O‘zbekiston Respublikasida jinoyat protsessual siyosatning mazmunini bir nechta normativ-huquqiy hujjatdan anglash mumkin. Jumladan, ular 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida nazarda tutilgan.

Harakatlar strategiyasining ikkinchi ustuvor yo‘nalishi bo‘lmish qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasidagi ustuvor vazifalar sirasiga jinoyat quroli yoki ma’muriy huquqbuzarlik predmeti sifatida mulkdan foydalanishda mulkdorning aybi bo‘lmagan hollarda mulkni olib qo‘yish (vaqtinchalik olib qo‘yishdan tashqari) va musodara qilishni taqiqlash kiritilgan edi.

Mazkur konsepsiyaning “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlangan uchinchi yo‘nalishida ham mulkdan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik quroli sifatida foydalanishda mulkdorning aybi bo‘lmagan hollarda mulkni musodara qilish yoki olib qo‘yishni (vaqtinchalik olib qo‘yish bundan mustasno) taqiqlash belgilandi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, aybi bo‘lmagan shaxslarning mulkini musodara qilmaslik bir hujjatda ikki marta ta’kidlangan va ikki ustuvor sohaning bosh masalalaridan biri sifatida namoyon bo‘lgan.

Ushbu dasturiy qoidalarni ta’minlash uchun 2017-yil 16-oktabrdagi 448-qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi hamda 211-moddaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon qilindi:

“1) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lgan jinoyat qurollari musodara qilinishi kerak va ular tegishli muassasalarga topshiriladi yoki yo‘q qilib yuboriladi. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lmagan mol-mulk qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek merosxo‘rlariga qaytarib beriladi. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lmagan mol-mulkning qonuniy egalari, mulkdorlari yoki ularning huquqiy vorislari, xuddi shuningdek merosxo‘rlari aniqlanmagan taqdirda, ushbu mol-mulk davlat daromadiga o‘tkaziladi”.

Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida musodara atamasi qo‘llanilmagan bo‘lsa-da, uning protsessual jihatlariga alohida to‘xtab o‘tilgan.

Xususan, konsepsiyaning jinoyat protsessida shaxs huquq va erkinliklarining ishonchli kafolatini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan vazifalarda to‘xtatilgan jinoyat ishlari doirasida taqiq qo‘yilgan va garovga olingan mol-mulklar, ashyoviy dalillar taqdirini tartibga soluvchi jinoyat-protsessual normalarni qayta ko‘rib chiqish ham belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida mol-mulkka taqiq qo‘yishning barcha ko‘rinishlari (mol-mulkni egasining foydalanishida qoldirib, tasarruf qilish huquqidan mahrum qilish; olib qo‘yish; olib boshqa shaxslarning qaramog‘iga topshirish, hisobraqamdagi va qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishidagi mablag‘lar
muomalasini to‘xtatib qo‘yish va boshqalar) “mol-mulkni xatlash” deb ataladi.

Mol-mulkni xatlashda qaysi usulning qo‘llanilishi, qancha muddatda amalga oshirilishi mol-mulkka taqiq qo‘yishga asos bo‘lgan holatlarga, mol-mulkning turiga, jinoyat ishining murakkabligiga va taqiq qo‘yuvchi mansabdor shaxsning xohishiga ham bog‘liq.

Mol-mulkka taqiq qo‘yishga har bir vaziyatda individual tarzda yondashish lozimligining qonunda belgilanmaganligi xususiy mulk daxlsizligini buzadigan, jumladan jinoyat ishlari to‘xtatilgan hollarda mulkdorlar huquqlarining buzilishiga, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining fuqarolarning xatlanishi mumkin bo‘lgan mulklarini aniqlash hamda ularning taqdirini hal qilishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yishlariga va byurokratik to‘siqlarning vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

To‘xtatilgan jinoyat ishlari doirasida taqiq qo‘yilgan va garovga olingan mol-mulklar,мashyoviy dalillar taqdirini tartibga soluvchi jinoyat-protsessual normalarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etuvchi omillar quyidagilardan iborat:

birinchidan, mol-mulkka taqiq qo‘yilayotganda uning keyingi taqdiri, ya’ni uning kelajakda musodara bo‘lish ehtimoli yoki bunday ehtimolning mavjud emasligiga yetarlicha ahamiyat berilmayapti.

Mulk daxlsizligi qoidalarini ta’minlash maqsadida sudga qadar ish yuritish bosqichida jinoyat ishining keyingi bosqichidagi musodara bo‘lmaydigan jinoyat quroli va narsasi hisoblanmaydigan ashyoviy dalillar isbot qilishda dalil sifatida mustahkamlanganidan keyin oqilona muddatlarda egalariga (mulkdorlariga) qaytarilishi lozim.

Bundan tashqari, qonun hujjatlari, xususan, ijro to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq musodaraga qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk obyektlaridan dalil sifatida foydalanish zarurati bo‘lmagan vaziyatda ularni xatlash mumkin emas. Huquq nazariyasida mavjud ushbu qoidalarning Jinoyat-protsessual kodeksida bevosita nazarda tutilmaganligi ba’zan amaliyotda xususiy mulk daxlsizligining buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga kelajakda musodara etilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulklarni xatlashga yo‘l qo‘yilmasligi hamda jinoyat ishlarini tergov qilishda mulkdoriga, egasiga va foydalanuvchisiga qaytarilishi lozim bo‘lgan mol-mulk obyektlari jinoyat ishi to‘xtatilganda darhol qaytarilishi lozimligi xususida qoida kiritilishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, mol-mulkni xatlashning usulini tanlash, mulk huquqi bilan qanday huquqlarni cheklash masalasini hal qilish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning xohishiga bog‘liq.

Bu tergovchilarning kasbiy manfaat nuqtayi nazaridan og‘irroq usulni qo‘llashiga, imkoni boricha mol-mulkni olib qo‘yish, undan foydalanishni batamom cheklab qo‘yish tarzidagi xatlovni qo‘llashlariga imkon bermoqda.

Bunday amaliyotga barham berish uchun Jinoyat-protsessual kodeksiga mol-mulkni xatlashda uning butligini (yaroqliligini) ushbu mol-mulkdan foydalanish huquqini cheklamasdan ta’minlab bo‘lmasagina mazkur chora qo‘llanishi xususida qoida kiritilishi lozim.

Uchinchidan, O‘zbekiston qonunchiligidan mol-mulkni musodara qilish jazosi chiqarib tashlangan. Biroq, Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasidagi jinoyat ishini yuritish tamom bo‘lganligi munosabati bilan ashyoviy dalillar to‘g‘risida qabul qilinadigan qarorlardan biri sifatida gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lgan jinoyat qurollari musodara qilinishi kerakligi haqidagi qoida fuqarolar nazarida javobgarlik chorasi sifatida davlat tomonidan mol-mulk musodarasi mavjudligini anglatadi.

Amaliyotda gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli mulkda boshqalarning ulushi mavjudligi masalasi yetarlicha o‘rganilmaydi, faqat mulk huquqini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar asosida hal qilinadi. Bu holat ko‘proq ko‘chmas mulklar, avtotransport, texnik uskunalardan jinoyatni sodir etishda foydalanilgan bo‘lsa, ularni davlat foydasiga o‘tkazishni ta’minlaydi. Biroq ushbu mol-mulk obyektlarini xatlash, saqlash, sotish yoki boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish, keyinchalik sud hukmlari o‘zgargan, bekor bo‘lgan taqdirda qonuniy egalariga qaytarish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni vujudga keltiradi. Buni oxirgi uch yildagi sud-tergov amaliyoti ko‘rsatmoqda.

To‘rtinchidan, jinoyat protsessual qonunchilikda taqiq qo‘yilgan va garovga olingan mol-mulklar, ashyoviy dalillar taqdiri jinoyat ishini yuritish tamom bo‘lgandan keyin hal
qilinishi belgilangan.

Biroq jinoyat ishlarini yuritishning milliy shaklida jinoyat ishini yuritishni to‘xtatish harakati mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 64-moddasida nazarda tutilgan qoidalar asosida amaliyotda ko‘p hollarda uzoq muddatda, hattoki ayrim vaziyatlarda cheklanmagan muddatda ish yuritishga tanaffus e’lon qilinadi.

Mol-mulkka taqiq qo‘yilishiga yoki garovga qo‘yilishiga yoxud olib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan jinoyat ishi to‘xtatilganda, uning to‘xtatilgan davrida mulkdor, mulk egasi va foydalanuvchilarning huquqlari cheklanganligicha qoladi.

Xususan, tadbirkorlik subyeklarining mulklari uzoq muddatga xatlanganda ularning mulkdan foydalanishdan tashqari, ixtiyoriy tugatish va qayta tashkil etish vaqtida ularni mol-mulkdan voz kechishga undaydigan muammolar kelib chiqadi. Eng achinarlisi, xatlab qo‘yilgan mulkning saqlash xarajatlari undan foydalana olmaydigan mulkdordan undiriladi.

Shu bois Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat ishlari to‘xtatilganda jinoyat ishiga aloqador bo‘lmagan shaxslarga tegishli mol-mulkning xatlangani yoki garovga qo‘yilganligi bekor qilinishi lozimligi xususida qoida kiritilishi lozim.

Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikda mol-mulkni musodara qilish muhim institutlardan biri hisoblansa-da, bu jarayonda mulk daxlsizligiga alohida e’tibor berish talab etiladi.

Najmiddin POLVONOV,
Bosh prokuratura akademiyasi mustaqil izlanuvchisi