O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartirishlarni aholi va jamoatchilik muhokama qilmoqda.

Xo‘sh, bugun O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘zgarishlar va islohotlar konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni talab etadimi?

Konstitutsiyaning 53-moddasiga asosan bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan
O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi 5 yilda mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, xususiy mulkni himoya qilish, investorlarning huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish va ularga imtiyoz, preferensiyalar berish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish, yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek soliq va bank-moliya tizimini takomillashtirish borasida ko‘p ish qilindi.

2019-yil 25-dekabrda investitsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi 3 ta qonun birlashtirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun investorlarning huquqlari kafolatlarini kuchaytiradi hamda yurtimizdagi investitsion muhitni yaxshilaydi.

2019-yil 3-avgustda O‘zbekiston Prezidentining “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. Ushbu farmoyish bilan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha yangicha tizim yaratildi va bu orqali ularning mulk huquqi kafolatlari kuchaytirildi.

Shuningdek, 2021-yil 15-noyabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun jismoniy va yuridik shaxslarga yerdan erkin foydalanish huquqini ta’minladi.

Yangi Soliq kodeksi bilan soliq tizimi takomillashtirildi va soliqlar turi 16 dan 9 taga qisqartirildi. Soliq organlari nazorat qiluvchi organ emas, balki soliq to‘lovchilarga yordam ko‘rsatuvchi organga aylandi.

Bundan tashqari, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun asosida O‘zbekiston iqtisodiyotida yangi yo‘nalish joriy etilib, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiyotni rivojlantirishning huquqiy asosi yaratildi.

Shu bilan birga, 2017-yil 2-sentabrda O‘zbekiston Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, valyuta siyosati liberallashtirildi. Xususan, jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklari orqali erkin sotish va sotib olish hamda sotib olingan mablag‘ni hech qanday cheklovlarsiz tasarruf etish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilindi. O‘zbekiston hududida tovar, ish va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat milliy valyutada amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Yuqorida sanab o‘tilgan islohotlar bevosita jamiyatdagi iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi natijasida amalga oshirildi.

Konstitutsiya o‘zgarishlarga reaksiyasini ko‘rsatishi va zamonga moslashib borishi lozim.
XXI asrda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga dunyo davlatlarida normal holat sifatida qaralmoqda. Ko‘p davlatlar jamiyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishidan kelib chiqib, konstitutsiyalariga o‘zgartirishlar kiritmoqda.

MASALAN:

Oxirgi 22 yil davomida 57 ta davlatda yangi konstitutsiya qabul qilingan va 90 ga yaqin davlatda konstitutsiya o‘zgartirilgan. Xususan, ushbu davrda Shvetsariya konstitutsiyasiga 19 marta, Avstriya konstitutsiyasiga 18 marta, Isroil konstitutsiyasiga 17 marta va Hindiston konstitutsiyasiga 15 marta o‘zgartirish kiritilgan.

Islohotlarning asosiy mazmun-mohiyatini mamlakat konstitutsiyasida aks ettirish ularning samaradorligini kuchaytiradi.

MASALAN:

2021-yil 15-noyabrda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinib, jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini xususiylashtirish va yerdan bozor munosabatlarining obyekti sifatida erkin foydalanish huquqi berildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu huquqning berilishi O‘zbekiston sharoitida iqtisodiy munosabatlardagi o‘ta muhim islohot bo‘lib, uni mamlakat konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yishga hech qanday to‘siq mavjud emas. Aksincha, yer uchastkalarining fuqarolarga xususiy mulk qilib berilishi to‘g‘risidagi normaning asosiy qonunda mustahkamlab qo‘yilishi fuqarolarning davlatga nisbatan ishonchi ortishiga va davlat tomonidan fuqarolarning iqtisodiy huquqlari kafolatlarining kuchaytirilishiga olib keladi.

Bu kabi normalarni xorijiy davlatlar konstitutsiyasida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Gretsiya, Italiya va Ruminiya kabi davlatlarning konstitutsiyalarida yer fuqarolarga xususiy mulk sifatida berilishi mumkinligi to‘g‘risida normalar mavjud.

Xorij tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekiston Konstitutsiyasida (55-moddaning 2-qismi sifatida) “Fuqarolar va yuridik shaxslar yerga xususiy mulk sifatida egalik qilishi mumkin” degan normani kiritish maqsadga muvofiqdir.

Alohida ta’kidlash joiz, oxirgi 5 yillikda davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor berildi va bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti tashkil etildi. Bugun ushbu organ tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida 2019-yilda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (hozir Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi) tashkil etildi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholining keng tabaqalarini tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga jalb etish uning asosiy vazifasi sifatida belgilandi.

Shuningdek, davlat rahbari tomonidan 2021-yildan boshlab har yili avgust oyida tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tadbirkorlar tizimli muammolar yuzasidan bevosita davlat rahbariga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi 31-qarori bilan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular zimmasiga mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, ularga doimiy daromad manbayini yaratishga ko‘maklashish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish vazifasi yuklatildi.

Tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan ushbu muhim islohotlar ham u yoki bu tarzda davlat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni talab etadi.

2022-yil 28-yanvarda Prezidentning “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan jamiyat hayotining boshqa jabhalari kabi iqtisodiy sohada ham kelgusi 5 yilda muhim islohotlarni amalga oshirish belgilab berildi.

Ta’kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish ham kelgusida mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish ehtiyojini vujudga keltirishi mumkin.

Masalan, Taraqqiyot strategiyasida kelgusi 5 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 120 milliard
AQSH dollari, jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish belgilangan.

Ushbu maqsadni amalga oshirish o‘z navbatida davlatdan investorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishni hamda ularga zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratishni talab etadi.

Investitsiyalarni jalb etish har bir davlatning iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etadi, chunki xorijiy investitsiyalar, birinchidan ushbu davlatning iqtisodiyotini rivojlantirishga yordam bersa, ikkinchidan investitsiya kiritgan davlatlarning iqtisodiyot sohasidagi tajribasidan foydalanish imkonini beradi, uchinchidan aynan ushbu davlatlar bilan eksport-import munosabatlarini rivojlantirish va dunyo davlatlari bilan integratsiyalashish uchun sharoit yaratadi.

Bu kabi normalar Turkiya, Bolgariya va Filippin kabi davlatlarning konstitutsiyalarida nazarda tutilgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda jamiyatning iqtisodiy hayotida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni talab etmoqda.

Nazarali NORBOYEV,
Qahhor JUMAYEV,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimlari