Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi muammolar: tahlil va taklif

0
179

Maktabgacha taʼlim sohasi uzluksiz taʼlim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Bugun maktabgacha taʼlim sifati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-qarori bilan tasdiqlangan “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida baholanadi.

Jumladan, mazkur nizomning 17-bandiga ko‘ra, attestatsiya jarayonida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil qilishda alohida eʼtibor berilishi lozim bo‘lgan masalalar sanab o‘tilgan. Biroq mazkur talablar maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatining barcha yo‘nalishlarini yetarlicha qamrab olmaydi.

Xorijiy mamlakatlarda maktabgacha taʼlim tashkiloti(MTT)ni (ECERS – Early Childhood Environment Rating Scale) reyting shkalasidan foydalangan holda baholanmoqda. Mazkur baholash tizimi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Shvetsiya, Daniya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda amal qiladi.

Maʼlumot uchun: mazkur shkala bo‘sh joy va jihozlar, shaxsiy parvarishlash tartiblari, til va savodxonlik, o‘quv faoliyati, o‘zaro aloqalar, dastur tuzilishidan iborat.

Jumladan, bo‘sh joy va jihozlar shkalasi quyidagi baholash indikatorlaridan tashkil topgan:

– xonalar uchun talablar (yorug‘lik, havo harorati, ovozni nazorat qiluvchi jihozlarning mavjudligi, xonaning tozaligi uchun texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligi, eshiklarning kengligi va h.);

– g‘amxo‘rlik, o‘yin va o‘rganish uchun jihozlarga qo‘yilgan talablar (mebellar bolalar o‘lchamiga mosligi, o‘yinchoqlarning sochilishi bolalarga xalaqit bermasligi va h.);

– jihozlarning qulayligi (xonada yumshoq mebellarning mavjudligi, kamida 10 ta yumshoq o‘yinchoqning mavjudligi va h.);

– bolalarning alohida shaxsiy rivojlanishi uchun mo‘ljallangan, nazorat qilish imkoni bo‘lgan joyning borligi;

– bolalar tayyorlagan buyumlar, rasmlar uchun joy;

– motorli o‘yinchoqlar va ularni o‘ynash uchun sharoit.

Xususan, Qozog‘istonda hukumatning 2021-yil 15-martdagi qarori bilan 2025-yilgacha sohani rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Maktabgacha taʼlim va taʼlimni rivojlantirish modeli tasdiqlangan.

Model butun dunyoda keng qamrovli baholash vositasi sifatida qo‘llanadigan erta bolalik muhiti uchun ECERS reyting shkalasidan foydalangan holda maktabgacha taʼlim sifatining mustaqil milliy bahosini yaratish rejasini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda mazkur reyting natijalari asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan ishlash yo‘nalishlari belgilanadi. Masalan, AQSHda mazkur ECERSni joriy etish maktabgacha taʼlim sinfini baholash natijalari asosida o‘qituvchilarni moliyaviy rag‘batlantirishni, bola parvarishi uchun turli darajadagi to‘lovlarni belgilashni o‘z ichiga oladi. Baʼzi shtatlarda oilalarga farzandlari uchun tanlagan maktabgacha taʼlim sinfining reytingiga ko‘ra taʼlim yordami beriladi.

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash zarurati mavjud.

Qayd etish kerak, MTTlarda tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda mazkur vazifalar maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagog va tibbiy xodimlari, shuningdek maktabgacha taʼlim tashkilotiga hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiy xodimlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Biroq MTTlarda bolalarning qarovsiz qoldirilishi natijasida baxtsiz hodisalar, xodimlar tomonidan qasddan yetkazilgan jarohatlar, hatto ularning o‘limiga sabab bo‘lish holatlari uchraydi.

Maʼlumot uchun:

Urganch shahrida 2-MTT tarbiyachisi1 hamda Bulung‘ur tumanidagi 17-MTT tarbiyachisi2 tarbiyalanuvchilarni urgani, Samarqandda MTT tarbiyachisi bolalarning qo‘liga igna sanchgani3, Namangandagi bog‘chada tanasining 70 foizi qaynoq suvdan kuygan bola vafot etgani4, Toshkentdagi xususiy MTTda 3 yoshli bolaning yuzi tibbiy vositalardan kuygani5, Farg‘onada MTT tarbiyachisining bolalarni tinchlantirish uchun temir qoshiqdan foydalanib, 4 yoshli bolaning bir ko‘zidan ayrilishiga sababchi bo‘lganligi6 haqidagi xabarlar yuqoridagi masalaning dolzarb ekanini tasdiqlaydi.

“Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandida MTTda tarbiyalanuvchilar xavfsizligini taʼminlash hamda ular uchun zarur sharoit yaratilishini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Biroq mazkur tartib ixtiyoriy etib belgilangan.

Xorijiy davlatlarda binoni kameralar bilan jihozlash maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun majburiy talab hisoblanadi. Xususan, Janubiy Koreyada “Bolalar parvarishi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq 2015-yil 19-sentabrdan boshlab bolalar bog‘chalarida yopiq sxemali kuzatuv kameralari o‘rnatilishi majburiy qilib belgilangan. Mazkur qonunga ko‘ra, bolalar bog‘chasidagi umumiy o‘yin xonasi, o‘yin maydonchasi, umumiy ovqatlanish va dars qilish xonalarida kamida bitta videokuzatuv moslamasi o‘rnatilishi kerak.

Isroilda 2018-yil dekabr oyida MTTlarda videokuzatuv vositalarini o‘rnatish majburiyligini nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan. Hukumat mazkur qonun 2019-yil 1-sentabrdan kuchga kirgan munosabati bilan 2020-yildan kameralar o‘rnatilishi uchun subsidiyalar ajratishini maʼlum qilgan. 2020-yil sentyabrdan boshlab barcha bolalar bog‘chalarida litsenziya olish uchun kamera bo‘lishi talab qilinmoqda.

Yana bir asosiy masala – davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qo‘shimcha pulli taʼlim-tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini kengaytirish zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining 2019-yil 18-yanvardagi buyrug‘i bilan “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qo‘shimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. Mazkur nizomda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha pulli xizmatlar ro‘yxati keltirilgan. Biroq mazkur xizmatlar doirasi chegaralangan va xizmatlardan foydalanuvchilar uchun moslashuvchan emas. Xususan, bolani parvarishlash, unga vaqtincha qarab turish, o‘qitish xizmatlari faqat dam olish kunlari yoki ish kuni yakunlangandan keyin ko‘rsatilishi nazarda tutilgan.

Xorijiy davlatlarda mazkur turdagi xizmatlar maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan ota-onalarning ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Masalan, Gonkongda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining o‘zida yoki mustaqil tarzda Bolalarni parvarish qilish markazlari (Child Care Centre) tashkil etilgan bo‘lib, ular bola parvarishi bilan bog‘liq qator xizmatlarni taqdim etadi. Xususan, mazkur turdagi markazlarda bolalarni vaqtincha (to‘liq kun, yarim kun yoki ikki soat) parvarish qilish xizmati mavjud. Bu xizmat uyda tarbiyalanadigan bolaga muayyan vaziyatlarda (ota-onalar yoki qonuniy vakillarning to‘satdan ishlari chiqib qolganda) vaqtincha qarab turish, ovqatlantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, tibbiy yordam kabilarni ham o‘z ichiga oladi. Haq to‘lash tartibi soatbay bo‘lib, narxlar belgilangan.

Avstraliyada davlat maktabgacha taʼlim muassasalari va bolalarni parvarish qilish markazlari Flexi Care (bolani vaqtincha parvarish qilish) xizmatini taqdim etadi. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun mobil ilovalar tuzilgan. Mazkur ilovalar orqali ota-onalar to‘liq kun, ertalab yoki kunning ikkinchi yarmi uchun vaqtinchalik xizmatlarga buyurtma berishadi. Ushbu xizmatlardan foydalanayotgan bolalar ham MTTda doimiy ro‘yxatga olingan bolalarga taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lishadi.

Rossiya Federatsiyasining xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ham bolalarga soatbay qarash xizmatlari tashkil etilgan bo‘lib, bu kabi muassasalar kamida 11 oylik bo‘lgan bolalarni qabul qiladi.

Qonunchiligimizda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ko‘chirishni tartibga soluvchi normalar mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 16-dekabrdagi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunida MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTlarga ko‘chirish tartibi belgilanmagan. Xususan, mazkur qonunning 6-bobi bevosita bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bolalarni boshqa MTTga ko‘chirishga oid normalar yo‘q. Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti”da ham tarbiyalanuvchilarni boshqa MTTga ko‘chirish tartibi keltirilmagan.

Maʼlumot uchun:
“Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti”ning eski tahririda boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalarni imtiyozli asosda MTTga qabul qilishga oid norma bo‘lgan. Biroq Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-qarori bilan mazkur norma chiqarib tashlangan.

Qayd etish kerak, bugungi kunda ota-ona (qonuniy vakil)larning ish joyining o‘zgarishi, o‘qishga qabul qilinganligi, harbiy xizmat munosabati bilan yoki tarbiyalanuvchining xavfsizligi jihatidan boshqa hududga ko‘chish holatlari uchraydi. Biroq ko‘chib o‘tilgan hududdagi MTTlarga bolalarni qabul qilish bo‘yicha imtiyozli tartibning mavjud emasligi ota-onalar uchun turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish tartibi belgilab qo‘yilgan va mazkur toifadagi bolalarni qabul qilishda ustunlik huquqi ham nazarda tutilgan. Xususan, Finlandiyaning 2018-yil 13-iyulda qabul qilingan “Erta taʼlim to‘g‘risida”gi 540-qonuniga ko‘ra, agar bolaning ota-onasi ish yoki o‘qishi munosabati bilan boshqa hududga ko‘chadigan bo‘lsa, bu haqda ko‘chib o‘tishdan kamida 2 hafta oldin bola o‘tkaziladigan maktabgacha taʼlim muassasasini belgilangan tartibda xabardor qilishi va mazkur muassasa esa bolani qabul qilish choralarni ko‘rishi lozim.

Litvada “Bir maktabgacha taʼlim muassasasidan boshqasiga navbatsiz qabul qilish va o‘tkazish tartibi” belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra boshqa hududdagi muassasada mehnat shartnomasi bo‘yicha kamida 6 oy ishlashi kutilayotgan xodimlarning farzandlari boshqa maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatsiz o‘tkaziladi.

Belаrus Respublikasida 2022-yil 9-avgustda hukumatning “Taʼlim oluvchilarni muassasalarga qabul qilish, ko‘chirish, o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash to‘g‘risida”gi 516- qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qaror MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish masalalarini ham qamrab oladi.

Rossiya Federatsiyasining “Maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarini qabul
qilish, ko‘chirish, o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash to‘g‘risida”gi nizomida tarbiyalanuvchilarni boshqa MTTga ko‘chirish tartibi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilangan. Mazkur hujjatda MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish asoslari, tartibi, ko‘chirishda kerak bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxati batafsil keltirilgan.

YUQORIDAGILARDAN KELIB CHIQIB, QUYIDAGI TAKLIFLAR ILGARI SURILADI:

– respublikamizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ECERS reyting shkalasidan
foydalangan holda baholash amaliyotini joriy qilish;

– maktabgacha taʼlim tashkilotlarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash;

– davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qo‘shimcha pulli taʼlim-tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini yanada kengaytirish, MTTlarda bolalarni vaqtincha (to‘liq kun, yarim kun yoki ikki soat) parvarish qilish xizmatini joriy qilish;

– qonunchilikda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ko‘chirishni tartibga soluvchi normalarni mustahkamlash, MTT tarbiyalanuvchilarini alohida holatlarda, jumladan, ota-onasining ish joyi o‘zgarishi, o‘qishga qabul qilinganligi, harbiy xizmat munosabati bilan yoki tarbiyalanuvchining xavfsizligi jihatidan boshqa hududdagi MTTga ko‘chirishda imtiyozlarni nazarda tutish.

Shoira ALAMONOVA,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

 

1 https://qalampir.uz/uz/news/bogchada-bolalarni-urgan-tarbiyachi-ishdan-bushatildi-10098
2 Bulung‘urda tarbiyalanuvchini urgan bog‘cha mudirasi ishdan bo‘shatiladi. Bolaga sud ekspertizasi tayinlangan (kun.uz)
3 https://kun.uz/03897909
4 Namangandagi bog‘cha tarbiyalanuvchisi issiq suvdan kuyib vafot etishi ortidan MTT direktori va bir necha xodim ishdan bo‘shatildi — “Daryo”
5 https://kun.uz/69300822
6 Farg‘onada bog‘cha bolalarini tinchlantirish uchun temir qoshiqdan foydalanib, 4 yoshli bolaning bir ko‘zidan ayrilishiga sababchi bo‘lgan tarbiyachiga
sud hukmi o‘qildi — “Daryo”