Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun huquq hamda imkoniyatlar tengligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir.
BMTga a’zo davlatlarning 120 dan ortig‘ida gender kvotasi mavjud. Xususan, Markaziy Osiyoda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatiladigan nomzodlarning umumiy sonidan ayollar uchun 30 foizli kvotalar qonuniylashtirilgan. O‘zbekiston Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga muvofiq, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi belgilangan.
Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarida nomzodlar ko‘rsatish jarayonida siyosiy partiyalar tomonidan mazkur talabga rioya qilindi. Xususan, 150 ta saylov okrugidan 750 nafar nomzod ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 41,4 foizi (310 nafari)ni ayollar tashkil etgan.
Parlament quyi palatasida 48 nafar ayol (32 foiz) deputat bo‘lsa, yuqori palatasida 24 nafar ayol (24 foiz) senator ishlab kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yangi saylangan deputatlarning 247 nafari (30 foiz), tuman va shahar kengashlarida 1 422 nafar (25 foiz) ayollar faoliyat yuritib kelmoqda.
Biroq, ayollarning davlat boshqaruvi organlaridagi salmog‘i kamligicha qolmoqda. Xususan, 2022-yil 2-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat idoralarida ishlayotgan rahbar ayollar ulushi 10 foizdan oshmayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, mahaliy kengash deputatlari orasida ayollar sonining ozligi hududlarda xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, muammolari kengashlarda kam muhokama qilinishiga sabab bo‘ladi. Boisi huquq va erkinliklari buzilgan yoki jamiyatdagi muammolarga duch kelgan xotin-qizlar o‘z masalalarini ayol deputatlarga bir muncha oson bayon qilishi tajribalarda kuzatilgan.
Bugungi kunga kelib Ispaniya, Finlandiya va va Fransiya kabi davlatlar boshqaruv lavozimlarida ayollarning ulushi 50 foizni tashkil etmoqda. Avstriya, Belgiya va AQSH hukumati tarkibidagi ayollar soni 2017-yildan beri sezilarli oshib, ko‘rsatkich 29 foizdan ko‘proqni, Vengriya, Koreya va Portugaliyada esa ayollar ulushi 18 foizni tashkil qilmoqda.
Finlandiya siyosiy partiyalarida assotsiatsiya sifatida ro‘yxatdan o‘tgan ayollar tashkilotlari mavjud. Ular partiyaning yillik yig‘ilishlarida, boshqaruv kengashiga saylanishda ishtirok etadi. Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar tashkilotlari faoliyati davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Amalda har to‘rt yilda bir marta parlament saylovlaridan so‘ng va koalitsion hukumat muzokaralarida “ayollarga xos tadbirlar”ga sarflanadigan xarajatlar belgilab olinadi. Bugungi kunda ushbu xarajatlar partiyaning siyosiy faoliyatini moliyalashtirishning 10 foizini tashkil etadi.
Norvegiyada 1978-yilda parlament “Gender tengligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va ushbu qonunga 2016-yilda rahbarlik va boshqaruv lavozimlarida ayollar sonini ko‘paytirishga oid qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Xususan, ayollar va erkaklarga ta’lim olishda, ishga joylashishda, madaniy va kasbiy yuksalish (meritokratiya)da teng imkoniyatlar berilgan. Barcha davlat qo‘mitalari, kengashlar va boshqa davlat organlarida har bir jinsdagi a’zolarning kamida 40 foiz bo‘lishi talabi belgilab qo‘yilgan. Bugungi kunda hukumatning 18 nafaridan 7 nafarini (39 foiz) ayollar tashkil etadi.
Ispaniyada 2007-yil 22-martda qabul qilingan “Gender tengligi to‘g‘risida”gi qonun partiyalarga barcha saylov ro‘yxatlarida nomzodlarning kamida 40 foizini ayollar tashkil etishi majburiyatini yuklaydi.
BAAda Prezidentning 2019-yildagi 1-son qarori bilan parlamentda har bir amirlik umumiy vakillarining kamida 50 foizini ayollar tashkil qilishi lozimligi belgilangan.
Fransiyada munitsipal saylovda qonun bitta erkakka bitta ayol nisbatini talab etadi. Ukrainada 2020-yilgi saylovlarda siyosiy partiyalardan nomzod ko‘rsatish va ro‘yxatni shakllantirishda 40 foizlik majburiy kvota qonunchilikda belgilandi va o‘z samarasini ko‘rsatdi.
Ta’kidlash joizki, xalqaro miqyosda parlamentda ayollar salmog‘ini oshirish uchun majburiy yoki ixtiyoriy gender kvotalarini belgilash yoxud ayollarga zaxira o‘rinlarini ajratish usullaridan keng foydalaniladi. Bunday talablar parlamentda ayollarning vakilligini “tezkorlik bilan kuzatib borish” uchun zarur va samarali vosita sifatida ko‘riladi. Majburiy nomzodlik kvotalari saylov qonunchiligida nomzodlar ro‘yxatiga kiritilishi lozim bo‘lgan ayollarning eng kam ulushini belgilaydi.
Dunyo bo‘ylab 60 ta davlat va hududlar qonun bilan belgilangan deputatlikka nomzodlar kvotasidan foydalanadi. Bu kvotalar odatda barcha partiyalar uchun nomzodlar kvotasini shakllantirishning majburiy shakli hisoblanadi.
BMT Taraqqiyot dasturi tavsiyasiga ko‘ra, o‘z navbatida, davlat ham parlamentda o‘ringa ega bo‘lgan va gender kvotasini bajargan siyosiy partiyalarga qo‘shimcha moliyaviy yordam ajratishi orqali ularni saylovlar davomida gender tenglikni ta’minlashga undashi mumkin. Gender kvotasini bajargan siyosiy partiyalarda o‘zlarining faoliyatlarini moliyalashtirish uchun budjetdan qo‘shimcha mablag‘ olish imkoniyati bor va shu sababli ayollarni jalb qilish uchun motivatsiyaga ega bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, nomzodlik kvotalari davlatga siyosiy partiyalarni qabul qilingan standartga rioya qilishga majburlash uchun jazo choralarini qo‘llash imkoniyatini beradi. Boshqacha aytganda, saylovga nomzodlar uchun kvotalarni qonunchilikda belgilagan 60 ta davlat va hududlardan 34 tasida (57 foiz) kvota talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan. 8 ta davlat (13 foiz) esa buning uchun moliyaviy sanksiyalarni nazarda tutadi.
Ta’kidlash joizki, qonunchiligimizda aynan deputatlikka va xalq deputatlari mahalliy kengashlari a’zoligiga ko‘rsatiladigan nomzodlar uchun belgilangan kvotalar talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik ko‘rsatib o‘tilmagan.
Saylovlarga ixtiyoriy kvotalar Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida tobora ommalashib bormoqda. Unga ko‘ra, har qanday siyosiy partiya saylovlarda o‘z ro‘yxatiga gender kvotalari kiritishi mumkin.
Misol uchun, Shvetsiyada ko‘plab siyosiy partiyalar “hech bir jinsdagilar 40 foizdan kam bo‘lmasligi kerak” qoidasi ko‘rinishida ixtiyoriy partiyaviy kvotalarni joriy qilgan. Partiyalarning ixtiyoriy kvotalari Avstraliya, Germaniya, Janubiy Afrika va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarning milliy parlamentlarida ayollar vakilligini sezilarli darajada oshirgan. Taxminan 37 ta mamlakat va hududlarda bir yoki bir nechta partiyalar ixtiyoriy kvotadan foydalanadi.
Ayollar kuchi indeksiga (Women’s Power Index) ko‘ra, BMTga a’zo 193 ta mamlakatdan O‘zbekiston 78-o‘rinni egallashiga qaramay, hukumatda ayollarning ulushi 3 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati organlarida ayollarning ishtiroki yuzasidan aniq ma’lumotlar belgilanmagan.
MA’LUMOT UCHUN: mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyoning 193 ta mamlakatining 14 tasida (asosan, Yevropa davlatlarida) hukumat tarkibida ayollar ulushi kamida 50 foizdan iborat. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, qaror qabul qilishda ayollarning “zarur massasi” 30 foizni tashkil etishi kerak. Bu darajadagi ayollar vakili 1995-yilgi Pekin harakatlar platformasi tomonidan ham o‘rnatilgan.
BMT tavsiyasiga ko‘ra, mahalliy darajadagi lavozimlarga ayollarni tayinlash yoki saylash ularni yuqori darajadagi davlat lavozimlariga zarur bo‘lgan ko‘nikmalariga ega bo‘lishiga olib keladi.
Siyosatda ayollar ishtirokini oshirish bo‘yicha qator davlatlar o‘zining mexanizm va siyosatlarini ishlab chiqqan, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Ayollar tashkiloti, YXHT, IHTT, Gender tenglik bo‘yicha Yevropa instituti kabi xalqaro tashkilot va muassasalar o‘z tavsiyalarini bergan. Ular orasida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. Siyosiy partiyalarning gender siyosati. Partiya ichida kvotalarning belgilanishi turli bosqichlarda xotin-qizlarni siyosatga jalb etishda siyosiy partiyalarning muhim rolini ko‘rsatadi. Masalan, Malta Leyboristlar partiyasi 1990-yillardan boshlab partiyadan saylov ro‘yxatlarini tuzishda 20 foiz ayollar uchun kvota ajratishni hamda milliy darajada partiya ijroiya qo‘mitalari rahbarlarining uchdan bir qismi (12 nafardan 4 nafari) ayollar bo‘lishi kabi qoidalarni joriy etgan. Partiyaning ushbu strategiyasi sezilarli natijalarni qo‘lga kiritishga sabab bo‘ldi: hozirgi kunda Malta parlamenti deputatlarining uchdan ikki qismini ayollar tashkil qiladi.
Partiyada gender auditni o‘tkazish orqali ayollarning ishtiroki partiyaga siyosiy maydonda qanday yordam berishi mumkinligini aniqlaydi. Bunday auditlar natijasida ayollarga karyerada o‘sish va jamiyatga tanilish imkoniyatini yaratuvchi partiya dasturlari va siyosat ishlab chiqiladi. Shu jumladan, partiyalarga partiya ishi bilan band bolali ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli jamg‘armalar tuzish tavsiya qilinadi.
2. Fraksiyalararo assotsiatsiyalar va guruhlar. Gender tenglikni ta’minlashni maqsad qilib olgan fraksiyalararo assotsiatsiyalar va guruhlar ayollarga siyosatdagi muhim masalalarni ko‘tarishga, jamiyatga tanilishda, boshqa deputat ayollarni qo‘llab-quvvatlashda, turli gender bilan bog‘liq kamsitishlarga qarshi turishda yordam beradi. Bunday birlashmalar o‘zaro yordam ko‘rsatish va gender tengligi bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma hisoblanadi.
3. Murabbiylik. “Katta siyosat”dan hadiksirash, o‘zining qobiliyatini shubha ostiga qo‘yish, stereotiplar va boshqa jihatlar ayollarning siyosatga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Maxsus murabbiylik (shu jumladan, siyosiy partiyalar tomonidan ishlab chiqilgan) dasturlari bunday ayollarga ko‘proq tajribaga ega bo‘lgan siyosatchi ayollardan o‘rganish, ayol deputat yordamchisi bo‘lish orqali o‘z malakasini oshirishga yordam beradi. Murabbiylik dasturlari allaqachon deputat bo‘lib saylangan ayollarga ham foydali bo‘lishi mumkin, bunday dasturlar ularga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga, shunchaki deputat emas, balki liderga aylanishiga yordam beradi.
4. Ayollar uchun trening va liderlik dasturlari. Allaqachon lavozimda bo‘lgan ayollar va endigina siyosiy faoliyatini rejalashtirayotgan ayollar uchun turli trening va yetakchilik dasturlariga ham e’tibor berish kerak. Bunday dasturlar ayollarga nafaqat budjetni tushunish va qarorlar loyihasini tuzishni o‘rgatadi, balki ular uchun muloqot doirasini kengaytirish, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, o‘zini himoya qilish mexanizmlarini o‘rganish, qat’iyatli bo‘lishga yordam beradi va shu tariqa ayol siyosatchilarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushini oshirish uchun siyosiy partiyalarning ishtirokini yanada kengaytirish yuzasidan quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin.
1. Siyosiy partiyalarning ayollar ijtimoiy himoyasini ta’minlashga doir dasturlarini amalga oshirishda moddiy yordam ajratish.
2. Siyosiy partiyalar tomonidan o‘z faoliyati, shu jumladan, partiyaning kadrlar siyosatini olib borish yuzasidan gender auditni o‘tkazish tartibini joriy etish.
3. Siyosiy partiyalar qoshida ayollar uchun o‘z qobilyatini rivojlantirishga oid maxsus murabbiylik, liderlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish.
4. Saylov kodeksining 70 va 91-moddalarida ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishini belgilash.
5. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda deputatlikka va xalq deputatlari mahalliy kengashlari a’zoligiga ko‘rsatiladigan nomzodlar uchun belgilangan kvotalar talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash.
6. Quyi bo‘g‘inlarda rahbarlikka nomzod ayollar bilan yetakchilik qobiliyatini oshirish bo‘yicha uslubiy treninglarni doimiy o‘tkazish.
7. Yangi saylangan yoki tayinlangan rahbar ayollar uchun ish bilan bir vaqtda olib boriladigan maxsus o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish.
Boburjon DONAYEV,
Adliya vazirligi ma’sul xodimi