Eksport sohasidagi muammolarni yechish yo‘llari

0
141

Bugun xorijiy davlatlar bilan eksport-import munosabatlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kerak bo‘lyapti.

2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlatimizning eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilab olingan.

Jumladan, 2026-yilda respublika eksport hajmini 30 mlrd. AQSH dollariga yetkazish (2021-yilda ushbu ko’rsatkich 16 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan), 2026-yil oxirigacha eksportchi korxonalar sonini joriy yil boshidagi 6,5 mingtadan 15 mingtaga oshirish belgilangan. Xususiy sektorning eksportdagi ulushini 60 foizgacha o‘stirib, tovarlarning eksport geografiyasini 115 ta davlatdan 150 taga ko‘paytirish maqsad qilingan.

Davlat statistika qo‘mitasining maʼlumotiga ko‘ra, oxirgi 3 yilda eng ko‘p mahsulotlar Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Tojikiston, Kanada va
Eron kabi davlatlarga eksport qilingan.

Oltin (ishlov berilmagan yoki yarim ishlov berilgan holda), paxta ipi, transport xizmati, neftgaz mahsulotlari, tozalangan va tozalanmagan mis qotishmalari, bug‘doy va javdar uni, birlamchi shakldagi polimer etilonlari, yengil avtomobil, quritilgan va tozalangan dukkakli mahsulotlar va ho‘l mevalar eng ko‘p eksport qilingan.

Oxirgi yillarda eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga
oshirildi. 2019-yilda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag‘batlantirish agentligi, xuddi shu yili nodavlat notijorat tashkiloti shaklida “O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasi tashkil etildi. 2020-yilda Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzurida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Eksportchi korxonalarga ko‘plab soliq va bojxona imtiyozlari berildi.

Xorijiy davlatlardagi biznes-forum va anjumanlarda ishtirok etishiga ko‘maklashildi. Hamda eksport bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga eksport sohasida bir qator muammolar ham saqlanib qolmoqda.

Birinchidan, eksport sohasi vakillari uchun bank xizmatlaridan foydalanishdagi to‘siqlar eksport oshishiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlar (asosan axborot texnologiyasi sohasidagi korxonalar, dizaynerlar, hunarmandlar, rassomlar) onlayn (internet) do‘kon ochishdi.

Mahsulotlarini xorijiy fuqarolarga ham masofadan sotishmoqda. Biroq ular bu jarayonda muammolarga duch kelishdi. Xususan, ular sayt yaratib unga bank internet-ekvayring xizmati (terminalsiz onlayn to‘lovlarni qabul qilish)ni ulash uchun banklarga murojaat qilishganda, ko‘pchilik banklar bu xizmatni ulamayapti.

Eksportchi korxonalar vakillarining maʼlumotiga ko‘ra, rad etish sabablari quyidagicha tushuntirilmoqda:

birinchidan, ko‘pchilik banklarda ushbu xizmat mavjud emas;

ikkinchidan, onlayn-do‘kon (sayt) “.uz” domenidan boshqa domenda ochilganligi.

Natijada milliy korxonalarimiz mahsulotlarini sotish uchun boshqa davlatlardagi banklar xizmatidan foydalanishyapti. Soha vakillari uchun chet el bankidan foydalanish ortiqcha xarajatni yuklamoqda. Bundan tashqari, boshqa davlatlardagi banklar xizmatidan foydalanib, to‘lovlarni qabul qilish O‘zbekiston uchun eksport hisoblanmaydi.

Xorijiy davlatlar hududida “.uz” domeniga kirish ancha qiyin bo‘lgani uchun hamda mijozlarga saytdan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida eksportchi korxonalar nisbatan yuqori darajadagi domenlardan (masalan “.com”, “.biz” “.trade”) foydalanishyapti. Ammo bu saytlar bank xizmatidan foydalanishda yuqoridagi kabi muammoga duch kelishadi. Ushbu muammo ham milliy korxonalarning eksport salohiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, onlayn tijoratning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Ikkinchidan, eksport qiluvchi korxonalarning transport xarajatlari qonunchilikda belgilangan muddatlarda to‘lanmaganligi ushbu korxonalarning eksport salohiyatiga va moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-oktabrdagi 618-qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 2-bandiga asosan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 50% gacha qismi davlat budjeti hisobidan (Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag’batlantirish agentligi) qoplab berilishi nazarda tutilgan. Nizomning 1-ilovasida tashish xarajatlarining bir qismini davlat budjetidan qoplab berish mexanizmi belgilangan. Unga ko‘ra, eksport qiluvchi transport xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha murojaat qilgan kundan boshlab 7 ish kuni ichida vakolatli organ xarajatlarning bir qismini qoplash bo‘yicha qaror (xulosa) qabul qiladi.

Har hafta yakuni bo‘yicha kelasi haftaning birinchi ish kunida subsidiya ajratish bo‘yicha buyurtmalarni tayyorlaydi hamda to‘lab berish uchun Moliya vazirligiga taqdim etadi. Vazirlik buyurtmaga asosan 2 ish kuni ichida davlat budjetidan subsidiya ajratadi. Ushbu mablag‘ g‘azna hisobvarag‘iga tushgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan eksport qiluvchi korxonaning bankdagi hisobraqamiga o‘tkazib beriladi (jami 16
ish kunida to‘lab berilishi kerak).

Biroq “O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasining maʼlumotiga ko‘ra, ushbu muddat (jarayon) turli obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra 1 oygacha, baʼzida 2 oygacha cho‘zilib ketmoqda. Bu narsa eksport qiluvchi korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Yagona elektron platformaning yo‘qligi murojaatlar bilan ishlashda qiyinchilik tug’dirmoqda. Yagona elektron platformaning yaratilishi vakolatli organ xodimlarining masʼuliyatini oshiradi. Murojaatlar bo‘yicha harakatlarni tizimda belgilangan qat’iy muddatlarda amalga oshirish majburiyatini yuklaydi. Natijada eksport qiluvchi korxonalarning transport xarajatlari vaqtida to‘lab berilishi taʼminlanadi.

Uchinchidan, bojxona postlari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanmagan, binolar taʼmirlanmagan va xodimlar yetishmaydi. Shuning uchun eksport mahsulotlari bojxonalarda uzoq muddat turib qolyapti.

Hozir bojxona postlari orqali katta miqdordagi yuklar xorijiy mamlakatlarga yuborilyapti. Biroq bojxona postlarida yuk mashinalarining tirbandligi yuzaga kelib, ular post atrofida uzoq vaqt turib qolmoqda. Mashina yukxonasidagi mahsulotlar vaqt o‘tishi bilan jiddiy shikastlanmoqda. Natijada eksportchilarning xorijiy hamkorlari mahsulot sifati borasida norozilik bildirishmoqda.

Bundan tashqari, bojxona postlaridagi ko‘plab avtoturargohlarda xavfsizlik vositalari (hovuzlar, o‘t o‘chirish shitlari) yo‘q.

To‘rtinchidan, shartnomaga amal qilmaydigan “Importchi korxonalar qora ro‘yxati” mavjud emas. Shundan ko‘p korxonalar xorijiy hamkorlar tomonidan aldanmoqda.

Oxirgi yillarda onlayn tijoratning rivojlanishi natijasida milliy korxonalarimizning eksport miqdori sezilarli darajada ortib bormoqda.

Tadbirkorlarimiz shartnoma tuzib, xorijiy hamkorlariga mahsulotlarni oldindan yetkazib berayapti, shartnomalar bo‘yicha mahsulotlar narxini oldindan to‘lamoqda. Biroq keyingi bosqichda moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelishmoqda. Yaʼni, ko‘p hollarda xorijiy kompaniyalar narxi oldindan to‘lab berilgan mahsulotlarni yetkazib bermaydi. Yoki aksincha, yetkazib berilgan mahsulotning pulini ololmayapti. Natijada tadbirkorlar katta miqdorda moliyaviy zarar ko‘rishmoqda. Bundan tashqari, tadbirkor pulini va mahsulotlarini qaytarish maqsadida xorijiy hamkori bilan sudlashyapti. Vaqtini ana shunday tortishuvlarga sarf­layapti. Bu esa ularning eksport faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Vakolatli davlat organi tomonidan “Importchi korxonalar qora ro‘yxati”ning tuzilishi tashqi savdo munosabatlarida shaffoflikni ta’minlaydi. Eksportchi korxonalarimizning manfaatlarini himoyalashga xizmat qiladi. O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalari mazkur xorijiy davlatning vakolatli organi ma’lumotlari asosida ushbu ro‘yxatni tuzish mumkin bo‘ladi.

Beshinchidan, eksport qiluvchi korxonalarga ajratiladigan kredit muddatining nisbatan qisqaligi ularning kelajakdagi moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2020-yil 21-oktyabrda qabul qilgan “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 5-bandiga asosan Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 1 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda (yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollaridan oshgan eksport qiluvchi korxonalarga 5 million AQSH dollarigacha ekvivalentda) hamda 1 yilgacha muddatga taqdim etiladi.

Yaʼni, mavjud tartibga ko‘ra agentlik va tijorat banklari o‘rtasida bosh kelishuv tuziladi. Kelishuvga muvofiq tadbirkor eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari yoki eksport faoliyati uchun kredit olish maqsadida banklarga murojaat qiladi.

