“Habeas korpus” instituti doirasida mulkiy huquqlarni muhofazalash

0
39

Mamlakatimizda xususiy mulk himoyasi va mulkiy huquqlarning daxlsizligiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2022-yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda davlat rahbari mulk huquqi muammolari tahliliga alohida yo‘nalish sifatida to‘xtalib, uni himoya qilish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Mazkur tashabbuslarni hayotga tatbiq etish maqsadida 2022-yil 24-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 198-farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan mulkka erkin egalik qilish, undan foydalanishga va uni tasarruf etishga to‘sqinlik qilayotgan tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi. Mulkiy huquqlar daxlsizligi yanada mustahkamlandi.

Shuningdek, farmonning eng muhim jihatlaridan biri sifatida jinoyat ishlari doirasida mulkiy huquqlarning daxlsizligini kafolatlash bo‘yicha davlat rahbari ilgari surgan takliflarni alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning egaligidagi mulk “Habeas korpus” instituti doirasida muhofazaga olinib, mulkni xatlash vakolati tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov organlaridan sudga o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. “Habeas korpus” instituti jinoyat protsessi ishtirokchilarining mulkiy huquqlari muhofazasi borasida qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?

“Habeas korpus” ingliz jinoyat-protsessual huquqi instituti bo‘lib, shaxs daxlsizligi prinsipi bilan chambarchas bog‘liq. Unga asosan jinoiy ta’qibga uchragan har bir shaxsning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqi kafolatlanadi. Mazkur institut Angliya milliy huquq tizimi elementi sifatida paydo bo‘lgan, so‘ngra anglosakson huquqiy oilasining boshqa mamlakatlariga ham kirib borgan. Hozirgi kunda mazkur institut dunyoning hamma qismlarida erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida keng tarqalgan.

“Habeas korpus” institutida asosiy e’tibor inson huquqlarini sud orqali himoya qilishga qaratiladi. Unda nafaqat shaxsiy daxlsizlik huquqi, shu bilan birgalikda, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bir qator normalar o‘rin egallagan. Jumladan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlash bilan bog‘liq qarorlar sudda ko‘rib chiqilishi lozim. Ya’ni bunda shaxsni qamoqqa olishga sanksiya berish singari, uning mulkini xatlab qo‘yish ham sudlar vakolatiga berilgan. Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, anglosakson huquq tizimining mazkur elementi roman-german (qit’a) huquqiy oilasi mamlakatlari milliy qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan.

Shu jumladan, Germaniya jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra kechiktirib bo‘lmaydigan
hollardan tashqari barcha holatda mol-mulkni xatlash to‘g‘risida qaror chiqarishga faqatgina sud vakolatli sanaladi. Fransiya qonunchiligiga asosan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki ularning qilmishlari uchun qonuniy javobgar bo‘lgan shaxslar mulkini xatlash to‘g‘risidagi qaror tergovni amalga oshiruvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan chiqariladi. Analogik normalar roman-german (qit’a) huquqiy oilasining boshqa mamlakatlari, shu jumladan Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon va boshqa bir qator davlatlar jinoyat-protsessual qonunchiligida o‘z ifodasini topgan. Xususan, Qozog‘iston jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra mulkni xatlash zarurati tug‘ilganda dastlabki tergovni amalga oshiruvchi shaxs gumon qilinuvchining yoki ularning qilmishlari uchun qonuniy javobgar bo‘lgan shaxslarning mol-mulkini xatlash haqida sudga ariza berish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Bunda mulkni xatlashga sanksiya berish huquqi sudyaga tegishli hisoblanadi.

Milliy qonunchiligimizda mazkur farmon qabul qilingunga qadar bo‘lgan tartiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi va ayblanuvchining mol-mulki, pullari, hisobraqamlarini xatlab qo‘yish (“arest”) uchun surishtiruvchi yoki tergovchining qarori yetarli edi. Shu boisdan mazkur tartib jinoyat protsessida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgar mol-mulkining daxlsizligini yetarli darajada kafolatlamaydi.

Xususan, so‘nggi 2,5 yilga (01.01.2020 – 30.06.2022-yillar) nazar tashlaydigan bo‘lsak, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va fuqaroviy javobgarlarga tegishli 1,5 trln so‘mlik 5144 ta mol-mulk sudgacha bo‘lgan bosqichda xatlab qo‘yilgan. Shundan 516 mlrd so‘mlik 525 ta mol-mulk hozirga qadar xatlovda turibdi.

Endilikda farmon bilan “Habeas korpus” instituti doirasida surishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini sudda ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish insonning fundamental huquqlaridan biri sanaladi. Davlatchilik nazariyalariga ko‘ra xususiy mulkning muhofazasi mamlakatning muhim funksional vazifasi. Fikrimizcha, farmon bilan o‘rnatilgan yangi tartiblar davlatning mazkur vazifalarini ijro etish mexanizmlarini takomillashtirish, mulkiy jihatdan javobgar bo‘lgan jinoyat protsessi ishtirokchilarining xususiy mulki daxlsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.

Mirjalol ALLAKULIYEV,
Adliya vazirligi Qonunchilik departamenti boshlig‘i