Mahalla va ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari sifatidagi o‘rni

0
65

Mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni ro‘yobga chiqarishda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar muhim rol o‘ynamoqda. Shuningdek, ular inson huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy faolligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, davlat va hokimiyat tuzilmalari ustidan haqiqiy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdagi mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “…millati, tili va dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat» g‘oyasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratamiz. Shu asosda mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va mas’uliyatini yanada kuchaytiramiz. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkaziladi”1.

Ana shunday jamoatchilik tuzilmalaridan biri – mahalla ajdodlarimizdan bizga meros jamoaviy turmush shakli sifatida asrlar osha yashab kelayotgan bo‘lsa-da, mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati poydevori sifatida yanada sayqal topdi. Mahalla noyob, betakror ijtimoiy boshqaruv idorasi bo‘lgani sababli uning roli va ta’sirchanligini oshirish saylov jarayonlari bilan hamohangdir.

Mahalla yuksak ma’naviyat beshigidir. Chunki yuksak ma’naviyat, avvalo, inson tug‘ilib o‘sgan makon – oila va mahallada shakllanadi. Bu muhitda toblangan va ota-bobolarimiz qadriyatlari ruhida tarbiya topgan farzandlarning istiqlol g‘oyalariga sodiq ruhda ulg‘ayishi millat ravnaqining asosiy shartidir.

Fikrimizning tasdig‘i O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan quyidagi normada o‘z ifodasini topgan, ya’ni “Fuqarolar shaharchalarda, qishloqlarda, ovullarda, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi mahallalardaa o‘zini o‘zi boshqarishga doir o‘z konstitusiyaviy huquqini fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlariga muvofiq fuqarolar yig‘inlari (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlari) orqali amalga oshiradi”. Shu o‘rinda mahallalarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarni o‘z manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda hal qilish borasidagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlanadigan mustaqil faoliyatini amalga oshirishishi qayd etish lozim.

“Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak”. Shuning uchun har bir mutasaddi mahalla va tuman hayotini ipidan ignasigacha bilishi shart2. Ulug‘ ajdodlarimiz aytganidek, rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak. Agar qaysiki rahbar davrning bu o‘tkir talabini tushunmasa, ularni endi xalqimiz ham, hayotning o‘zi ham qabul qilmaydi.

O‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish kabi ezgu amallar mahalla hayotida yorqin namoyon bo‘ladi.

Insonni jamiyat bilan birga yashashga o‘rgatadigan, shu ruhda tarbiyalaydigan birlamchi va beqiyos makon – mahalladir.

O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo‘lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan, qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasidir.

Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda. Albatta, bunday ochiqlik va oshkoralik sharoitida ishlash, o‘z faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qilish eskicha qoliplar bilan yashayotgan ayrim amaldorlarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin, bundan qat’i nazar, biz bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz. Shu maqsadda amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, syenzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari bugun xalq ovozi, tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham nodavlat ommaviy axborot vositalarini fuqarolik jamiyati instituti ekanligini konstitusiyaviy darajada e’tirof etilishi jamiyatimizda so‘z erkinligini inson taraqqiyotining ajralmas va muhim omiliga aylanishiga xizmat qiladi.

Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlarining mushtarak maqsadi sifatida “fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishga, ijtimoiy hamda madaniy maqsadlarga erishish uchun ko‘maklashishga, jamiyatning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgandir” – deb belgilanmoqda.

Muborak Usmanova,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori,

Muqaddasxon Ahmedova,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori

 

 

1. Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 noyabr kuni innaugurasiya marosimida so‘zlagan nutqi. Xalq so‘zi, 2021 yil 7 noyabr.

2. Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 noyabr kuni innaugurasiya marosimida so‘zlagan nutqi. Xalq so‘zi, 2021 yil 7 noyabr.