HomeMaqolalarMeros genezisining ayrim masalalari

Meros genezisining ayrim masalalari

Kishilik jamiyati rivojlanishining qadimgi davrlaridan bugunga qadar meros masalasi, uni qonuniy va adolatli hal qilish juda muhim hisoblangan. Meros deganda shaxsning vafotidan keyin uning oilasiga qoladigan moddiy ne’matlar tushuniladi. Fuqarolik huquqida huquqiy institutlarning eng qadimgilaridan biri vorislikdir. Kishi hayotligida qonuniy egasi bo‘lgan mulk, mulkiy huquq va majburiyatlarning merosxo‘rlarga o‘tishi vorislik huquqi normalari bilan tartibga solinadi. Shunday ekan, meros masalasini ilmiy-nazariy tahlil qilish dolzarb hisoblanadi.

Meros masalasi qadimda asosan shaxsning vafoti oldidan o‘zi qoldirgan vasiyat yoki u mansub elning urf-odatlari bilan tartibga solingan. Mavzuning dolzarbligi shundaki, kishi meros munosabatlariga merosxo‘r yoki meros qoldiruvchi sifatidaalbatta kirishadi.

O‘rta Osiyoga islom dini kirib kelishi bilan jamiyatning barcha sohalari kabi qonunchilik ham islom asosida boshqariladigan bo‘ldi.

Parij universiteti professori Rene David shunday yozadi: “… islom huquqi yoki fiqh tarkibiy
tuzilishi, ichki kategoriyalarining mukammalligi va qamrovi jihatidan shu kungacha tadqiq etib kelinayotgan xalqaro huquq tizimlaridan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi”1.

E’tiborli tomoni shundaki, g‘arbda Islamic Law, Muslim Law, Muhammadan Jurisprudence (ingliz tilida), Le Droit Musulman (fransuz tilida), Islamische Gesetz (olmon tilida) deb nomlanadigan fiqh ibodat masalalari bilan birga merosni ham qamrab olgan.

O‘rta Osiyoda Xiva (1512-1920) va Qo‘qon xonliklari (1709-1876), Buxoro amirligi (1756-1920) davri yakuniga qadar yurtimizda meros masalalari fiqh, islom huquqi manbalari, aholining urf-odatlari bilan tartibga solingan. Ba’zi hududlarda meros mulklari asosan katta o‘g‘ilga qoldirilgan bo‘lsa, ayrim hududlarda kenja o‘g‘il merosxo‘r sifatida e’tirof etilgan.

Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, merosxo‘r sifatida qiz farzandlarning tan olinishi bahsli hisoblanadi. Chunki ko‘pincha qiz farzandga merosdan ulush berilmagan. Vaholanki, fiqhda merosga nisbatan ayol (qiz farzand) kishining yarim foiz ulushi borligi qayd etilgan. Ayrim manbalarda islom arkonlariga asoslanib, ayol kishining zaifa ekanligini inobatga olgan holda otasining vafotidan keyin qoldirilgan meros to‘laligicha qiz farzandga o‘tganini tasdiqlovchi vaqfnomalar ham uchraydi.

Mamlakatimizda 1917-yildan keyingi davrda meros masalasida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Sovet davrida mutaxassis olimlar meros masalasining turli jihatlarini tadqiq etgan. Jumladan, S.Kopeina2 tomonidan merosning eng qadimgi institutlardan biri ekanligi, uning rivojlanishi o‘rganilgan. M.Abramenkov3 , A.Sarayev, K.Maksyutina4, A.Moiseyev5, Y.Kirillova6 kabi olimlar meros munosabatlarining rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilishgan.

Sovet davrida meros huquqi davlat manfaatiga bo‘ysundirildi. Butunrossiya markaziy ijroiya qo‘mitasining (VSIK) 1918-yil 27-aprelda qabul qilingan “Merosni bekor qilish to‘g‘risida”gi farmonining 1-moddasida qonun bo‘yicha ham meros bo‘lishi aytilgan ruhiy iroda bekor qilinib, mulk egasining barcha sotib olingan mulki davlatga o‘tkazilishi belgilandi7.

Fuqarolarning hayoti davomida sotib olgan mulki mahalliy kengash mulkiga aylangan. O‘lim haqidagi hisobotlarni nashr yetish kengash rahbari yatining zimmasida bo‘lgan.

Kengash lozim topganda mulkdan marhumning qarindoshlariga aliment ajratilgan. Bunda asosan “davlat qo‘lloviga muhtoj fuqarolar, nogiron qarindoshlar, tug‘ishgan aka-uka va opa-singillar va marhumning xotini (eri)” nazarda tutilgan. O‘zbek xonliklari bilan sovet davridagi meros huquqi tartibga solinishidagi asosiy farq shundaki, sovet davrida meros to‘liq davlat lozim topgan shaxslarga berilgan. Bu shu davrning o‘ziga xos xususiyati edi.

1950-yillarga qadar meros masalalari bir qancha dekretlar va 1922-yilda qabul qilingan RSFSRning Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solingan. Sovet hukumati meros masalalari to‘g‘risidagi qonunga 1962-yil may oyida o‘zgartirish kiritgan.

Sovet davlati meros huquqi rivojlanishining keyingi bosqichida, 1964-yilda RSFSRning yangi Fuqarolik kodeksida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi asosiy o‘zgarishlarni aks ettirishni maqsad qiladi. Jumladan, kodeksda meros to‘g‘risidagi qoidalar mazmunan kengaydi.

Masalan, u noloyiq merosxo‘rlar, noqonuniy merosxo‘rlar kabi nizoli masalalarni qamrab olgan edi. 1970-1980-yillarda ijtimoiy hayotning rivojlanishi bilan fuqarolik huquqida yangi element sifatida 1974-yilda harbiy muassasalar va lagerlar rahbarlariga vasiyatnomalarni tasdiqlash huquqi berildi.

Shunday qilib, sovet davridagi meros bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni sarhisob qilib, meros huquqini tartibga solishni shartli ravishda uch bosqichga ajratish mumkin.

Birinchi bosqich – inqilobdan keyingi davr. Asosan marhumlarning barcha mulki davlatga tegishli bo‘lib, meros masalasi dekret(qonun kuchiga teng)lar bilan tartibga solingan. Bu bosqichda davlat meros ulushidan muhtoj yoki lozim deb topilgan merosxo‘rlarga yordam ko‘rsatgan.

Ikkinchi bosqich – 1922-yilda RSFSRning Fuqarolik kodeksi qabul qilindi. Mamlakatda yangi kodeks bilan bir paytda farmon va dekretlar ham amalda bo‘lgan.

Uchinchi bosqich – 1964-yilda RSFSRning Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi bilan boshlandi. Mazkur kodeksda meros masalasida merosxo‘rlarga ancha ko‘p huquqlar berilgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin yangi Fuqarolik kodeksi qabul qilindi. Meros bilan bog‘liq barcha masalalar mazkur kodeks hamda Oila kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishi belgilandi.

Odatda nizoli vaziyat bo‘lmaganida meros asosan notarial tartibda hal qilinadi. O‘zbekistonda sudlar tomonidan meros huquqi bilan bog‘liq nizolarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishi mulk daxlsizligi va meros huquqi qo‘riqlanishiga doir konstitutsiyaviy kafolatlar ta’minlanishining o‘ta muhim vositasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 1113-moddasiga ko‘ra “meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi”8.

Quyidagilar meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar hisoblanadi:

– yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik,
ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan
bo‘lmasa;

– hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;

– aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;

– mehnat va ijtimoiy ta’.minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;

– mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros
tarkibiga kirmaydi.

Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin. Meros tarkibiga faqat meros qoldiruvchiga qonuniy asoslarda tegishli bo‘lgan mulk kirishi tufayli o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan imoratlar meros tarkibiga faqat marhumning mazkur imoratlarga nisbatan mulk huquqi belgilangan tartibda e’tirof etilgan holda kiritiladi.

Meros qoldiruvchi tomonidan tuzilgan oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya va shu kabi bitimlar uning o‘limidan so‘ng haqiqiy emas deb topilganda qaytarilgan mulk ham meros tarkibiga kiritiladi.

Birgalikdagi umumiy mulk ishtirokchisi vafot etganda meros uning hissasiga to‘g‘ri keladigan umumiy mulkka nisbatan, mulkni natura holida bo‘lishning iloji bo‘lmaganda esa bunday ulushning qiymatiga nisbatan ochiladi.

Yuqorida berilgan barcha fikrlarni umumlashtirgan holda quyidagi xulosalarga kelish mumkin.

Birinchidan, meros huquqi qadimiy huquqiy institutlardan hisoblanadi hamda O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sog‘lom oilani vujudga keltirish, nizoli vaziyatlarning oldini olish maqsadida meros masalasida dunyo tajribasi va milliy davlatchiligimiz tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, meros masalasida bugungi kunda ko‘p uchrayotgan nizolarning oldini olish hamda norma ijodkorligidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni tayyorlash lozim.

Bekzod GADOYEV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa
tumanlararo sudi sudyasi

 

1 Rene David. Les grands systemes de droit contemporains. – Paris: Dalloz, 1964. – 630 pp.; Karaman Hayreddin. Islâm hukuk tarihi. – S. 22.

2 Копеина С. А. История развития и становления института наследования в Российской Федерации, некоторых странах СНГ и Грузии в постсоветский период. // Семейное и жилищное право. – 2011. № 3. https://center-bereg.ru/b5741.html

3 Абраменков М. С. Наследственное право: учебник для вузов. – Москва: Издательство Юрайт, 2020. – 346 с.

4 Максютина К. В. Этапы становления советского наследственного права. //Вестник экономической безопасности. 2016. №3. – С. 173-175.

5 Моисеев А. Б. Эволюция наследственного права в советской России и СССР в XX веке с точки зрения обеспечения экономических интересов государства. // Юридическая наука и практика: Вестник Нижегородской академии МВД России. 2009. №1 (10). – С. 210-213.

6 Кириллова Е. А. Наследственное право России: учебное пособие // Москва: РЭУ им. Г. В. Плеханова. – 2017. – 157 с.

7 Декрет ВЦИК от 27.04.1918. «Об отмене наследования». http://www.consultant.ru/cons/cgi/online.

8 https://lex.uz/acts/111189.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa