Voyaga yetmaganlar jamiyatdagi zaif toifalardan biri bo‘lib, alohida huquqiy himoyaga muhtojdirlar. Ayniqsa, jinoiy adolat tizimida ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Voyaga yetmaganlar sodir etgan huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlarini kamaytirish va ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini taʼminlash huquqiy davlatning muhim vazifalaridandir.
O‘zbekiston Respublikasining jinoyat qonunchiligi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va inson huquqlari hamda erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar ta’sirida shakllangan. Bu jinoyat qonunchiligining vazifalari va konseptual qoidalarida o‘z aksini topgan. Masalan, O‘zbekiston Jinoyat kodeksida davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalalari e’tiborga olingan.
Oila jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va shaxsni tarbiyalashning asosiy instituti bo‘lib, uning manfaatlarini himoya qilish jamiyat taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi. Voyaga yetmaganlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan ham ko‘rib chiqilishi kerak. Bu yerda jinoiy-huquqiy mexanizmlar alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ular oilaga va voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Jinoyat qonunchiligiga ko‘ra, oilaga va voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar
og‘ir huquqbuzarliklar sifatida tasniflanadi. Bunday jinoyatlarga zo‘ravonlik, shahvoniy zo‘ravonlik, bolalarni mehnatga majburlash va boshqa shakllardagi jismoniy va psixologik taʼsirlar kiradi. Davlatning vazifasi shundan iboratki, u bunday huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va muvaffaqiyatli tergov qilish bo‘yicha samarali mexanizmlar yaratishi lozim. Bu yerda profilaktika choralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati muhim ahamiyatga ega. V. Andreyev taʼkidlaganidek, “Voyaga yetmaganlar o‘z maqomi, shuningdek, yoshga doir, ijtimoiy va psixologik yetilmaganlikka xos bo‘lgan xususiyatlari tufayli davlat g‘amxo‘rligi va maxsus jinoiy-huquqiy himoya bilan qamrab olinishi lozim”1.
Voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasi davlatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, bu himoyaning ahamiyati V. Andreyevning fikrida ochib berilgan. U voyaga yetmaganlarning jismoniy va ruhiy rivojlanishidagi yoshga xos kamolotsizlik va ijtimoiy yetishmovchiliklarini nazarda tutgan holda, ularning davlat tomonidan alohida g‘amxo‘rlikka va jinoiy-huquqiy himoyaga muhtoj ekanini taʼkidlaydi. Bu yoshdagi shaxslar o‘zlarini himoya qilish qobiliyatiga to‘liq ega bo‘lmaganliklari sababli ularga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish va jazo tizimini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarni jinoiy-huquqiy himoyalashning alohida shaklda taʼminlanishi ularning ijtimoiy yoki psixologik yetilishmaganliklarini inobatga olishni taqozo etadi. Bu, ayniqsa, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davlatning masʼuliyatini belgilaydi.
Voyaga yetmaganlarning shaxsiy xususiyatlari, huquqlari va qonuniy manfaatlari O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi normalar mazmuniga sezilarli taʼsir ko‘rsatadi. Bu normalar jinoyatlardan jabr ko‘rgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan.
Birinchidan, voyaga yetmaganlar himoyaga muhtoj bo‘lgan maxsus guruh hisoblanadi. Chunki ular aqliy va jismoniy jihatdan hali to‘liq rivojlanmagan. Bu esa ularni jinoyatchilarning potensial qurboniga aylantirishi mumkin. O‘zbekiston Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun alohida jazo choralari belgilangan.
Ikkinchidan, voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilishga oid qonun normalari ularning psixologik holatini ham hisobga oladi. Jabr ko‘rgan bolalar yoshlariga xos shaxsiy xususiyatlar tufayli jinoiy-huquqiy jarayonlarda maxsus muhofazaga ega bo‘lishi kerak.
Shu sababli bolalarning shaxsiy xususiyatlari va qonuniy manfaatlari Jinoyat kodeksi normalarining mazmuniga hamda ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish mexanizmlariga muhim taʼsir ko‘rsatadi.
Xalqaro huquq normalarida, xususan, BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida voyaga yetmaganlarning manfaatlarini taʼminlash davlatning asosiy vazifalaridan biri ekani ko‘rsatilgan.
Y. Nikolayeva voyaga yetmaganlarning huquqlarini jinoiy-huquqiy himoya qilishga alohida eʼtibor qaratib, buni yuridik vositalar orqali taʼminlanadigan himoya deb taʼriflaydi. Uning taʼkidlashicha, bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning asosiy vositalari huquqiy tartibga solishning muhim elementlari bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi: huquq normalari, huquqiy munosabatlar, individual aktlar, huquqiy ong va huquqiy madaniyat2.
Bu taʼrifda Y. Nikolayeva jinoiy-huquqiy himoya faqat jazo bilan cheklanib qolmasligini, balki voyaga yetmaganlarning huquqlarini taʼminlash va ularni huquqiy vositalar bilan mustahkamlashning kengroq mexanizmini ham nazarda tutmoqda. Uning fikriga ko‘ra, huquq normalari bolalarni himoya qilishning asosiy vositasi bo‘lib, ularning huquqlarini himoya qilish va qonun buzilishining oldini olish uchun aniq va to‘g‘ri qonunlar juda muhim.
Shu bilan birga, huquqiy ong va huquqiy madaniyat ham voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishning samarali vositalari sifatida ko‘riladi. Bunda huquqiy madaniyat va ong orqali nafaqat huquq-tartibot organlari, balki jamiyat ham voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etishi mumkin.
Y. Nikolayevaning yondashuvi voyaga yetmaganlarni himoya qilish jarayonida huquqiy tizimning keng qirralarini yoritib beradi va bu himoyani samarali amalga oshirish uchun ko‘plab elementlar o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi.
A. Strokovga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning jinoiy-huquqiy himoyasi o‘z mazmunida bolaning shakllanayotgan shaxsiyatining subyektiv huquqlari va manfaatlarini taʼminlash kafolatlari qoidalarini, sanksiyalarni, javobgarlikni belgilashni nazarda tutadi3.
Uning fikricha, jinoiy-huquqiy normalar faqat repressiv vosita sifatida emas, balki bolalarning huquqlariga tajovuz qilishning oldini olishga xizmat qiladigan preventiv choralar sifatida ham ahamiyatga ega. Ushbu normalar va sanksiyalar voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish uchun huquqiy asos yaratadi va bu huquqlarni buzganlarga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanishini taʼminlaydi.
Yuridik adabiyotlar tahlili voyaga yetmaganlarga xos va jinoyat huquqi uchun ahamiyatli xususiyatlarni aniqlash imkonini beradi. Ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz:
- hali to‘liq shakllanmagan hayotiy qadriyatlar tizimi;
- do‘stlar va atrofdagi odamlarni tanlashda va o‘z-o‘ziga tanqidiy yondashuvning pastligi;
- impulsivlik va yuqori emotsional qo‘zg‘aluvchanlik;
- jismoniy harakatchanlik va organizmda fiziologik o‘zgarishlar jarayoni;
- orzu-havasga beriluvchanlik;
- ishonuvchanlikka moyillik;
- taqlid qilishga moyillik, guruhga mansub bo‘lish va unda yetakchilik qilish istagi;
- pedagogik tanqidlarni rad etish;
- hayotiy tajribaning kamligi tufayli vaziyatni xolisona baholay olmaslik;
- kattalardan mustaqil bo‘lish va o‘zini erkin namoyon qilishga intilish;
- shaxsiyatning o‘zgarishlarga yuqori moslashuvchanligi4.
Bu yerda keltirilgan xususiyatlar jinoyat huquqi doirasidagi tahlillar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki ular voyaga yetmaganlarning jinoiy feʼl-atvorini aniqlash va ularga samarali profilaktik va tarbiyaviy choralar ko‘rish imkonini beradi.
Fikrimizcha, bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar o‘rtacha og‘ir va og‘ir jinoyatlar deb toifalanishi lozim. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat sodir etish bo‘yicha jinoiy javobgarlikni kuchaytirish masalasi jinoyat huquqi va ijtimoiy adolatning muhim jihatlaridan biridir. Masalan, amaldagi jinoyat qonunchiligida bolalarga nisbatan jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilgan. Jumladan, Jinoyat kodeksining “Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar” deb nomlangan 56-moddasi “b” bandida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlardan biri sifatida yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyat nazarda tutilgan.
Lekin “yosh bola” tushunchasi huquqiy maʼnoda ancha tor doirada bo‘lib, ushbu tushunchani “voyaga yetmagan” tushunchasi bilan almashtirishning huquqiy asoslari mavjud.
Birinchidan, “voyaga yetmagan” kategoriyasi huquqiy norma sifatida ko‘proq aniqlikka ega va uning tarkibiga 18 yoshgacha bo‘lganlar kiritiladi. Bu bolalar huquqlarini kengroq muhofaza qilish imkonini beradi. Agar jinoiy javobgarlik faqat “yosh bola”ga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga kuchaytirilgan bo‘lsa, muayyan yoshga yetmagan, lekin hali ham himoyaga muhtoj bo‘lgan 18 yoshga yetmagan o‘smirlar bu muhofaza tizimidan chetda qolishi mumkin.
Ikkinchidan, voyaga yetmaganlar ijtimoiy, psixologik va fiziologik jihatdan yetuk bo‘lmagani
sababli ularni jinoyatchilar aldab ketishi yoki ularga taʼsir o‘tkazishi ehtimoli yuqori. Shuning
uchun voyaga yetmaganlarni himoya qilish davlatning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi va bu tushunchani qonun hujjatlarida kengroq tarzda qo‘llash muhim ahamiyatga ega.
Shu bois “yosh bola” tushunchasini “voyaga yetmagan” tushunchasi bilan almashtirish O‘zbekistonda bolalarni jinoyatlardan muhofaza etishga samarali xizmat qiladi. Bu nafaqat aniq yosh kategoriyasini himoya qiladi, balki bolalar huquqlarini umumiy ravishda kuchaytirishga imkon yaratadi.
Bundan tashqari, ayrim jinoyat tarkiblarini “voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilganlik” degan kvalifikatsiyalovchi belgini kiritish orqali mustahkamlash maqsadga muvofiq. Masalan, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish)da voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun alohida javobgarlik belgilanmagan. Vaholanki, voyaga yetmagan shaxslar fiziologik va psixologik jihatdan yetuk bo‘lmaganliklari sababli ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu sababli yuqorida zikr etilgan kvalifikatsiyalovchi belgini ayrim jinoyat tarkiblariga kiritish jinoiy javobgarlikni kuchaytirishga yordam beradi. Bu nafaqat voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, balki jinoyatchilarni qonun oldida adolatli javobgarlikka tortish tizimiga ham samarali ta’sir qiladi.
Bundan tashqari, V. Andreyev ayrim og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarda “voyaga yetmaganlar
ko‘z o‘ngida” sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Buni esa bolaning ko‘z o‘ngida odam o‘ldirish, zo‘rlash, azoblash kabi jinoyatlarning sodir etilishi voyaga yetmaganlarning keyingi normal ruhiy va axloqiy rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkinligi bilan izohlaydi5. Bu holatda jinoiy javobgarlikni kuchaytirish nafaqat sodir etilgan jinoyatning jabrlanuvchiga zulmkorlik darajasini inobatga olish, balki voyaga yetmaganlarning psixologik holati va kelajakdagi ruhiy barqarorligiga taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni ham hisobga olish maqsadida taklif etilgan. Shunday qilib, jinoyatchilarning faqat jabrlanuvchiga qaratilgan harakatlari emas, balki voyaga yetmaganlarning guvoh bo‘lishlari orqali ularning psixologik zarar ko‘rishi ham alohida eʼtiborga olinishi lozim.
Nilufar ASHUROVA,
Jamoat xavfsizligi universiteti
Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
1 Андреев В.Л. Направления реализатции уголовной политики в сфере уголовно-правовой охраны интересов семьи и несовершеннолетних. Вестник Санкт-Петербургского университета МВД России №1 (49) 2011. Ст. 71-75.
2 Николаева Ю. В. Механизм уголовно-правовой защиты интересов несовершеннолетних требует системного подхода // Современное право. 2010. № 10. УРЛ : https://www.sovremennoepravo.ru/m/arti cлес/виеw/Механизм уголовно-правовой защиты интересов несовершеннолетних требует системного подхода (дата обращэния: 01.10.2016).
3 Строков А. А. Преступления против несовершеннолетних. Характеристика зарубежного зако нодателства в вопросах совершения преступлений против несовершеннолетних по аналогии с главой 20 Уголовного кодекса Российской Федерации // Проблемы в российском законодателстве. 2008. № 2. С. 204–205.
4 Криминология / под ред. В.Н. Кудрявцева, В.Е. Эминова. М.: Норма, 2009. С. 562–564; Мар кунцов С.А. Осознание уголовно-правовых запретов в структуре уголовной ответственности не совершеннолетних: автореф. дис. … к. ю. н. М., 2007. С. 22; Вишневецкий К.В. Виктимологическая характеристика несовершеннолетних // Теория и практика общественного развития. 2015. № 21. С. 93; Савельев А.И. Несовершеннолетние жертвы преступлений как объект виктимологического исследования // Психопедагогика в правоохранительных органах. 2012. № 1. С. 62; Shust K.B. Ex tending Sentencing Mitigation for Deserving Young Adults // The Journal of Criminal Law and Criminol ogy. 2014. Vol. 104. No 3. P. 679–685.
5 Андреев В.Л. Направления реализации уголовной политики в сфере уголовно-правовой охраны интересов семьи и несовершеннолетних. Вест-
ник Санкт-Петербургского университета МВД России №1 (49) 2011. C. 71-75.