Bolaga nisbatan zo‘ravonlik javobgarlikka sabab bo‘ladi

0
116

Konstitutsiyamizning 78-moddasiga binoan, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun sharoit yaratish davlatning majburiyatidir.

Binobarin, respublikamizda bolalarning barcha huquq va erkinliklari kafolatlangan. Biroq ayni paytgacha bolalarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik tarzidagi ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoiy qilmishlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmagandi.

Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 21-oktabr kuni imzolangan “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ana shu bo‘shliqni to‘ldirdi. Mazkur qonun asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-prosessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat kodeksining 1261-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” deya nomlanib, ayni jinoyat uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, uning ikkinchi qismiga muvofiq, xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ushbu qismdagi “shaxsni yoki” degan so‘zlar “shaxsni yoki bolani, shuningdek” degan so‘zlar bilan almashtirildi. Yoki yuqoridagi moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlariga ham xuddi shunday o‘zgartishlar kiritildi.

Jinoyat-prosessual kodeksining “Yarashuv to‘g‘risidagi ariza” deya nomlangan 583-moddasi birinchi qismi esa “Yarashuv to‘g‘risidagi ariza jabrlanuvchi (fuqaroviy da’vogar) yoxud uning qonuniy vakili tomonidan surishtiruv va dastlabki tergovning, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno” degan tahrirda bayon qilindi. Shu bilan birga, mazkur modda yangi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 592-moddasiga binoan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan holda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qo‘l urgan shaxs javobgarlikka tortiladi. Ayni moddasining ikkinchi qismida “Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi” deya qayd etilgan. Endi shu qismdagi “shaxsni yoki” degan so‘zlar “shaxsni yoki bolani, shuningdek” degan so‘zlar bilan almashtirildi. Shu bois fuqarolar bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini unutmasliklari kerak.

Kundalik hayotimizda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ayrim omillar tufayli yuzaga keladi. Aksariyat hollarda bolalarga nisbatan tekin xizmatkor sifatida qaraymiz. Bu ham yetmagandek, xushmuomala bo‘lish o‘rniga buyruq berib, do‘q-po‘pisa ohangida gapiramiz. Bolaning esa bundan ko‘ngli ranjib, gapimizni ikki qiladi yoki aytganimizni bajarmaydi. Vaholanki, bolaning qalbi juda beg‘ubor bo‘lib, qo‘pollik yoxud tazyiqni hazm qilolmaydi. Binobarin, ana shu beg‘uborlik va samimiylikni asrab, unga hamisha do‘stona munosabatda bo‘lgan holda ulg‘aytirishimiz shart. Natijani ko‘p o‘tmay, ko‘z o‘ngimizda komil inson paydo bo‘lganda ko‘ramiz.

 

Shuhrat BAKAYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo

Ulug‘bek tuman sudining raisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here