HomeIlmiy maqolalarJinoyat protsessida tergov sudyasi instituti

Jinoyat protsessida tergov sudyasi instituti

Jinoyat protsessini taraflarning tortishuvi prinsipi asosida amalga oshirish adolatli qaror chiqarilishiga zamin yaratadi. Tortishuv prinsipining ta’minlanishi ishning to‘liq, xolis va beg‘araz ko‘rib chiqilishiga imkon beradi. Bir qator rivojlangan mamlakatlarda taraflarning tengligi prinsipini ta’minlash, ayblov va himoya tarafining faoliyati ustidan sud nazoratini amalga oshirish uchun tergov sudyasi instituti joriy etilgan.

Tergov sudyasi instituti birinchi marta 1810-yilda Fransiyada qabul qilingan. Tergov sudyalari dastlabki tergovni mustaqil olib borish uchun barcha vakolatlarga ega bo‘lgan1.

Hozir Fransiya Respublikasida tergov sudyasi bir vaqtning o‘zida bir necha funksiya va majburiyatlarga ega. Amerikalik olim Gerbert Yakobning yozishicha, Fransiya jinoyat protsessidagi tergov sudyasi ayblov asosida tergov sifatini ta’minlash uchun javobgardir va keng vakolatlarga ega.

Fransiya Respublikasi jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasiga ko‘ra, tergov sudyasi jinoiy tergovlarga ixtisoslashgan va keng vakolatlarga ega bo‘lgan mustaqil sudyadir.

Fransiya Jinoyat kodeksida jinoyat sifatida belgilangan eng jiddiy huquqbuzarliklarni tergov qilish (10 yildan umrbod qamoq jazosigacha belgilangan jinoyatlar) faqat sud politsiyasi ko‘magida tergov sudyasi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Tergov sudyasi tergovni tuman prokurori taqdim etgan taqdimnoma asosida yoki Jinoyat-protsessual kodeksining 80 va 86-moddalarida ko‘rsatilgan shartlar bajarilgandan keyin boshlaydi.

Tergov sudyasi tarkibiy jihatdan yuqori instansiya tribunaliga kirsa ham faoliyatini rasmiy ravishda mustaqil olib boradi. Uning mustaqil ishlashi nazoratsiz ekanini anglatmaydi. Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasiga asosan uning harakatlari ustidan apellyatsiya sudi huzuridagi tergov palatasiga shikoyat qilish mumkin.

Qozog‘iston Respublikasida 2015-yildan boshlab tergov sudyalari instituti joriy etildi. Bu esa ayblov va himoya tarafi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, tergov, prokuratura va sud organlari orasidagi vakolatlarni aniq taqsimlash imkonini yaratdi. Prokurorning barcha tergov harakatlari uchun sanksiya berishi ayblov tarafiga himoya tarafidan ko‘ra ko‘proq huquq berar edi. Bugun tergov sudyalarining vazifasi jinoiy ta’qib funksiyasini o‘z zimmasiga olmasdan sud nazoratini amalga oshirishdir. Tergov sudyasi ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxslarning huquqlariga rioya etilishi, taraflarning tengligi prinsipini cheklashdan himoya qilishning kafolati hisoblanadi.

Qozog‘iston Jinoyat-protsessual kodeksining 54-moddasi 3-qismiga muvofiq tergov sudyasi – birinchi instansiya sudining raisi tomonidan tayinlanadigan, sudga qadar tergovga jalb qilingan shaxslarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari ta’minlanishi ustidan sud nazoratini amalga oshirishga vakolatli sudyadir2.

Estoniya Jinoyat-protsessual kodeksining 21-moddasiga binoan dastlabki tergov sudyasi sudgacha ish yuritish jarayonida viloyat sudining sudyasi hisoblanadi. Estoniya Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollarda dastlabki tergov sudyasi tezkor-qidiruv tadbirini o‘tkazishga ruxsat beradi. Tergov sudyasining dastlabki tergovda sud nazoratini amalga oshirishdagi mustaqilligi va xolisligi nizomlar bilan ta’minlanadi.

Tergov sudyasining vakolatlari protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun ruxsat berish, ularni uzaytirish yoki bekor qilish, tezkor qidiruvga ruxsat berishda, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini sezilarli darajada cheklaydigan tergov harakatlarini amalga oshirmaslikda, guvoh ko‘rsatuvining ishonchliligini aniqlash va uning xavfsizligini ta’minlash zarurligini aniqlashda namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari advokat ish bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinganda unga himoyachi tayinlash to‘g‘risida iltimos qiladi,
ish yuritishning sudgacha bo‘lgan bosqichida himoyachini rad etish bo‘yicha ish olib boradi, dastlabki tergov organlari yoki prokurorning harakatlari  va qarorlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi. Demak, Estoniyada tergov sudyasi bir qancha yurisdiksion funksiyalarni bajaradi.

Litvada tergov sudyasi tuman sudining sudyasi bo‘lib, u tuman sudining raisi tomonidan tayinlanadi (Litva Jinoyat-protsessual kodeksi 19-moddasi). Tergov sudyasi sudda jadval bo‘yicha navbatchilik qiladi (masalan, hibsga olish kabi shoshilinch ishlarni hal qilish uchun). Dastlabki tergov organlari ishini nazorat qiladi, ular faoliyatining qonuniyligini ta’minlaydi. Tergov sudyasi protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun sanksiya beradi va bajarilishini nazorat qiladi. Shuningdek, ishni sudga qadar yuritish bosqichida so‘roq qilishni ta’minlaydi. Ushbu tartib tergov sudyasini tergov harakatlarini amalga oshiradigan asosiy shaxs sifatida ajratib turadi.

Litva Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasiga binoan tergov sudyasining vakolatlari quyidagilardan iborat:

  • protsessual majburlov choralarini qo‘llashga ruxsat beradi;
  • gumon qilinuvchilar, guvohlar va jabrlanuvchilarni so‘roq qiladi;
  • dastlabki tergovni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi yoki prokurorning sudgacha bo‘lgan ishni tugatish to‘g‘risidagi qarorlarini tasdiqlaydi;
  • jarayon ishtirokchilarining shikoyatlarini ko‘rib chiqadi;
  • Kodeksda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.

Moldova Jinoyat-protsessual kodeksining 29-moddasiga binoan har bir sud instansiyasi doirasida o‘ziga xos funksiyalarga ega jinoiy ta’qib bo‘yicha sudyalar ishlaydi3.

Jinoiy ta’qib bo‘yicha sudya shaxsni dastlabki yoki uy qamog‘iga olish yoki ushbu ehtiyot choralarini o‘zgartirish, to‘xtatib turish yo bekor qilish hibsga olingan shaxsni vaqtincha ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish va uni bekor qilish, shuningdek, shaxsni vaqtincha ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish orqali jinoiy ta’qib paytida tintuv o‘tkazishga ruxsat berish, mol-mulkni olib qo‘yish, davlat, tijorat, bank sirlarini o‘z ichiga olgan ashyolarni olib qo‘yish, eksgumatsiya qilish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish, ushlab turish yoki pochta jo‘natmalarini olib qo‘yish uchun ruxsatnomalar berish orqali jinoiy ta’qib paytida sud nazoratini ta’minlaydi.

Sudgacha bo‘lgan ish yuritish jarayonida tergov sudyasi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsni hibsga olishning qonuniyligi va asosliligi, garov, uy qamog‘i, ekstraditsiya hibsxonasi, qamoqqa olish shaklida ehtiyot chorasini qo‘llash, ehtiyot chorasini uzaytirish, ehtiyot chorasini o‘zgartirish to‘g‘risida, hibsda bo‘lmagan ayblanuvchini tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, shu jumladan pullarini musodara qilish to‘g‘risida, ayblanuvchini lavozimidan vaqtincha chetlatish to‘g‘risida, yaqin qarindoshlari, marhumning turmush o‘rtog‘i (xotini) roziligi bo‘lmagan taqdirda eksgumatsiya qilish to‘g‘risida, uy-joyni, shuningdek mulk yoki boshqa obyektlarni ko‘rib chiqish (uyda yashovchi shaxslarning roziligi bo‘lmagan taqdirda) to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 32-moddasiga binoan tergov sudyasi tergov yo‘nalishi va tergov harakatlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar berishi, sudgacha ish yuritadigan shaxslar o‘rniga harakatlar qilishi va qaror qabul qilishi kerak. Shuni ta’kidlash kerakki, tergov sudyasining qarorlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest berilishi) mumkin.  Shu bilan birga, apellyatsiya sudining tergov sudyasining qarorlari ustidan shikoyatlar bo‘yicha chiqarilgan qarorlari qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Bu tahlillarga asosan aytish mumkin, tergov sudyasi ishni sudga qadar yuritish bosqichida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya taraflarining faoliyatini muvofiqlashtirib, nazorat qilib turuvchi hamda fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qiluvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.

Olim B. Mo‘minov tergov sudyasiga quyidagicha ta’rif beradi: “Tergov sudyasi – ishni sudga
qadar yuritish bosqichida, ishni sudga qadar yuritish uchun mas’ul organlarning iltimosnomalari va manfaatdor shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish va hal qilish orqali shaxslarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari ta’minlinishi ustidan sud nazoratini amalga oshirishga vakolatli sudyadir”4.

Konstitutsiyamizda sud nazorati instituti katta ahamiyatga ega ekani inobatga olingan. Shunday ekan, ishni sudga qadar yuritishda taraflar tengligi va tortishuv prinsipining ta’minlanishi uchun tergov sudyasi instituti joriy etilishi kerak.

UNGA:

  • ayrim materiallarni, masalan, prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomasini;
  • prokurorning amnistiya aktiga asosan mahkumni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasini;
  • guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogar) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash
    to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish vakolatini berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Sadoqat XOLMATOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti

 

1. Organization for the Enforcement of the Criminal Law in France, Germany and England Morris Ploscowe, Journal of Criminal Law and Criminology Volume 27 Issue 3 September-October.

2. Уголовно-процессуальный кодекс Республики Казахстан от 4 июля 2014 года (по сост. на 16.11.2020). (Электронный ресурс). Режим доступа: http:base.spinform.ru.

3. Глянько О.А. “теоретико-правовая модель процессуального статуса следственного судьи” – специальность 12.00.09 – уголовный процесс, диссертация на соискание ученой степени, Москва, 2019 г., стр.107.

4. Мўминов Б.А. Жиноят ишларини судга қадар юритиш устидан суд назорати. Юр.ф.доктори … диссер. Тошкент. 2020. 249-б.

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa