Mutaxassis huquqiy maqomining retrospektiv tahlili

0
422

Mamlakatimizda shakllangan huquqiy tizim o‘ziga xos murakkabliklarga ega. Bu tizim milliy urf-odatlar, shariat va roman-german huquqiy oilasiga mansub normalarni qamraydi1.

Jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanish tushunchasi uzoq va o‘ziga xos rivojlanish tarixiga ega2. Mamlakatimiz jinoyatprotsessual huquqi tizimida mutaxassis ishtirokiga oid qonunchilik rivojlanishini quyidagi davrlarga bo‘lishimiz mumkin:

  • respublikamiz hududida dastlabki davlatlar vujudga kelishidan to eramizning VII–VIII asriga qadar bo‘lgan jinoyat ishlarini yuritishda maxsus bilimlarga ega bo‘lgan shaxs xizmatidan foydalanish tartibining yuzaga kelishi va rivojlanish davri;
  •  VII–VIII asrdan to Rossiya bosqiniga qadar mamlakatimiz hududida amalda bo‘lgan islom huquq tizimida mutaxassis ishtirokining shariat qoidalari bilan tartibga solinishi va rivojlanish davri;
  • mamlakatimiz hududining Rossiya bosqinidan to mustaqillikkacha bo‘lgan davr;
  •  mustaqillikdan keyingi davr.

Respublikamiz hududida mavjud bo‘lgan qadimgi davlatlarda jinoyat va jazo tizimi eramizning VII-VIII asriga qadar odat huquqi3, shuningdek, zardushtiylik dinining asosiy manbasi “Avesto” kitobi asosida4 tartibga solingan.

“Avesto”, Ovasto (parfiyoncha: apastak – matn; ko‘pincha “Zend-Avesto”, ya’ni “tafsir qilingan matn” deb ataladi) – zardushtiylikning muqaddas kitoblari to‘plamidir. “Avesto” qadim Turonda, xususan, Xorazmda miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmida vujudga kelgan. “Avesto”da nomi zikr etilgan xalqning vatani Sirdaryo, Amudaryo etaklari va Zarafshon vodiysi bo‘lgan.

“Avesto” uzoq vaqt mobaynida shakllangan. Undagi ma’lumotlarning eng qadimiy qismlari miloddan avvalgi 2-ming yillik oxiri – 1-ming yillik boshiga oid bo‘lib, kitob og‘zaki tarzda avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Keyingi asrlarda “Avesto” tarkibiga turli diniy urf-odatlar bayoni, axloqiy, huquqiy qonun-qoidalar qo‘shilgan.

“Avesto” O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari xalqlari qadimiy madaniyatining bebaho tarixiy yodgorligi hisoblanadi. Ushbu nodir tarixiy-huquqiy yodgorlik qadimgi zamonlardagi siyosiy va huquqiy g‘oyalar haqida, odamlarning huquqiy ongi, mulkiy, oila-nikoh munosabatlarini tartibga soluvchi ijtimoiy normalar, jinoyat va jazo, sud va sud to‘g‘risida keng ma’lumot beradi5.

Jinoyat va jazo masalalari “Avesto”da yechilgan va har tomonlama tartibga solingan. “Avesto”ning huquqiy masalalarga bag‘ishlangan 8-naskida bayon etilishicha, da’vogarning o‘z haqligini isbotlashi ordaliya usuli (sinash, jazolash) bilan tekshirib ko‘rilgan6. Bu orqali maxsus bilim egalari shaxsning aybdor yoki aybdormasligiga baho berishgan.

Guvohi bo‘lganimizdek, ushbu davrda isbotlash asosan sinash (suv yoki o‘t bilan sinash) yoki qasam ichish orqali amalga oshirilgan.

Bu davrda maxsus bilimga ega bo‘lgan mutaxassis bevosita jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni fosh etishda ko‘maklashish vazifasini bajarganligini ko‘rishimiz mumkin.

Islom dini paydo bo‘lib, yurtimizga kirib kelishi bilan sekin-asta shariat normalari asosida jinoyat ishlari yuritilib, ko‘rib chiqila boshlangan. Bu esa mazkur hududlarda ming yillar davomida shakllanib kelgan odat huquqlari hamda “Avesto” orqali tartibga solingan huquq tizimlariga bevosita ta’sirini o‘tkazdi. Natijada jinoyat ishlarini yuritish shariat qoidalari asosida amalga oshirildi.

O‘rta asrlarda Sharqda jinoyat protsessi islom huquqiga asoslangan holda amalga oshirilgan. Bunda ish yuritish vakolati qoziga yuklatilgan bo‘lib, qozilar ishlarni yuritish davomida guvohlar va dalillarga tayangan holda shariatga asosan yakuniy qaror chiqarishgan. Sudlov jarayoni bu davrda o‘zining oddiyligi bilan ajralib turgan, ya’ni yozma tarzda ish yuritilmagan, sud majlisi tomonlarning og‘zaki tortishuvi asosida muhokama qilinib, qozi (sudya)ning qarori birinchi majlisda chiqarilgan. Shariat normalarida jinoyatlar had, ta’zir va qasos kabilarga ajratiladi. Islom huquq tizimida ishni yuritishda qozining o‘rni katta bo‘lib, hozirgi huquq tizimimizdan farqli ravishda ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarishda mutlaq huquqlarga ega bo‘lgan7.

Qozi – musulmon davlatlarida hukmdor tomonidan tayinlanib, shariat asosida sud vazifasini bajaruvchi, sudya, shar’iy mahkama raisidir.

Hanafiy ulamolarining ta’rifiga ko‘ra, o‘ziga xos yo‘l bilan xusumatlarni ajratish va nizolarni kesish “qazo” deb yuritilgan. Zamonaviy tadqiqotlarda “qozilik” deganda mahkama, ya’ni “sud” muassasasi tushuniladi.

Qozining diniy huquq, ya’ni Qur’on, hadislar, qiyos va ijmoga suyanib hukm chiqarishi rasm bo‘lgan. Qozi shaxsiy munosabatiga yoki o‘zigagina ma’lum faktlarga asoslanishi mumkin bo‘lmagan. Qozilar ish yuritish davomida “fiqh” (arabcha bilim, tushunish ma’nolarini anglatadi, bugungi kunda fiqh deganda islom huquqshunosligi, shariat qonun-qoidalarini o‘rganuvchi islom ta’limotining bir sohasi tushuniladi) bilimlariga ega bo‘lishlari zaruriy hisoblangan.

Musulmon huquqida isbotlash asosan guvoh ko‘rsatmalari, aybiga iqrorlik yoxud qasam ichish orqali amalga oshirilgan. Fiqh guvohlarning axloqiy fazilatlariga katta e’tibor bergan. Guvohlardan qasam ichish talab qilinmagan, lekin guvoh ko‘rsatuv berishni “ashu” – “guvohlik beraman” so‘zlari bilan boshlashi shart bo‘lgan. Jinoyat ishlarini ko‘rishda ular (qozilar) musulmon huquqi qonunlari – shariat va odat normalari (odat huquqi) asosida ichki his-tuyg‘ularidan kelib chiqqan holda harakat qilganlar.

Amir Temur “Temur tuzuklari”da lashkar uchun maxsus qozi va raiyat uchun alohida qozi tayinladim; har mamlakatga shayxulislom yubordimki, toki musulmonlarni gunoh ishlardan qaytarib, ularni savob ishlarga undasin. …Islom dinini rivojlantirib, shariatni musulmon mamlakatlariga yoydim” deb qayd etib o‘tgan.

Bizning fikrimizcha, islom huquqiga muvofiq qozilar isbot qilish jarayonida maxsus bilimga ega bo‘lgan (mutaxassislar) shaxslarni guvoh tariqasida so‘roq qilish orqali ish uchun ahamiyatli ma’lumotlarni to‘plashgan hamda kelgusida foydalanishgan.

Mamlakatimiz hududi Rossiya tomonidan bosib olingandan so‘ng o‘z qonunlarini joriy eta boshladi.

Rossiya imperiyasining 1864-yil 20-noyabr kuni amalga kiritilgan “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud ish yurituvi to‘g‘risida”gi nizomining “Jinoyat hodisasini tadqiq qilish haqida”gi 4-bobi 2-bo‘limi “Ko‘zdan kechirish va guvohlantirishda bilimdon shaxslar orqali tekshirish” deb nomlangan. Ushbu bo‘limga e’tibor qaratsak, bilimdon odamlar sifatida shifokorlar, farmasevtlar, professorlar, o‘qituvchilar, texniklar, rassomlar, hunarmandlar, xazinachilar va maxsus tajribaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar (326-modda) ko‘rsatilgan.

Ishga taklif qilingan bilimdon shaxslar ishonchli hamda guvohlarning barcha fazilatlariga ega bo‘lishlari kerak (327-modda). Bilimli odamlar sud tergovchisining iltimosiga binoan darhol hozir bo‘lishi shart. Tergovga uzrli sabablarsiz kelmaganliklari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin (328-modda). Tekshiruv o‘tkazayotgan bilimdon shaxslar tergovchi e’tibor bermagan belgilarni ham e’tiborsiz qoldirmasligi kerak (333-modda). Shuningdek, sud jabrlanuvchi yoki ayblanuvchi sog‘lig‘ini tekshirish uchun shifokorni taklif qilishi (336-modda) aytilgan.

Rossiyadagi 1917-yilgi to‘ntarishdan so‘ng sud sohasida bir qator qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlar qabul qilingan, ammo qozilik va biylik sudlari tomonidan shariat va odat normalarining qo‘llanilishiga cheklovlar o‘rnatilmagan.

Shu bilan birga, RSFSRning 1922-yil 25-may kuni qabul qilinib, 1922-yil 1-iyuldan kuchga kiritilgan 6 bo‘lim, 32 bob 481 moddadan iborat Jinoyat-protsessual kodeksi8 O‘zbekiston hududida amalda bo‘lgan. Mazkur kodeksda “mutaxassis” alohida huquqiy maqomga ega ishtirokchi sifatida qayd etilmagan, lekin maxsus bilimga ega shaxslarning huquqlari va majburiyatlaridan ekspertlar foydalanganligini ko‘rishimiz mumkin.

Jumladan, RSFSRning 1922-yilgi Jinoyat-protsessual kodeksining “Dalillar haqida”gi IV bobida ishni tergov qilish yoki ko‘rib chiqishda fan, san’at yoki hunarmandchilik bo‘yicha maxsus bilimlar zarur bo‘lgan hollarda ekspertlar chaqirilishi, o‘lim sabablarini va tan jarohatlarining xususiyatini bartaraf etish, shuningdek sud yoki tergovchida shubha tug‘ilgan hollarda ayblanuvchining yoki guvohning ruhiy holatini aniqlash uchun ekspertlarni chaqirish majburiyligi (67-modda) ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur Jinoyat-protsessual kodeksga muvofiq mutaxassis tarjimon xizmatidan foydalanish (22-modda), tergovga kelishi uchun va o‘z vazifalarini bajarganligi evaziga haq olish (69-modda), tergov harakati (so‘roq, tintuv, olib qo‘yish, ko‘zdan kechirish) bayonnomalariga o‘zining ishtirok etgan holatlari yuzasidan izohlar va o‘zgartirishlar kiritish (82-modda), bir nechta mutaxassis qatnashayotgan ishlarda boshqa mutaxassislar bilan maslahatlashish (175-modda) yoki mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro fikrlar qarama-qarshiligi yuzaga kelsa, ularning har biri alohida o‘z xulosalarini bayon etishi (176-modda) huquqlari hamda tergovchining chaqiruviga binoan o‘z vaqtida hozir bo‘lishi (68-modda), o‘z vazifalarini bajarishdan bosh tortmaslik (80-modda), jasadlarni ko‘zdan kechirish va yorib ko‘rish, jabrlanuvchi va ayblanuvchini ko‘zdan kechirish uchun hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida tergovchining chaqiruviga binoan ishtirok etish (196-modda) kabi majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, mutaxassisga yuklatilgan vazifa bajarilmagan (68-modda) hamda vazifalarini bajarishdan bosh tortgan holatlarda guvohlarga nisbatan belgilangan (80-modda) jazo choralari qo‘llanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

1926-yil 16-iyunda 6 bo‘lim 32 bob 455 moddadan iborat O‘zbekiston SSRning birinchi Jinoyat-protsessual kodeksi9 qabul qilindi. Ushbu kodeksda ishni tergov qilish yoki ko‘rib chiqishda fan, san’at yoki hunarmandchilik bo‘yicha maxsus bilim zarur bo‘lgan hollarda ekspertlar chaqirilishi lozimligi ko‘rsatilgan (61-modda). Mazkur kodeksda mutaxassisning maqomi belgilanmagan bo‘lsada, maxsus bilimlarga ega bo‘lgan barcha shaxslar ekspert
sifatida yuritilgan, uning huquq va majburiyatlaridan
foydalangan.

O‘zbekiston SSRning 1926-yilda qabul qilingan Jinoyat-protsessual kodeksida mutaxassisning tergovga kelishi uchun va o‘z vazifalarini bajarganligi evaziga haq olish (63-modda), o‘zi ishtirok etgan tergov harakati (so‘roq, tintuv, olib qo‘yish, ko‘rikdan o‘tkazish va voqea joyini ko‘zdan kechirish) bayonnomasiga ko‘rgan holatlari yuzasidan izohlar, o‘zgartirishlar kiritish (76-modda), ishda bir nechta mutaxassis qatnashayotganda, ularga o‘z xulosalarini bildirishdan oldin o‘zaro maslahatlashish (170-modda), o‘zining buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha dastlabki tergovni nazorat qiluvchi tuman prokuroriga yoki sudga shikoyat qilishi (210-modda) kabi huquqlari, tergovchining chaqiruviga binoan ko‘zdan kechirish va guvohlantirishda hozir bo‘lish (190-modda), jabrlanuvchi, ayblanuvchi hamda murdani ko‘zdan kechirish, murdani yorib tekshirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish (191-modda), murdani tekshirish va tibbiy ko‘rik xulosalari tuzish (193-modda) yuzasidan majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston SSR Jinoyat-protsessual kodeksining 1922,1923-yildagi Jinoyat-protsessual kodeksidan asosiy farqli jihati unda, mutaxassisning o‘z vazifalarini bajarishdan bosh tortmaslik bo‘yicha majburiyati o‘z aksini topmaganligini ko‘rishimiz mumkin.

1929-yil 29-iyun kuni O‘zbekiston SSRning 18 bob 175 moddadan iborat yangi Jinoyat-protsessual kodeksi10 qabul qilindi. Ushbu kodeksda mutaxassis 1922, 1923, 1926-yillarda qabul qilingan kodekslarda ko‘rsatilgani kabi ekspert sifatida huquqiy maqomga ega bo‘lgan hamda o‘zining huquq va majburiyatlaridan foydalangan.

1929-yilgi kodeksga muvofiq mutaxassis tergov harakatlarida ishtirok etganligi, muntazam faoliyatdan chalg‘iganlik uchun haq olish, chaqiruv joyidan tuproq yo‘l bo‘ylab 100 mildan, temiryo‘l va paroxod yo‘nalishlari bo‘ylab 300 mildan ortiq masofada istiqomat qilsa chaqirilgan paytda kelmaslik (16-modda), mutaxassis kasalligi tufayli tergovga bora olmasa, yashash joyida so‘roq qilinishi (23-modda), ko‘rsatmasini o‘z qo‘li bilan yozib berishi (25-modda), ishda ishtirok etishga to‘sqinlik qiluvchi holatlari (84-modda), so‘roq qilinishi jarayonida guvohlarning huquqlaridan (118-modda) foydalanishi kabi huquqlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, tergovchining chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi (16-modda) kabi majburiyat yuklatilgan.

Bundan tashqari, mutaxassis ko‘rsatuv berishdan yoki o‘z vazifalarini bajarishdan bosh tortishi (16-modda) jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 1929-yildagi Jinoyat-protsessual kodeksining 1864, 1922, 1923, 1926-yillarda qabul qilinib, O‘zbekiston hududida amalda bo‘lgan jinoyat-protsessual munosabatlarni tartibga soluvchi nizom va qonunlardan farqli tarafi, mazkur kodeksda maxsus bilimga ega bo‘lgan shaxslar doirasiga ta’rif berilmaganligidir.

1959-yil 21-may kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining beshinchi chaqiriq 11-sessiyasida
12 bo‘lim, 33 bob, 425 moddadan iborat Jinoyatprotsessual kodeksi11 qabul qilingan. Ushbu kodeks 1922, 1923, 1926, 1929-yillarda qabul qilingan va amalda bo‘lgan jinoyat protsessual qonunlarga nisbatan mukammal bo‘lib, har bir modda alohida nomlanib yuritila boshlandi. Shuningdek, aynan mazkur kodeks bilan isbot qilish jarayonida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassisga birinchi marta huquqiy maqom berilgan. Mazkur qonun avvalgi kodekslardan farqli ravishda, bir necha marta takomillashtirilib, to‘ldirib borilgan.

Jumladan, ushbu kodeksning ”Umumiy qoidalar” deb nomlangan 1-bob 15-moddasida “Sudya, prokuror va ish yuritishda boshqa ishtirokchilarni rad etish” tartibi ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra mutaxassis agarda bu ishda shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa, rad etilishi va jinoyat ishida ishtirok eta olmasligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ushbu kodeksning 32-moddasi “Rad etish uchun asoslar” deb nomlanib, mutaxassis surishtiruv olib boruvchi sudya, prokuror, tergovchining yoki protsess ishtirokchilaridan birining qarindoshi bo‘lsa, shuningdek ish natijasidan manfaatdor bo‘lsa, xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlarni ko‘rsatsa hamda muqaddam ishda mutaxassis sifatida ishtirok etgan bo‘lsa rad etilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1967-yil 25-yanvardagi qarori bilan mazkur kodeksning 32-moddasiga o‘zgartirish kiritilgan.

Ushbu o‘zgartirishga asosan “Mutaxassisni rad etish” tartibi alohida qoida sifatida protsessual qonunda o‘z aksini topgan (331-modda).

Jumladan, ushbu kodeksning “Mutaxassisni rad etish” haqidagi 331-moddasida mutaxassis 32-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan holatlarda ish yuritishda ishtirok eta olmasligi, shaxsning ishda avval mutaxassis sifatida ishtirok etishi uni rad etish uchun asos bo‘lmasligi, mutaxassisni rad etish to‘g‘risidagi masala sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan hal etilishi belgilab o‘tilgan.

Kodeksning 88-moddasi “Guvohlarga, jabrlanuvchilarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, guvohlarga qilingan xarajatlarni qoplash” deb nomlanib, unga asosan mutaxassis o‘z vazifalarini bajargani uchun haq olish huquqiga egaligi, vazifalar rasmiy topshiriq doirasida bajarilgan holatlar bundan mustasno ekanligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 88-moddaga ushbu shaxslarning kelish uchun qilgan xarajatlari qoplanishi va ish haqi to‘lanishi surishtiruv, dastlabki tergov va sud organlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, to‘lash tartibi va to‘lanishi lozim bo‘lgan summalarni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi belgilashi to‘g‘risidagi o‘zgartirish kiritildi.

Ushbu kodeksning 8-bobi “Dastlabki tergov o‘tkazishning umumiy shartlari” deb nomlanib, 1181-moddasi “Mutaxassisning ishtiroki” deb yuritilgan.

Mazkur moddaning birinchi qismiga asosan:

  • ushbu kodeksda nazarda tutilgan hollarda ish natijalaridan manfaatdor bo‘lmagan
    shaxslar mutaxassis sifatida tergov harakatida ishtirok etishga haqli ekanligi;
  • mutaxassisni chaqirish to‘g‘risidagi tergovchining talabi mutaxassis ishlayotgan korxona, muassasa, tashkilot rahbari uchun majburiy ekanligi; ikkinchi qismida tergovchi mutaxassisning shaxsi va malakasini tekshirishi, uning ayblanuvchi va jabrlanuvchi bilan munosabatlarini aniqlashi, unga huquq va majburiyatlari tushuntirilishi, o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganlik yoki bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilishi;
  • bu tergov harakati bayonnomasida qayd etilib, mutaxassis imzosi bilan tasdiqlanishi;
  • uchinchi qismida mutaxassis chaqirilganda hozir bo‘lishi, dalillarni aniqlash, to‘plash va olib qo‘yishda tergovchiga yordam berish uchun maxsus bilim va ko‘nikmalaridan foydalangan holda tergov harakatlarida ishtirok etishi;
  • tergovchining e’tiborini dalillarni topish, hisobga olish va olib qo‘yish bilan bog‘liq holatlarga qaratishi;
  • bajaradigan harakatlari haqida tushuntirishlar berishi kabi majburiyatlarga ega ekanligi;
  • bayonnomaga kiritilishi kerak bo‘lgan dalillarni topish, qayd etish va olib qo‘yish bilan bog‘liq bayonotlar berish huquqiga ega ekanligi;
  • shuningdek, uning o‘z vazifalarini bajarishdan bosh tortganligi yoki bo‘yin tovlaganligi uchun sud tomonidan unga ijtimoiy ta’sir choralari qo‘llanilishi yoki o‘ttiz rublgacha miqdorda jarima qo‘llanilishi12 mumkinligi ko‘rsatilgan.

Mazkur kodeksning 152-moddasi “Olib qo‘yish va tintuv o‘tkazish vaqti va tartibi” deb nomlangan. Ushbu normaga muvofiq zarur hollarda olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazishda ishtirok etish uchun tegishli mutaxassis tergovchi tomonidan chaqirilishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ushbu kodeksning 162-moddasi “Ko‘zdan kechirish vaqti va tartibi” deb yuritilgan. Ushbu moddaga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, zarur hollarda tergovchi mutaxassislarni taklif qilishi mumkin bo‘lgan. Mutaxassislar tekshirish vaqtida o‘lchovlar, fotosuratlar olish, tekshirilayotgan joyni va alohida obyektlarni suratga olish, izlar bo‘yicha chizmalar chizishda jalb qilinishi mumkin (162-modda).

Jasadni ko‘zdan kechirish va yorish tartibi mazkur kodeksning 163-moddasida belgilangan
bo‘lib, unga ko‘ra mutaxassislar mayitni topilgan joyda tashqi ko‘rikdan o‘tkazishda ishtirok etishi, agar uning ishtirok etishi mumkin bo‘lmasa, boshqa shifokor ishtirok etishi, zarur hollarda murdani tekshirish uchun boshqa mutaxassis ham taklif etilishi, agar murdani dafn etilgan joydan olib chiqish zarurati tug‘ilsa, murda sud tibbiyoti sohasidagi shifokor-mutaxassis ishtiroki, zarur hollarda esa boshqa mutaxassis ishtiroki ta’minlanishi ko‘rsatilgan.

Ushbu kodeksning 164-moddasi “Guvohlantirish” deb nomlanib, ushbu moddaning ikkinchi
qismida, guvohlantirish zarur hollarda mutaxassis shifokor ishtirokida, bir jinsdagi xolislar qatnashuvida o‘tkazilishi ko‘rsatilgan.

Tergov eksperimenti mazkur kodeksning 166-moddasida ifoda etilib, unga ko‘ra mutaxassislar ish uchun ahamiyatli ma’lumotlarni tekshirish va aniqlashtirish, xatti-harakatlar va boshqa holatlarni takrorlash, ma’lum bir hodisaning holatlari hamda kerakli tajriba va sinovlarni o‘tkazishda tergovchi tomonidan jalb qilinishi ko‘rsatilgan.

Qiyosiy tekshiruvlar uchun namunalar olish 167-moddada o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra tergovchi tergov qilinayotgan ishlar bo‘yicha ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchidan qiyosiy tekshirish uchun zarur bo‘lgan namunalarni mutaxassislar ishtirokida olishi hamda qiyosiy tadqiqotlar mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilishi ko‘rsatilgan.

Mazkur kodeksning 2311-moddasida mutaxassisning sud protsessidagi ishtiroki ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra mutaxassis ushbu kodeksning 1181-moddasida ko‘rsatilgan tartibda sud muhokamasida ishtirok etadi.

2571-moddasida mutaxassisga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirish tartibi ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, raislik qiluvchi mutaxassisga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirib, uni o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganlik yoki bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi.

Kodeksning 271-moddasi “Ashyoviy dalillarni tekshirish” deb nomlangan. Unda sud tomonidan ashyoviy dalillarni tekshirish jarayoniga mutaxassis jalb etilishi, mutaxassis tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda sud majlisining bayonnomasiga kiritilishi shart bo‘lgan ayrim holatlarga sudning e’tiborini qaratishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ushbu kodeksning “Hudud va binolarni ko‘zdan kechirish” deb nomlanuvchi 273-moddasiga ko‘ra mutaxassislar sudning chaqiruviga binoan hudud va binolarni ko‘zdan kechirishda ishtirok etishi hamda ko‘zdan kechirish jarayonida tekshirish bilan bog‘liq savollar berishi mumkin bo‘lgan.

Demak, O‘zbekiston SSRning 1959-yilda qabul qilinib to mustaqillikka qadar amalda bo‘lgan kodeksida mutaxassislar birinchi marotaba o‘zining huquqiy maqomiga ega bo‘lib, huquq va majburiyatlaridan foydalanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz hududidagi ilk davlatlardan tortib hozirga qadar jinoyat-protsessual jarayonlarni tartibga soluvchi qonunlar turli omillarga muvofiq shakllanib borgan. Bunda qonunlarning shakllanishi amalda bo‘lgan diniy e’tiqodlarga bog‘liq bo‘lgan.

Rossiya Turkiston hududini bosib olgandan so‘ng jinoyat-protsessual munosabatlar roman-german huquq oilasiga kiruvchi normalar bilan tartibga solingan.

Behzod RASHIDOV,
IIV akademiyasi Jinoyat-protsessual huquq kafedrasi boshlig‘i,
yuridik fanlar doktori, professor.
Sherzodbek ABDUVAHOBOV,
IIV akademiyasi Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi o‘qituvchisi

 

1 Рашидов Б.Н. “Жиноят процессида хусусий айблов: назария ва амалиёт”. Ю.ф.д. илмий даражасини олиш учун тайёрланган диссертациядан
олинган. 2021-й. 44, 57-б.

2 Астанов И.Р. “Жиноят ишлари бўйича махсус билимлардан фойдаланишнинг процессуал ва криминалистик жиҳатлари”. Ю.ф.д. илмий даражасини олиш учун тайёрланган диссертациядан олинган. 2018-й. 16, 21, 22-б.

3 Иcҳаков. С.А. «Ҳидоя»нинг мусулмон ҳуқуқи манбаи тизимида тутган ўрни // Ҳуқуқ-Право-Лаw. – 2003. – № 2. 41, 51, 56-б.

4 Саидаҳмедов И. Давлат ва ҳуқуқ тарихи. – Т.: Ўзбекистон, 2006. 66-б.

5 Авесто: Тарихий-адабий ёдгорлик. Асқар Маҳкам таржимаси. – Т.: «Шарқ», 2013. 106-б.

6 Ишоқов М. Эзгу ўй, эзгу сўз, эзгу амал. Тошкент, 2000-й. 28-б.

7 Мухтасар (шариат қонунларига қисқача шарҳ). Нашрга тайёрловчилар Рашид Зоҳид, Акрам Деҳқон: – Т., 1994 й. 283-284-б.

8 Уголовно-процессуальный кодекс РСФСР, 24.06.1922 г. № 20-21. – М., 1922 г., – С. 312-314.

9 Уголовно-процессуалный кодекс УзССР, 16 июня 1926 года, Самарканд: Изд. Юрид. Из-ва. При. Упр. Делами СНИ УзССР. 1927 г. – С. 13-16.

10 Уголовно-процессуалный кодекс УзССР, по состоянию на 1 января 1954 года, Государственное издательство УзССР, Т., 1954 г. – С. 11-14.

11 Уголовно-процессуалный кодекс Узбексой ССР, с измен. и доп. на 1 января 1978 года. Министерство юстиции УзССР. – Т.: «Узбекистан», 1978. – С. 25-33.

12 Ўзбекистон ССР Олий Кенгаши Президиумининг 1967 йил 25 январдаги қарори — Ўзбекистон ССР Олий Кенгашининг ахборотномаси, 1967 йил, 1-сон, 8-модда.

13 Уголовно-процессуалный кодекс Узбексой ССР, с измен. и доп. на 1 января 1978 года. Министерство юстиции УзССР. – Т.: «Узбекистан», 1978. – C.271.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here