Bola huquqlari himoyasi

0
127

Konstitutsiyamizning 78-moddasiga binoan, farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Konstitutsiyadan tashqari Oila kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda ham bola huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari mujassam.

Hozir dunyo hamjamiyatida bolalar huquqlarini cheklash, bolalar mehnatidan foydalanish, ularni ekspluatatsiya qilish, ularga nisbatan shafqatsiz munosabat, zoʻravonlik va boshqa salbiy holatlar koʻplab uchramoqda. Shu bois Oʻzbekistonda ham bu kabi salbiy omillarni oldini olishga qaratilgan bir talay normalar ishlab chiqilganligi, har bir bola shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi, qonun bolalarni jismoniy va ruhiy zoʻravonlikdan, shafqatsiz munosabat hamda ekspluatatsiyadan himoya qilishga oid maxsus dasturlar ishlab chiqilgani eʼtiborga sazovordir.

Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 21-oktabr kuni imzolangan “Oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni ana shu muammoga yechim boʻldi. Mazkur qonun asosida Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Asosiy qonunimizning 44-moddasida “Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi” deya qayd etilgan. Bu konstitutsiyaviy qoidani teran anglagan kishi bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish ham maʼmuriy, ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini eslaydi beixtiyor.

Konstitutsiyamizning 77-moddasida “Ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning taʼlim olishini, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishini taʼminlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini ragʻbatlantiradi” degan fikrlar esa bevosita fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda koʻriladigan aliment, bolani farzandlikka olish, nikohdan ajralish jarayonida bolani ota yoki onaning tarbiyasida qoldirish, ota-onaning bolasi bilan koʻrishib turish tartibini belgilash, bolani oilaviy bolalar uylariga berish, ota-onalik huquqidan mahrum qilish kabi masalalarning birinchi galdagi huquqiy asosidir.

Shuningdek, bola huquqlari buzilishining oldini olish va bunday holatlarga tezkor munosabat bildirish Oʻzbekistonda davlat organlari, jamoat tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlarning hamkorligiga asoslangan. Asosiy mexanizm oʻz ichiga sudlar, bola huquqlari boʻyicha vakil (Bolalar ombudsmani) instituti, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻlinmalari, bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha nodavlat-notijorat tashkilotlarini qamrab olgan. Ayni tuzilmalar bola huquqlari buzilishining oldini olish, bunday holatlarni aniqlash va bartaraf etish barobarida bolalarning huquqiy savodxonligini oshirishga ham masʼuldir.

Agar Oila kodeksiga eʼtibor qaratsak, unda bola manfaatlari ustuvorligi, ota-onani bola oldidagi huquq va majburiyatlari, shuningdek uning shaxsiy huquqlari ifodasini koʻramiz. Fuqarolik kodeksida esa bolaning muoamala layoqati, mulkiy va nomulkiy huquqlari aks etgan. Bolalar qonuniy va vasiyat boʻyicha meros olish huquqiga egaligi, oʻz nomlariga rasmiylashtirilgan mullka egalik qilish huquqi, nomulkiy huquq esa ism-sharifga ega boʻlish, fikr bildirish, shaxsiy hayot dahlsizligi, shaʼn, qadr-qimmatni himoya qilish va boshqa bir qator huquqlarga egaligi shular jumlasidandir.

Modomiki, bola huquqlarini himoya qilishning asosiy mexanizmlaridan biri sud ekan, sudda ularning manfaatlarini ota-onalari, vasiylari yoki homiylari ifodalaydi, shuningdek qonunda belgilangan hollarda prokuratura organlari ham ishtirok etadi.

Shu oʻrinda ilgʻor xorijiy tajriba asosida fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlarida oilaviy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantirilayotganligi va  buning natijasida “Oila sudyalari” oʻz faoliyatlarini olib borayotganligi eʼtiborga molik.

“Oila sudyalari” korpusini shakllantirishdan asosiy maqsad esa mamlakatimizda oilalarni asrash va mustahkamlash, asosiy eʼtiborni bolalar huquqlarini taʼminlash va himoyalashga qaratishdan iboratdir.

Xalqaro hamkorlik doirasida YUNISEF, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro Mehnat tashkiloti hamda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda bolalar huquqlarini himoya qilish, bolalar salomatligini asrash, taʼlim, Oʻzbekiston ilgʻor xalqaro tajribani milliy sharoitlarga moslashtirishga qaratilgan loyihalar, dasturlar, bolalar mehnatiga qarshi kurashish yoʻlga qoʻyilgan.

Bobir ISLAMOV,

Toshkent shahar sudi raisi

oʻrinbosari – Fuqarolik ishlari

boʻyicha sudlov hayʼati raisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here