Mediatsiya bo‘yicha dunyo tajribasi

0
68

“Mediatsiya” so‘zi lotin tilidagi “mediare” so‘zidan olingan bo‘lib, vositachilik qilish, kelishtirish maqsadida aralashish degan ma’nolarni bildiradi. Shuning uchun yuridik adabiyotlarda mediatsiya va vositachilik tushunchalari sinonim hisoblanadi. Mediatsiya institutini rivojlantirish Bobil, Qadimgi Rim va Afina tarixida qayd etilgan. Rim huquqida Yustinian kodeksidan boshlab (miloddan avvalgi VI asr) bahs-munozaralarni hal qilish uchun vositachilik tan olingan. Mediatsiya texnologiyasi asosan savdoda qo‘llangan. Rimliklar bahslarni hal qiluvchi mutaxassislarni “medium” – “vositachi” so‘zi bilan ifodalashgan.

Zamonaviy tushunchalarda mediatsiya XX asrning ikkinchi yarmida AQSh, Avstraliya va Buyuk Britaniyada rivojlana boshlagan. Yevropada mediatorlar oilaviy munozaralarni hal qilishga jalb qilingan.

Aytish joizki, mediatsiya tartibi butun dunyoda turli murakkablikdagi, toifadagi va darajadagi nizolarni hal qilishda samarali vosita sifatida xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda 2018-yil 3-iyulda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi 482-qonun qabul qilindi, uning 5-moddasiga muvofiq mediatsiyaning asosiy tamoyillariga quyidagilar kiradi: maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi.
Bugungi kunda mediatsiyaning bir nechta yondashuv va modellari mavjud, ammo ularning xususiyatlaridan qat’i nazar mediatorning birinchi vazifasi mediatsiyaning asosiy tamoyillarini saqlab qolish va shunga asoslangan holda amalga oshirishdan iborat.

Ta’kidlash joizki, mediatsiyaga huquqshunos olimlar turli xil ta’rif bergan. Jumladan, D. Yoqubovaning1 fikricha, mediatsiya – nizoli va murakkab vaziyatlarda qo‘llanadigan muzokara jarayoni bo‘lib, uning asosiy maqsadi – taraflarning kelishuviga erishish uchun yo‘l topish. A. Konnov2 mediatsiyani muzokara deb ta’riflaydi, lekin bunda muzokaraning mediatsiyadan asosiy farqi yuzaga kelgan nizoni hal qilish maqsadida mustaqil uchinchi shaxs ishtirok etishini hisobga olish lozim. Y. Nosireva3 mediatsiyani uchinchi mustaqil ishtirokchi – vositachi yordamida taraflar o‘rtasidagi muammoni tartibga solish deb tushunadi. Umuman olganda, mediatsiyani bahs-munozaralarni uchinchi betaraf tomon ishtirokida tartibga solishga doir huquqiy texnologiya deyish mumkin.

Jahon tajribasining ko‘rsatishicha mediatsiya fuqarolik-huquqiy nizolarni hal etishda juda samarali usuldir. Ayniqsa, anglosakson huquq tizimida yarashtiruv jarayoni rivojlangan, shuningdek, mediatsiya Yevropa davlatlarida keng tarqalgan. 2004-yil 2-iyunda Yevropa komissiyasi Mediatorlar kodeksini tasdiqladi. Mediatsiya to‘g‘risidagi namunaviy qonun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasi (inglizcha United Nations Commission on International Trade Law, UNCITRAL) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga tushuntirish xati ushbu institut allaqachon mavjud bo‘lgan mamlakatlarda mediatsiya davomida erishilgan kelishuvning huquqiy ta’siri va majburiyligi haqida qiziqarli sharhni o‘z ichiga oladi.

Mediatsiya jarayoni Buyuk Britaniyada4 juda mashhur bo‘lib, u yerda hatto maxsus xizmat – ishonch telefoni bor. Unga har bir shaxs mamlakatning istalgan hududidan qo‘ng‘iroq qilishi mumkin, shu asnoda mutaxassislar unga nizoli vaziyatga mos keladigan mediatorlar ro‘yxatini taklif qiladi.

Buyuk Britaniyada mediatsiya majburiy hisoblanadi. Protseduraning majburiyligi nuqtayi nazaridan, agarda tomonlardan biri sud tomonidan taklif qilingan mediatsiya tartibini rad etsa hamda rad etgan taraf ishda g‘alaba qozongan taqdirda ham barcha sud xarajatlarini o‘z zimmasiga olishi kerakligi belgilangan.

Germaniyada5 mediatsiya adliya tizimiga uyg‘un tarzda ishlaydi. Masalan, mediatorlar sudlar bilan hamkorlik qiladi, bu esa sudlarning yuklamasini ancha kamaytiradi. Huquqshunoslik fakultetini bitirgan har bir kishi mediatsiya kursini o‘taydi.

Ko‘p mamlakatlarda mediatorlik alohida kasb sifatida rasman tan olinmagan. Unga asosan qo‘shimcha mutaxassislik sifatida qaraladi. Ehtimol, Avstriya6 mediatorlik kasblar ro‘yxatiga kiritilgan dunyodagi kamdan-kam davlatlardan biridir. Bundan tashqari, Avstriyada 2004-yili mediatorlarni tayyorlash va o‘qitish standartlarini tartibga soluvchi federal qonun qabul qilingan.

Saudiya Arabistonida7 mediatsiyani tartibga solish qoidalari Saudiya tijorat arbitraj markazi tomonidan belgilanadi. U notijorat tashkilot hisoblanadi. Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra Xitoyda nizolarning taxminan 30 foizi suddan tashqari hal qilinadi. Ushbu mamlakatda tomonlar mediatsiya doirasida kelishuvga erishsa va uni hakamlik sudi tasdiqlasa, bunday bitim hakamlik sudining qarori kuchini oladi va ijro etilishi majburiy bo‘ladi.

Xulosa qilib ta’kidlash mumkinki, mediatsiya – nizoni taraflar maqbul qarorga erishishi uchun ularning roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usulidir. Mediatorning asosiy vazifasi tomonlarga o‘zaro maqbul yechimga erishishda yordam berish hisoblanadi.

Xorijiy mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mediatorlar sud organlariga tushadigan
bosimni kamaytiradi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham mediatsiya institutini rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.

Muborakxon TOJIYEVA,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi mustaqil izlanuvchisi

 

1 Якубова Д. Ш. Медиация: низоларни ҳал қилишнинг муқобил усули (услубий қўлланма). – Тошкент, 2020 – 13б.

2 Коннов А. Ю. Понятие, классификация и основные виды альтернативных способов разрешения спора. //Журнал российского права. 2004. СПС Консультант плюс.

3 Носырева Е. И. Посредничество в урегулировании правовых споров: опыт США // Государство и право. 1997. № 5. с. 109.

4 https://ybcase.com/company-services/mediation/mediacia-v-anglii.

5 https://ybcase.com/company-services/mediation/mediacia-v-germanii-osnovy-processa.

6 https://dzen.ru/a/YcBEq0tGwBynVrsn.

7 https://moment-istini.com/news/mediatsiya-v-oae.html.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here