Tijorat banklari agentlik ajratadigan mablag‘lar hisobidan eksportchi korxonalarga 1 yilgacha muddatga kredit beradi.

Biroq eksportchi korxonalar vakillari hamda “O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasi masʼul xodimlari bilan suhbatlashilganda, ushbu muddat biroz qisqaligi va kreditlarni 1 yilda qaytarish qiyinligini bildirishdi.

O‘z navbatida, kredit vaqtida qaytarilmagandan so‘ng bank tadbirkorni sudga bergan hamda undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilayotgan hollar kuzatilmoqda. Bu esa eksportchi korxonaning moliyaviy holatiga jiddiy salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, yuqoridagi farmonning 5-bandi 3-qismida “agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditni to‘liq qaytarmagan eksport qiluvchi uchun bunday moliyaviy resurslar ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilangan.

Shu sababli yuqoridagi farmon doirasida eksport qiluvchi korxonalarga ajratiladigan kredit
muddatini 1 yilgacha muddatdan 1,5 yoki 2 yilgacha uzaytirish maqsadga muvofiqdir.

Oltinchidan, yaqin 5-10 yilga mo‘ljallangan Eksportni rivojlantirish milliy strategiyasining mavjud emasligi eksportni rivojlantirish hamda qo‘yilgan maqsadlarga erishishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Prezidentining “2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi 60-farmonida yaqin 5 yillikda mamlakatimizda eksportni rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olingan. Shuningdek, Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiq bo‘lgan eksportni qo‘llab-quvvatlash va subsidiyalash choralarini ishlab chiqish maqsad qilingan.

Biroq yurtimizda yaqin 5 yoki 10 yillikda eksportni rivojlantirish bo‘yicha yagona dastur (milliy strategiya) mavjud emas, bu esa ushbu sohada belgilab olingan maqsadlarga erishish imkonini cheklaydi hamda davlatning bu boradagi siyosati yo‘nalishlarini belgilashni qiyinlashtiradi.

Hozirgi xalqaro rivojlanish tendensiyasi eksportni rivojlantirish va uning geografiyasini kengaytirish uchun davlat tomonidan eksportchilarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashni, aniq vazifalarni amalga oshirishni hamda eksportchi korxonalar vakillarining bilim darajasini xalqaro standartlar asosida oshirib borishni, shuningdek, eksportchilarda xorijiy hamkorlari bilan muloqotga kirishishda yuqori darajadagi ko‘nikmalarni shakllantirishni talab etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida eksportni rivojlantirish borasida belgilangan maqsadlarga erishish maqsadida 2023—2026-yillarda O‘zbekistonda eksportni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirish hamda sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

1. Quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan yagona elektron platformani ishlab chiqish va ishga tushirish:

– eksport qiluvchi korxona vakillari tomonidan eksport xarajatlari (shu jumladan, eksport kontraktlarini sug‘urtalash va transport xarajatlari) ning bir qismini qoplab berish bo‘yicha Eksportni rag‘batlantirish agentligiga onlayn murojaat qilish;

– murojaat mualliflari tomonidan o‘z murojaatlarini onlayn kuzatib borish.

Agentlik tomonidan eksportchi korxonalar eksport xarajatlarining bir qismini qoplab berish to‘g‘risidagi buyurtmalarni Moliya vazirligiga ushbu platforma orqali yuborish va ijro holatini kuzatib borish.

2. Eksport qiluvchi korxonalar tomonidan mahsulotlarini onlayn sotish maqsadida yaratilgan saytlarga bank internet-ekvayring xizmatini (terminalsiz onlayn to‘lovlarni qabul qilish) ulash tizimini takomillashtirish, xususan, “.uz” domenidan boshqa domenlardan foydalangan holda yaratilgan saytlarga ham ushbu xizmatni ulash tizimini joriy etish.

3. O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 21-oktabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida eksport qiluvchi korxonalarga ajratiladigan kredit muddatini 1,5 yoki 2 yilgacha uzaytirish.

4. Eksportchi korxonalarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida
“Importchi korxonalar qora ro‘yxati”ni tuzish.

5. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida eksportni rivojlantirish borasida belgilangan maqsadlarga erishish maqsadida 2023—2026-yillarda O‘zbekistonda eksportni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish.

6. Bojxona postlaridagi yuk mashinalarini tekshiruvdan o‘tkazuvchi texnik uskunalarni xatlovdan o‘tkazish va eskirgan uskunalarni bosqichma-bosqich yangilash choralarini ko‘rish.

Qahhor JUMAYEV,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bosh maslahatchisi