Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashda mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlarining roli katta. Ular tadbirkorni tushunsa, u bilan munosabatlarini to‘g‘ri va qonuniy yo‘lga qo‘ysa, hududda ishbilarmonlik muhiti rivojlanadi, bu esa tadbirkorning faoliyatida bevosita o‘z aksini topadi.

Shuni e’tiborga olib Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-yanvardagi “Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 8-qaroriga asosan hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini monitoring qilib borish va yillik reytingini tuzish amaliyoti joriy etilgan. 2019-yildan beri hududlarning biznes reytingi b-indicator.uz saytida e’lon qilinib kelinmoqda.

Yaqinda Adliya vazirligi O‘zbekistonda hududlarning yillik biznes reytingini e’lon qildi. Unga
ko‘ra 2021-yilning yakuni bo‘yicha 14 ta viloyat hamda 205 ta tuman (shahar)ning reytingi aniqlandi. Reyting 17 ta indikator bo‘yicha shakllantirilib, unda 30 ga yaqin mas’ul idora tomonidan kiritilgan qariyb 4 mingta statistik ma’lumot tahlil qilindi. Tahlil natijasiga ko‘ra quyidagi asosiy xulosalar olindi.

Biznes muhiti

Reytingdan eng muhim maqsad – qaysi hududda biznes muhiti yaxshi-yu, qayerda muammolar bor degan asosiy savolga oydinlik kiritishdan iborat.

O‘tgan yilgi biznes reytingiga ko‘ra 14 ta hudud ichida tadbirkorlik muhiti bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida qayd etildi. Kuchli uchlikni Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati egallangan.

Ahvol eng yomon hududlar sifatida esa Surxondaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida eng quyi natijalar qayd etildi.

Bundan tashqari, tuman darajasida baholash 6 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirildi. Tuman (shahar)lar orasida eng yaxshi ko‘rsatkich G‘ozg‘on shahrida (Navoiy viloyati) qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Angren shahrida (Toshkent viloyati) ekanligi aniqlandi.

Tadbirkorlarni “bezovta qilish” ortgan

So‘nggi yillarda reyting baholash tizimi tadbirkorlar faoliyatida tekshirishlarning salmog‘i tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2021-yilda tekshirishlar 2019-yilga nisbatan 34 foizga oshgan.

Tadbirkorlarni eng ko‘p tekshiruvchi idoralar sifatida soliq, sanitariya va karantin nazorati organlarini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, 2019 – 2021-yillarda o‘tkazilgan tekshirishlarning 40 foizi (81 mingta) soliq organlari, 21 foizi (42,5 mingta) sanitariya organlari, 17 foizi (35,8 mingta) karantin nazorati organlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Achinarlisi, tekshirishlarni o‘tkazishda eng ko‘p qonunbuzilish holatlariga ham aynan mazkur idoralar yo‘l qo‘ymoqda.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar tekshirishlar bilan eng ko‘p
bezovta qilingan: u yerdagi tadbirkorlarning 18,5 foizi tekshirilgan (o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 baravar yuqori). Shuningdek, Qashqadaryo (14,4 foiz), Sirdaryo (14,2 foiz), Navoiy (12,8 foiz) va Namangan (12,7 foiz) viloyatlarida ham eng ko‘p tekshirish o‘tkazilgan. Tadbirkorlar soniga nisbatan eng kam tekshirish esa Toshkent (5 foiz), Samarqand (7,7 foiz) va Andijon (7,8 foiz) viloyatlarida amalga oshirilgan.

Albatta, tadbirkorlarni tekshirish jamiyatning, shu jumladan, iste’molchilarning xavfsizligi uchun zaruriy vosita hisoblanadi. Lekin ushbu vakolatning suiiste’mol qilinishi, o‘z navbatida, tadbirkorlarning erkin faoliyat olib borishiga xalaqit beradi va ularga bo‘lgan ma’muriy bosimni oshiradi.

Shu sababli Prezidentning 2021-yil 15-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2022-yildan boshlab tadbirkorlarga ma’muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etildi.

Endilikda nafaqat ro‘yxatdan o‘tgan tekshirishlar, balki tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilayotgan noqonuniy tekshirishlar salmog‘i, nazorat organlari xodimlariga nisbatan qo‘llanayotgan ta’sir choralari ham baholanib boriladi.

Tadbirkorlik qilish istagi ortmoqda

2021-yilga kelib O‘zbekistondagi har 1000 nafar aholining 26 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Mazkur ko‘rsatkich 2020-yilda 25 nafar, 2019-yilda esa 24 nafar bo‘lgan. Aholi soniga nisbatan tadbirkorlar eng ko‘p hudud Toshkent viloyati bo‘lib, u yerdagi aholining 5,7 foizi tadbirkorlik bilan band. Tadbirkorlar eng kam hudud sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasini (aholining 1,6 foizi) qayd etish mumkin.

Tadbirkorlar sonining ortib borishi aholi bandligi yanada yaxshilanishiga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, tadbirkorlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularning davlat idoralariga nisbatan talabchanligi ham oshadi. Shu sababli ushbu holat biznes muhitini yanada yaxshilash kerakligini anglatadi.

Tadbirkorlikning “umri uzaymoqda”

Barqarorlik tadbirkorlar rivojlanayotganidan dalolat beradi. Barqaror va uzluksiz bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati o‘z natijasini berayotgan va daromad keltirayotganini anglatadi.

Xususan, o‘tgan yilda o‘z faoliyatini 3 yil davomida uzluksiz olib borayotgan tadbirkorlar barcha tadbirkorlarning 27,5 foizini tashkil etgan. Bu esa 2019-yilga nisbatan 31 foiz ko‘p. Ya’ni, O‘zbekistonda tadbirkorlar oxirgi 3 yil ichida nisbatan barqarorlashdi, yashovchanligi oshdi.

Eng ko‘p “yashovchan” tadbirkorlar ulushi Navoiy viloyatida bo‘lib, hududdagi tadbirkorlarning 44,4 foizini tashkil etadi. Uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning eng kam soni Toshkent viloyatida – ishlab turgan tadbirkorlarning 14,1 foizigina 3 yildan ortiq faoliyat olib bormoqda.

Biznesning yashovchanligini qo‘llab-quvvatlash uchun, o‘z navbatida, davlatdagi qonunchilik
ham shuni ta’minlashi – barqaror bo‘lishi kerak. Shu sababli qonunchilik hujjatlari barqarorligini ta’minlash kelgusidagi eng ustuvor vazifalaridan bo‘lishi lozim.

«Tadbirkorlikka qaytish» ko‘paymoqda

2020-yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan va nofaol bo‘lib qolgan tadbirkorlarimiz jami tadbirkorlarning 15 foiziga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib ularning soni qisqarib 12 foizga yaqinlashdi.

Ya’ni, ishlashni to‘xtatgan tadbirkorlarimizning aksariyati o‘z faoliyatini tiklamoqda. Biznesini tiklashda faol bo‘lgan eng ko‘p tadbirkorlar Andijon viloyatida qayd etilgan bo‘lib, u yerdagi barcha tadbirkorlarning atigi 6,5 foizi nofaol holatda turibdi (2020-yilda 18 foiz bo‘lgan). Aksincha, Samarqand viloyatida nofaol tadbirkorlar 2 baravarga ortib, umumiy tadbirkorlardagi ulushi 20 foizga yetdi.

Nizolar ortgan, shikoyatlar kamaydi

2021-yilda tadbirkorlarning sudlardagi nizolari 179,5 mingga yetib, 2020-yilga nisbatan deyarli 2 baravar, 2019-yilga nisbatan 10 foizga oshgan.

Tadbirkorlar ishtirokidagi eng kam nizolar Toshkent viloyatida ko‘rilgan bo‘lib, tadbirkorlarning 7,6 foizi sudlardagi nizolarda ishtirok etishgan. Eng ko‘p nizolar esa, tabiiyki, Toshkent shahrida ko‘rilgan bo‘lib, u yerdagi tadbirkorlarning 41 foizi sudlarda nizolashishgan. 2021-yilda nizolar sonining keskin oshishini 2020-yilda koronavirus pandemiyasi tufayli sudlarda nizolarni ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtatilgani bilan izohlash mumkin.

Shuningdek, 2021-yilda tadbirkorlarning o‘z buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha murojaatlari 44,6 mingtani tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 3 baravar kamaygan.

Eng yaxshi ko‘rsatkich Toshkent viloyatida bo‘lib, har 1000 ta tadbirkorning atigi 20 tasi shikoyat qilgan. Eng ko‘p murojaatlar Jizzax viloyatidagi tadbirkorlardan kelgan bo‘lib, murojaatlar soni har 1000 ta tadbirkorga 97 tadan to‘g‘ri keldi.

Xulosa

Hududlarning biznes reytingini yuritish davlat organlari uchun ham, aholi uchun ham muhim xulosalarni beradi.

Davlat uchun tadbirkorlik sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini aniqlash, tadbirkorlik faoliyatining holatini to‘g‘ri baholash hamda kelgusidagi marralarni aniqlab, strategiyalarni belgilash uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etadi. Fuqarolarimiz uchun esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash, rejalash va risklarni baholashda muhim hisoblangan axborotni taqdim etadi.

Reyting tizimi yakunlari bo‘yicha hududlardagi tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga yetkazildi. Jumladan, yuqoridagilardan kelib chiqib, hududlarda tadbirkorlik faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

birinchidan, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish holatlarini
qisqartirish maqsadida ushbu munosabatlarni qonun hujjati bilan tartibga solishni belgilash;

ikkinchidan, vakolatli shaxslar tomonidan noqonuniy tekshirish o‘tkazilganligi yoki belgilangan tartib-taomillar buzilgan holda davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi to‘g‘risida tadbirkorlik subyektlari xabar berishini rag‘batlantirish tizimini joriy etish;

uchinchidan, tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvi o‘tkazadigan mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish maqsadida ularga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, baholash natijalari hamma uchun ochiq bo‘lib, ulardan tahliliy ma’lumotlar tayyorlashda, shuningdek, ilmiy ishlarda ham foydalanish mumkin.

Shu bilan birga, mamlakatimiz tadbirkorlarining bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflari bo‘lsa, Adliya vazirligi bu bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qiladi.

Dilshod SHADIYEV,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi