Mamlakatimizda zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari, Prezidentning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oida chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4235-qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3-qarori shular jumlasidandir1.
Qabul qilingan mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning bosh maqsadi jamiyatimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning mehnat qilishi, o‘qishi uchun shart-sharoitlar yaratishdir.
Bugungi kunda ko‘pgina oilalarda ayollar va voyaga yetmagan farzandlar tayziq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda faqat tayziq qurboni bo‘lgan ayollar va qizlarga nisbatan himoya orderi beriladi.
Ba’zi holatlarda esa bir tushunmovchilik yuzaga kelmoqda. Bu voyaga yetmagan o‘g‘il bolaga ota (ona) tomonidan tayziq o‘tkazilsa qanday chora ko‘rish kerakligi masalasidir.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida “tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi – o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs” deb ko‘rsatilgan. Ushbu qonunga ba’zi o‘zgartirishlarni qo‘shish maqsadga muvofiq.
Jumladan, tayziq va zo‘ravonlik sodir etishi mumkin bo‘lgan va bunday tayziq va zo‘ravonlikdan jabrlanishga moyil bo‘lgan shaxslar doirasini ham aniqlashtirish lozim.
Misol uchun birgina Jizzax shahar hududida tayziq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 11 nafar erkak fuqaro murojaat qilishgan. Ammo qonunchiligimizga ko‘ra faqat tayziq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish ehtimoli bo‘lgan ayollarga himoya orderi berilishi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari Jizzax viloyati Zafarobod tumani Samarqand mahallasida yashovchi A.S. ismli ayol murojaat qilib, ikkinchi turmush o‘rtog‘i B.A. bilan ikki yildan buyon birga yashashini, lekin oilaviy muammolari sababli kelisha olmaganliklarini aytib, ajrimga ariza berganini ma’lum qilgan. Ammo mahalla faollari bilan uning yashash sharoiti o‘rganilganda uning ikkinchi turmush o‘rtog‘i B.A. birinchi turmushidan bo‘lgan 7 yoshli A. ismli o‘g‘liga to‘xtovsiz tayziq o‘tkazib kelgani aniqlangan. Bolaga o‘tkazilgan tazyiq natijasida unda psixoemotsional o‘zgarish bo‘lgan, shu tufayli darslarni o‘zlashtirolmay qolayotganligi aniqlangan. Oilada tinimsiz urushlar, baqirishlar bo‘lgan, bunga barham berish maqsadida
hudud profilaktika inspektori ayolga himoya orderi rasmiylashtirib bergan.
Bu holat natijasida tan jarohati yuzasidan ekspertiza tayinlanganda “sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati” sifatida baholangan. B.A.ga nisbatan BHMning 2 barabori miqdorida jarima belgilangan. Ammo bu davr mobaynida turmush o‘rtog‘i himoya orderi talablarini buzmaslik uchun xotiniga hech qanday tayziq o‘tkazmagan, lekin uning yetti yoshli o‘g‘liga nisbatan bunday harakatlarni davom ettirgan.
Qonunchiligimizda bunday holatlarga nisbatan javobgarlik masalasida oqsoqlik kuzatilmoqda. Xuddi shunday vaziyatlar ko‘p joylarda sodir etilib, tabiiy latent holatga aylangani achinarli holat. Olib borilayotgan tadqiqot natijalariga ko‘ra “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish lozim. Ya’ni qonun nomini “Oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” deb o‘zgartirib, quyidagi qo‘shimchalarni qo‘shish maqsadga muvofiq.
Himoya orderida keltirilgan cheklovlarga qo‘shimcha tariqasida nizo va kelishmovchilikni bartaraf etish maqsadida quyidagi cheklovlarni qo‘shish kerak:
– oilada zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni, mulk kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar yashash joyini tark etishga taklif qilish (bu holatda agarda er va xotin bir manzilda yashayotgan bo‘lsa, yuqorida keltirilgani kabi qonuniy nikohsiz oilada umumiy bo‘lgan farzandlarga nisbatan tayziq yoki zo‘ravonlik o‘tkazilgan bo‘lsa, ma’lum muddat ichida alohida yashash uchun yashash manzili tark etiladi. Bu holatda ayollarga nisbatan tayziq va zo‘ravonlik o‘tkazilganda janjallarni bartaraf etish uchun ayollar qanchadir muddat ota uyiga ketishiga to‘g‘ri keladi. O‘z uyiga qaytishida bir qancha tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Mana shu tushunmovchiliklarni bartaraf etish uchun ushbu bandni qo‘shish maqsadga muvofiq);
– oilada zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning voyaga yetmagan bolalar bilan uchrashishini tartibga solish (agarda oilaviy zo‘ravonlik voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etilsa, farzandning zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan ruhiy emotsional holati o‘zgaradi yoki unda qo‘rquv hissi paydo bo‘lishi natijasida stress, tutqanoq kabi holatlarga sabab bo‘ladi. Voyaga yetmagan shaxs o‘ziga kelishi uchun ma’lum muddat davomida zo‘ravon bilan uchrashmasligi shart).
Xotin-qizlar jinoyatining sabablari quyidagi hodisa va jarayonlarga asoslanadi, xususan:
1) ijtimoiy institutlarning, birinchi navbatda oilaning zaiflashishi;
2) jamiyatdagi keskinlashuv, nizolar va dushmanlik kayfiyati;
3) giyohvandlik, ichkilikbozlik, fohishalik va boshqalar kabi g‘ayriijtimoiy hodisalarning kuchayishi.
Biz yuqorida ko‘rib chiqqan misollar hozir keltirilgan birinchi asosga to‘g‘ri keladi, ya’ni oilaning zaiflashuviga. Oilada ayollarning o‘rni kamaysa yoki ayollar turmush o‘rtog‘ining vazifasini bajarishga o‘tgan holatda bu yaqqol ko‘rinadi. Boshqa bir asosga to‘xtalsak, jamiyatdagi keskin nizoli vaziyatlarning oshishi oilada sodir bo‘layotgan tayziq va zo‘ravonliklar natijasidir.
Ko‘pgina ayollarning jinoyatlari o‘rganilganda, aynan oiladagi jinoyatlar yillar davomida o‘tkazilgan tayziq va kamsitishlar natijasida ayolning miyasiga quyilib qolgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, ayolga nisbatan “Sen ayolsan, chidashing kerak, o‘rtada farzandlaring bor, u erkak” yoki erkak tomonidan ayolga “Sen odam bo‘lmaysan, farosatsiz, farzandlaring ham o‘zingga o‘xshagan, gapirishga haqqing yo‘q” kabi gaplar ko‘p ishlatilgan. Bu esa ayollarning ruhiyatida eriga nisbatan salbiy o‘zgarish bo‘lishiga olib kelgan.
Ayollar jinoyatchiligining mavjudligiga hissa qo‘shadigan yuqoridagi barcha hodisalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, asta-sekin dunyoda sodir bo‘layotgan global o‘zgarishlar ta’sirida kuchaya boshladi.
Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilikning sabablari, afsuski, bugungi kunda har bir inson uchun odatiy holga aylangan ijtimoiy taraqqiyotning ziddiyatlari bilan chambarchas bog‘liq. Bu e’tiborsizlik oqibatida biz kelajakda qanday qilib jinoyatchilikni kamaytirishga erishishimiz mumkin? Avvalo huquqiy madaniyatni targ‘ib qilish lozim va bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish maqsadga muvofiq. Diniy tomondan ham, dunyoviy tomondan ham boshqa shaxsga zulm o‘tkazish, unga shikast yetkazish qoralangan. Biz bu nizolarning oqibatlari bilan emas, balki sabablarini o‘rganib, ular bilan kurashishimiz lozim.
Har bir shaxs huquqiy va diniy ilmga ega bo‘lsa, uni hayotga tatbiq qila olsa yuqorida keltirilgan noxush holatlar sodir bo‘lmaydi.
Kamola QILICHOVA,
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim fakulteti
tayanch doktaranturasi mustaqil izlanuvchisi
1 Oiladagi zo‘ravonlik: yuzaga kelish sabablari va oqibatlari tahlili. 22.11.2023-yil, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori,pedagogika fanlari doktori, professor Egamberdiyeva Nodira Melibayevna. https://ijtimoiy.uz/2634/.