HomeHuquqiy masalalarAliment: fuqarolik huquqiy javobgarlik masalalari

Aliment: fuqarolik huquqiy javobgarlik masalalari

Hozirgi kunda aliment bilan bog‘liq nizolar ko‘payib borayapti. Masalan, O‘zbekiston Oliy sudi statistikasiga ko‘ra1, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar 2018-yilda oilaviy nizolar yuzasidan birinchi instansiyada 79316 ta ishni ko‘rib chiqqan bo‘lsa, 2022-yilda 112985 ta ish ko‘rilgan. 2019-yilda da’vo tartibidagi 98 080 ta fuqarolik ishidan 2077 tasi yoki 2,1 foizi bola ta’minoti uchun aliment undirish, 27701 tasi yoki 28,2 foizi nikohdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan. 2022-yilda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarning 13281 nafari va 2023-yilda 7767 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 2022-yilda 1295 nafariga va 2023-yilda 1026 nafariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aliment ota-onaning voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga, bolalarning ota-onasiga, er-xotinning, qarindoshlar va boshqa shaxslarning bir-biriga qonunga muvofiq beradigan ta’minotidir2.

Amaldagi oila qonunchiligi aliment munosabatlarini ishtirokchilarning ixtiyoriga qarab tartibga solish uchun imkon beradi. Bu normalardan oila a’zolari qonun talablariga va taraflar ixtiyoriga javob beruvchi aliment kelishuvi tuzmagan hollarda foydalanadilar.

Aliment majburiyati vujudga kelish asoslariga bog‘liq bo‘lmagan holda taraflarning huquq va majburiyatlarini yuzaga keltiradi, ularni ijro etish va amalga oshirish esa huquqiy javobgarlik choralari bilan ta’minlanadi.

Voyaga yetmagan umumiy farzandlari bo‘lgan er-xotinni nikohdan ajratish jarayonida, agar
da’vogar nikohni bekor qilish talabi bilan cheklansa, sud tomonidan aliment undirish haqida qaror qabul qilinmaydi. Xususan, Oliy sud plenumining 2016-yil 29-iyuldagi “Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 11-qarori3 2-bandiga muvofiq voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment taraflarning kelishuviga ko‘ra ixtiyoriy tartibda, shuningdek, sud tartibida undirilishi qonun bilan belgilangani sudlarga tushuntirilgan. Shuningdek, qarorga ko‘ra aliment ota-onaning birining arizasi yoki da’vosi bilan ikkinchisi voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini bajarmagan holatlarda sud tartibida (sud buyrug‘i yoki sudning hal qiluv qarori bilan) undiriladi.

Balog‘atga yetmagan bolalarga aliment belgilash masalasi nikohni bekor qiluvchi jarayonning ajralmas qismidir. Bu Oila kodeksi 5-bo‘limida belgilangan.

Aliment majburiyatlarining ijtimoiy muhimligi ta’minotni taqdim etish bo‘yicha majburiyatning ijrosini ta’minlash va aliment majburiyatini bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik uchun javobgarlik chorasini qo‘llash imkoniyatini nazarda tutadi. Qarzdorning mazkur majburiyatdan bosh tortishi aliment oluvchining turmush sharoitini yomonlashtiradi, sog‘lig‘iga ta’sir qiladi.

Aliment oluvchining mulkiy manfaatlarini himoya qilish va qarzdorni jazolash maqsadida qonunda aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun fuqarolik huquqiy va oilaviy huquqiy javobgarlik choralari belgilangan. Oila kodeksining 142-moddasiga muvofiq sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan bo‘lsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lanmay qolgan aliment summasining o‘ndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka to‘laydi.

Aliment oluvchi aliment o‘z vaqtida to‘lanmaganda aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsdan aliment to‘lash majburiyatini o‘z vaqtida bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan barcha zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismini undirishga ham haqlidir.

Fikrimizcha, neustoyka va uning miqdori masalasini tahlil qilib chiqish muhim. Neustoyka majburiyatning bajarilishini ta’minlash usuli hamda jabrlangan shaxsning huquqlarini himoya qilish chorasi sifatida xizmat qiladi. Majburiyatni ijro etishni ta’minlash usuli sifatida neustoykaning asosiy vazifasi yuklatilgan majburiyatni ixtiyoriy ravishda lozim darajada bajarishga undashdan iborat. Rag‘batlantirish darajasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri neustoykaning miqdoriga bog‘liq. Biroq neustoykaning miqdori kam bo‘lsa, u bu muhim vazifani talab darajasida bajara olmaydi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Oila kodeksini ishlab chiqishda aliment to‘lamaydigan ishsiz yoki kambag‘al fuqarolar ham bo‘lishi mumkinligi inobatga olingan. Agar ularda vaqtida alimentlarning arzimagan miqdorini to‘lash imkoniyati bo‘lmasa, qarzdorlikni oshirib, neustoyka miqdorini oshirishdan nima foyda? Bu holatda boshqa mexanizm zarur. Ya’ni, u to‘lovchini mehnat qilishga, aliment majburiyatini to‘liq ijro etishga majburlashi kerak.

Shartnomaviy neustoyka miqdori nazarda tutilmagan aliment kelishuvi bajarilmagan holda neustoykaning miqdori qanday belgilanadi degan savol tug‘iladi. Nazarimizda, bunday holatda Fuqarolik kodeksining neustoyka to‘lash tartibiga oid normasi qo‘llanishi maqsadga muvofiq.

To‘g‘ri, biz qonuniy neustoyka miqdorini oshirishni taklif qilayapmiz. Biroq aholining huquqiy savodxonligi pastligi, taraflar kelishuvga majburiyat ijrosi kechiktirilganda neustoyka to‘lashiga oid shartni kiritmasligiga olib kelmoqda.

Fikrimizcha, agar taraflar neustoykaning boshqa miqdorini belgilamagan bo‘lsalar, qonuniy neustoykani aliment kelishuviga tatbiq etish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Zero, Fuqarolik kodeksining 263-moddasi 2-qismiga ko‘ra, agar qonun taqiqlamasa, qonuniy neustoyka miqdorini taraflar kelishuvi bilan ko‘paytirish mumkin.

Neustoykaning javobgarlik chorasi sifatida maqsadi alimentni to‘liq qoplash vazifasini bajarish emas. Jabrlangan shaxsning mulkiy holatini tiklash maqsadida qonunda faqat neustoykani undirish emas, balki qarzning neustoyka bilan qoplanmagan qismidan ziyon (hisobga olingan neustoyka) ni undirish imkoniyati ham taqdim etilgan.

Majburiy ijro tayinlash huquqiga ega bo‘lgan qarzning miqdori kabi aliment to‘lashdan farqliroq ziyonni to‘ldirish faqat sud tartibida amalga oshirilishi mumkin. Chunki bunda ziyon yetkazilganini isbotlab berish zarur va unga huquqiy bahoni faqat suddagina berish mumkin.

Aliment bo‘yicha qarzdorlik aliment to‘lovchining aybidan tashqari, masalan, agar javobgar aliment uning aybi bilan to‘lanmaganini isbotlab bersa, ish haqi vaqtida berilmagani sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Demak, fuqarolik huquqiy javobgarlikning ikkita chorasidan har biri o‘zining maxsus vazifasini bajaradi. Ular qarzdorga har tomonlama ta’sir o‘tkazish hamda huquqi buzilgan shaxsni himoyalash uchun yetarlimi? Chunki oilaviy munosabatlarga har kimning o‘z subyektiv qarashi bor.

Faraz qilaylik: aliment maktab yoshidagi bolaga undirilmoqda. Har bir ona bolani maktabga tayyorlash uchun qancha mablag‘ va vaqt zarur ekanini yaxshi biladi. Ota esa mazkur jarayonda ishtirok etish u yoqda tursin, hattoki vaqtida aliment majburiyatini ham bajarmayapti. Bunday vaziyatda ona va bolaning his-tuyg‘ularini tushunish qiyin emas. Milliy oila qonunchiligida bunday holat uchun ma’naviy zararni qoplash imkoniyati nazarda tutilmagan. Oila kodeksi 142-moddasi aliment majburiyati lozim darajada bajarilmagani uchun ma’naviy zararni qoplash kabi javobgarlik chorasini nazarda tutmagan. Oliy sud plenumining 2000-yil 28-apreldagi “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” gi 7-qarorining 2-bandiga ko‘ra, ma’naviy zarar deganda jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik oqibatida u boshidan kechirgan ma’naviy va jismoniy azoblar tushuniladi.

G‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) oqibatida shaxsiy nomulkiy huquqlar bilan birgalikda mulkiy huquqlar (uy-joy daxlsizligi, mulk huquqi va boshqalar) ham buzilishi mumkin. Nazarimizda, mulkiy huquqlar qatoriga aliment ta’minotini ham kiritish joiz. Ko‘rib chiqilgan fuqarolik huquqiy javobgarlik choralaridan tashqari Oila kodeksi jazo xususiyatiga ega oilaviy huquqiy javobgarlik choralarini ham nazarda tutadi. Oilaviy huquqiy javobgarlik choralari odatda ma’lum oilaviy huquqiy mavqedagi shaxslarga nisbatan turli oilaviy huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun qo‘llanadi.

ULARNI KO‘RSATIB O‘TAMIZ.

1. Sud, agar o‘z ta’minoti uchun mablag‘ to‘lanishini talab qilayotgan er yoki xotinning noloyiq xulq-atvori tufayli nikohdan ajratgan bo‘lsa, er (xotin)ni yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz xotin (er)ga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilishi yoxud bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklab qo‘yishi mumkin.

2. Sud, agar aliment talab qilayotgan amaldagi tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni lozim bo‘lmagan tarzda tarbiyalagan va boqqanligi isbotlansa, tarbiyachilarga rad javobi berishga haqli.

3. Sud, agar aliment talab qilayotgan o‘gay ona va o‘gay ota o‘gay qizlari va o‘gay o‘g‘illarini lozim bo‘lmagan tarzda tarbiyalagan va boqqanligi isbotlansa, o‘gay ona va o‘gay otaga rad javobi berishga haqli.

4. Ota (ona) alimentni qasddan to‘lamasa, u ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, javobgarlikning mazkur choralari oilaviy huquqiy munosabatlar ishtirokchilarini tegishli oilaviy majburiyatlarni lozim darajada bajarmaganlik uchun jazolashni maqsad qilgan. Ular qo‘shimcha mulkiy vazifada emas, balki mulkiy huquqdan, aliment olish huquqidan mahrum qilish yoki uni cheklashda ifodalanmoqda.

Yana bir murakkab muammo mavjudki, uni fuqarolik huquqiy javobgarlik va oilaviy huquqiy javobgarlik choralari bilan hal qilish mumkin emas. Biz uni faqat belgilab beramiz. Bu muammo aynan zamonamiz uchun xosdir va bozor munosabatlari rivojlanayotgani, mamlakatda migratsiya jarayonlari kuchayishi, yashash uchun pulni hisobga olinmagan biznes doirasida yoxud bir nechta ishxonada ishlab topish mumkin ligi daromadni berkitish imkoniyatini bergani uchun bu muammo tobora keskinlashib bormoqda. Muammoning mohiyati: aliment to‘lovchi shaxs daromadlarining haqiqiy miqdorini qanday qilib aniqlash lozim, unga qaysi mulk amalda va huquqiy asosda tegishlidir? Ko‘pincha qarzdorning haqiqiy daromadi juda ko‘p, aliment miqdori esa kulgili darajada kam. Bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha yangicha yondashuv hamda daromadlar shaffofliligini ta’minlovchi vositalarga ehtiyoj mavjud.

Alimentlarni to‘lashdan bosh tortish muammosi, qayd etilganidek, faqat bizdagi muammo emas. Biroq turli mamlakatlarda qonunchilik huquqbuzarlarga ta’sir etishning turli mexanizmlariga urg‘u beradi.

