabi psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy ravishda tarqalishi ko‘p kuzatilyapti. Masalan, 2016-yilda 58 ming dona, 2017-yilda 62,5 ming, 2018-yilda 128 ming, 2019-yilda 365,3 ming, 2020-yilda 191,1 ming dona shunday dorilarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgan.

Shunday bo‘lsa-da, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni aniqlash bo‘yicha davlat bojxona xizmati va boshqa huquq-tartibot organlari o‘rtasida samarali axborot almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Ikkinchidan, hududiy ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalarining moddiy-teхnik bazasi yetarli emas. Jumladan, respublikada “Xromato mass-spektr” qurilmasi faqat 2 dona bo‘lib, u ham Toshkent shahrida joylashgan.

Uchinchidan, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni
reklama qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikning mavjud emasligi javobgarlikning sodir etilgan jinoyatga mosligi prinsipini to‘la ro‘yobga chiqarish imkoniyatini cheklagan.

Psixotrop ta’sirga ega bo‘lgan, inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dorilar realizatsiyasi bo‘yicha samarali mexanizm joriy etish zarur. Amaldagi tartibga ko‘ra bu turdagi dorilar faqat ijtimoiy dorixonalarda shifokor tomonidan berilgan tav­siya asosida cheklangan va belgilangan narxlarda sotiladi. Ammo xususiy dorixonalar ham qonunga xilof ravishda bunday dorilarni sotayotganini kuzatish mumkin.

Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar va inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash muammosiga yechim topish orqali mazkur tizimning samaradorligini oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

1) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni reklama qilish uchun ma’muriy javobgarlikni joriy qilish bo‘yicha yangi moddani kiritish;

2) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun ishlatish mumkin bo‘lgan dorilarning yangilanib turiladigan to‘liq ro‘yxatini ishlab chiqish, tasdiqlash va o‘zgartirish kiritish mexanizmini joriy etish;

3) informatsion texnologiyalardan foydalangan holda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun ishlatish mumkin bo‘lgan dorilarni O‘zbekistonga olib kirish, olib chiqish, saqlash va o‘tkazishni monitoring qilishning uzluksiz tartibini joriy qilish;

4) ichki ishlar organlarining amaldagi shtat birliklari doirasida Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tuzilmasida psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish bo‘linmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

5) sintetik turdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ekspertizadan o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus kimyoviy laboratoriyalarni respublikaning Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil qilish va “Xromato mass-spektr” qurilmasi bilan jihozlash;

6) tezkor-qidiruv tadbirlarida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni tez aniqlash uchun texnik vositalardan foydalanishni joriy etish hamda tezkor-qidiruv bo‘linmalarini ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash;

7) O‘zbekiston Oliy sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazining mazkur sohani tartibga solish hamda kuch va vositalarni birlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shma qarorini qabul qilish lozim.

Demak, giyohvandlik mahsulotlarining noqonuniy aylanishi va iste’moliga qarshi normativ
huquqiy hujjatlarni takomillashtirish zarur. Shuningdek, bu sohada yangi texnologiyalarning joriy etilishi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sa’y-harakatlari samarali bo‘lishini ta’minlaydi.

Abbos PAYZIYEV,
Jamoat xavfsizligi universiteti katta o‘qituvchisi.
Suxrob ALIMARDONOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti bakalavriat kursanti