Bir qator choralar nazarda tutilgan va muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ulardan bir nechtasini sanab o‘tamiz:

  • AQShda bolalariga yordam bermayotgan ota-onalarga qasbiy faoliyatini yuritishda zarur bo‘lgan litsenziyalar amalini to‘xtatish haqida xabarlar yuboriladi (masalan, o‘qituvchiga, huquqshunosga, shifokorga, arxitektorga);
  • har oyda vasiylik organlari barcha shtatlardan butun mamlakat bo‘yicha moliyaviy muassasalarda ochilgan yangi bank hisoblari haqida ma’lumot oladilar;
  • bolalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga undash usuli sifatida haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yish;
  • aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdor shaxslarga xorijga chiqishga taqiq qo‘yiladi, ovga, baliq oviga, sportning har xil turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarga ruxsatnoma berilmaydi;
  • transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha departament axboroti tekshiriladi. Avtomobilni kreditga olganda, ota (ona) kreditni bo‘lib bo‘lib to‘lash uchun blank to‘ldirganida, o‘zining haqiqiy daromadi miqdorini ko‘rsatib o‘tadi;
  • soliq deklaratsiyasi bilan tanishish va boshqa vositalar majburiyatlari buzilganda, odatda,
    jazo sifatidagi choralar qo‘llanishi ma’lum bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 3808-qarori, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 820-qarorida oila masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va umumlashtirish asosida oilaviy huquqiy munosabatlarning javobgarlik mezonlarini aniqlash, alimentlarni belgilash, ajrashish vaqtida ayollar va bolalar huquqlarini
himoya qilishga oid normalarni takomillashtirish nuqtayi nazaridan ishlab chiqish belgilab berilgan edi.

Yuqoridagi qaror asosida oila institutini mustahkamlashning qonunchilik asoslari mukammal
emas, huquqni qo‘llash amaliyotini va ilg‘or xorij amaliyotini o‘rganish asosida oilani himoya
qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos mavjud emasligi qayd etilishi bu borada ilmiy tadqiqotlarni keng doirada va tizimli amalga oshirishni taqozo etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 808-qarori bilan tasdiqlangan Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom bu borada faqat garov shartnomasini tuzish imkoniyatini belgilaydi. Bunda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 421-moddasi talabiga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, davlat ijrochisi to‘lov yoki garov shartnomasi to‘g‘risidagi hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan manfaatdor shaxslarni, ichki ishlar organlarini va davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Bunda garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.

Aliment to‘lash to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish masalasi alimentni to‘lamaslik muammosiga jamiyat yondashuvini o‘zgartirish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Voyaga yetmagan bolalarni boqish uchun aliment undirishda sud tartibining mavjudligi, bu borada fuqarolik huquqiy vositalar (shartnomalar) keng qo‘llanmasligi tizimdagi muammolardan biridir. Bunday ishlarni hal qilishda sud amaliyotini tahlil qilgan holda, amaldagi qonun hujjatlariga kiritish uchun quyidagilarni taklif qilamiz.

Bolalarni ta’minlash uchun alimentning minimal miqdorini belgilash bilan bir qatorda Aliment fondini tashkil etish zarur. Mazkur fond turli sabablarga ko‘ra aliment to‘lanmay qolgan hollarda davlat va jamiyatning oilani muhofaza qilish borasidagi funksiyalarini bajarishga imkon beradi.

Voyaga yetmagan bolani boqish uchun otaonadan undiriladigan aliment miqdorini ko‘paytirish mumkin bo‘lgan holatlarni aniq belgilash zarur. Masalan, kasallik sababli, o‘qish, sport mashg‘ulotlariga qatnashish, aliment to‘lovchining qo‘shimcha daromad olish imkoniyatining paydo bo‘lishi va boshqa holatlarda alimentni ko‘paytirishning aniq mexanizmlari belgilanishi maqsadga muvofiq.

Aliment undirilishi kerak bo‘lgan shaxsning haqiqiy daromadini qasddan yashirganlik yoki kam baholaganlik faktini sud aniqlagan hollarda alimentni belgilangan miqdorda to‘lash majburiyatini belgilash zarur.

Xorijiy mamlakatlarning aliment majburiyatini ta’minlash borasidagi ijobiy tajribasini tatbiq etish taklif qilinadi. Germaniyada to‘g‘ri chiziq bo‘yicha qarindoshlarning (ota-onalar, bolalar, bobo, buvilar, qarindoshlar), er-xotin va nikohdan ajralganlarning aliment majburiyatlari, shuningdek, nikohdan tashqari tug‘ilgan bola uchun otaning aliment majburiyatlari belgilab berilgan. Voyaga yetmaganlar uchun aliment miqdorini belgilash quyidagilarga bog‘liq bo‘ladi: o‘g‘il yoki qizning yoshi; ularning yashash joyi; bolalarning umumiy soni. Agar er va xotin alohida-alohida yashashni boshlagan va ajralishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa, aliment to‘lanishi boshlanadi. Ajralishgacha ajralish muddati 1 yil bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, aliment 12 oy davomida to‘lanishi mumkin.

Germaniyada, Dyusseldorf alimentlar jadvali (1962) ham amalda bo‘lib, u orqali aliment miqdori aniqlanadi. “Alimentlar to‘g‘risida”gi qonun bilan 1979-yildayoq ota-onasi aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan aliment to‘lash tizimi joriy etilgan. Aliment to‘lovchilar aliment to‘lamagan taqdirda, davlat ma’lum bir davr uchun bolani qaramog‘iga oladi. Biroq, agar aliment to‘lovchi uni to‘lamaslik uchun qonuniy asosga ega bo‘lmasa, unda unga davlat to‘laydigan mablag‘ va alimentning o‘zi undiriladi.

Sudning qaroriga ko‘ra ish haqini muzlatib qo‘yishlari va qarzlar to‘langunga qadar faqat yashash uchun kerakli miqdorni berib turishlari mumkin. Bundan tashqari, ular ham jarima solishi mumkin.

Fransiyada oila kassalari faoliyat yuritadi. Agar ota (ona) ikki oy aliment to‘lamasa, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzand bo‘lgan ikkinchi taraf (ota yoki ona) ana shu Oila kassalaridan aliment olishi mumkin.

Mamlakatimizda ham bosqichma-bosqich xorijiy mamlakatlar tajribasiga o‘xshash mexanizm joriy qilinmoqda. Xususan, regress da’vo ko‘rinishida aliment undirish tizimi joriy etilmoqda.

Prezidentning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 87-farmonining 20-bandida Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilgani va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

2022-yil 3-avgustda Vazirlar Mahkamasining “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 427-qarori4 qabul qilindi. Qarorga binoan jamg‘arma hisobidan to‘lovlar faqat voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorga nisbatan tatbiq etilishi qayd etildi.

Jamg‘arma tomonidan to‘lovlarni to‘lash tartib-taomillari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish maqsadida barcha amaliyotlar Majburiy ijro byurosining Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda to‘lovlar ushbu tizim bilan integratsiya qilingan aliment oluvchilarning bank kartalariga o‘tkaziladi.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, alimentni bank kartalari orqali undirish tizimi o‘z samarasini berib, tizim orqali 2022-yilda jami 1 trln so‘m, 2023-yilda 562,4 mlrd so‘m mablag‘ undiruvchilar kartasiga o‘tkazildi.

Xulosa o‘rnida quyidagilarni keltirib o‘tish lozim:

birinchidan, aliment majburiyatlarini buzganlik uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik choralari mulkiy xususiyatga ega va noqonuniy harakat qilgan aybdor shaxsga nisbatan qo‘llanadi;

ikkinchidan, oilaviy huquqiy javobgarlik choralarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular  odatda huquqqa ega shaxsga nisbatan qo‘llanadi va mulkiy huquqdan mahrum qilish yoki uni cheklashda o‘z ifodasini topadi; uchinchidan, aliment munosabatlari sohasidagi huquqbuzarliklarning miqyosi oilaviy qonunchilikda nazarda tutilgan choralarning samarasizligini ko‘rsatmoqda.

Nilufar RUSTAMOVA,
Toshkent shahar Chilonzor tumani 2-FHDY bo‘limi mudiri

 

1 Ўзбекистон Олий судининг расмий сайти маълумотларига асосланади// https://stat.sud.uz/fib.html.

2 Oila huquqi. Darslik. – T.:TDYU, 2017. 116-b.

3 Ўзбекистон Олий суди пленумининг 2016 йил 29 июлдаги “Судлар томонидан вояга етмаган ва вояга етган меҳнатга лаёқатсиз болалар таъминоти учун алимент ундиришга оид ишлар бўйича қонунчиликни қўллаш амалиёти тўғрисида”ги 11-қарори// https://lex.uz/docs/3034913.

4 Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2022 йил 3 августдаги “Алимент тўловлари жамғармаси фаолиятини ташкил этиш тўғрисида”ги 427-қарори https://lex.uz/docs/6141398.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa