Tergov harakatlaridan biri bo‘lgan eksperiment qadimda turli ko‘rinishlarda, jumladan, ko‘zdan kechirish tarzida amalga oshirilgan. Xususan, Hindistonning Manu qonuniga ko‘ra haqiqatni aniqlashda so‘lak va og‘izni, tilni ko‘zdan kechirish orqali ayblilik yoki aybsizlikni aniqlovchi usullar ham qo‘llangan.
Masalan, gumonlanuvchining og‘ziga quruq guruch donalari qo‘yilib, savol berilgan va javob olish uchun tupurish so‘ralgan, inson yolg‘on gapirganda og‘zi qurib qolishi natijasida guruch tanglayga yopishib qolgan1.
Olov va suv orqali sud qilish2 arxaik qonun turlaridan biri hisoblanadi, bunday sinovlar birinchi marta Ur-Nammu va Xammurapi qonunlarida qayd etilgan. Suv bilan sinovdan o‘tkazilganda kishi qaynoq suvdan halqani olib tashlashi, tez oqadigan daryoga sakrashi kerak bo‘lgan yoki sovuq suvga tushirilgan.
Olov bilan sinashda kishi qo‘lini olovda ushlab turishi, yonayotgan olovdan o‘tishi va qo‘li bilan issiq temirni ushlab turishi kerak bo‘lgan. Ushbu sinovlardan o‘tganlar oqlangan, o‘ta olmaganlar aybdor deb topilgan.
Tadqiqotlarda qayd etilishicha, Rossiyada birinchi tergov eksperimenti Engelgardt (1863) va
Imshenetskiylarning (1883) ishlari bo‘yicha tergov jarayonida o‘tkazilgan3.
Postsovet hududida protsessual va sud-tibbiy adabiyotlarda tergov eksperimentlarini o‘rganish Rossiya tadqiqotchilari tomonidan 1930-yillarning oxirida rivojlana boshlagan. Bundan oldin dalillarni tekshirishning eksperimental usullaridan foydalanilgan bo‘lsa-da, ushbu masalalar nazariy jihatdan yoritilmagan4.
1932-yilda tergov eksperimenti oz bo‘lsa ham adliya organlarining e’tiboriga tusha boshlagan. RSFSR Adliya xalq komissarligining 2-uslubiy maktubida (1932-yil 15-may) Novikovlar, Kostrenkov va Strausovlarning RSFSR Jinoyat kodeksining 58-moddasi bilan ayblash haqidagi ishi ko‘rib chiqilishi munosabati bilan shubhali ovozni aniqlash maqsadida eksperiment o‘tkazish zarurligi ta’kidlangan. Bu tez orada nazariy adabiyotlarda o‘z ifodasini topgan va keyin SSSR prokuraturasining uslubiy xatida shubhali identifikatsiya natijalarini shu tartibda tekshirish talabi bayon qilingan. Tergov eksperimentlari nazariyasi bo‘yicha ilmiy munozaralar 1940 – 1950-yillarda avj olgan.
Bu davrda amaliyotchi yuristlar va protsessual olimlar tergov eksperimentining protsessual harakatlar tizimidagi o‘rnini aniqlashga harakat qilganlar. Ba’zi olimlar, xususan, R.Raxunov, M.Strogovich, I.Yakimov va boshqalar tergov eksperimentining mustaqil maqomini rad etib, o‘z xulosalarini eksperimentni shunchaki ko‘zdan kechirish tergov harakatining bir ko‘rinishi yoki uning ikkinchi bosqichi sifatida baholashgan5.
M.Grodzinskiy, N.Terziyev, V.Kolmakov va boshqalarning fikricha, tergov eksperimenti mustaqil tergov harakati bo‘lib, uning mohiyati, vazifasi va o‘tkazish taktikalari eksperimentni boshqa tergov harakatlaridan ajratib turadi6.
Fikrimizcha, eksperiment ko‘zdan kechirish tergov harakatining bir ko‘rinishi yoki uning bir usulidir degan qarashlarga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki faqatgina hodisa joyidagi jinoyat izlari va jinoiy oqibatlarni qayd etishda ifodalanadigan ko‘zdan kechirishdan farqli ravishda eksperimentda muayyan holat yoki harakatning ayni sharoit, vaqt, usulda muayyan shaxs tomonidan bajarilish yoki bajarilmaslik imkoniyati tekshiriladi. Ya’ni tergov eksperimentida jinoiy hodisa, unga aloqador holat yoki ularning bir qismi qayta jonlantirgan holda tekshiriladi.
Shu sababli yuqorida qayd etilgan ikkinchi guruh olimlarning tergov eksperimenti mustaqil tergov harakati ekanligi haqidagi fikriga qo‘shilamiz. 1960-yili RSFSRning yangi JPKga “Tergov eksperimenti”7 (183-modda) deb nomlangan norma kiritildi. 183-moddaga ko‘ra tergovchi ish bo‘yicha muhim bo‘lgan holat va ma’lumotlarga aniqlik kiritish va tekshirish maqsadida tergov eksperimenti o‘tkazish huquqiga ega. Eksperimentni o‘tkazishga ishtirokchilar va atrofdagilarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilmasligi hamda ularning sog‘lig‘i xavfga qo‘yilmasligi sharti bilan ruxsat beriladi.
Tergov eksperimentini o‘tkazishda xolislar qatnashishi shart. Zaruratga qarab eksperimentga gumonlanuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh jalb etilishi mumkin. Tergovchi eksperiment o‘tkazishda ish natijasidan manfaatdor bo‘lmagan mutaxassisni ham jalb qilish huquqiga ega.
Tergov eksperimenti o‘tkazishda bayonnoma rasmiylashtiriladi. Unda eksperiment o‘tkazishning shartlari, usullari va natijasi aniq ko‘rsatiladi8. Tergov amaliyotida eksperiment qo‘llanib kelgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston SSR Jinoyat-protsessual kodeksiga tergov eksperimenti mustaqil tergov harakati sifatida 1961-yildan keyin kiritilgan. Kodeksning 166-moddasida ushbu tergov harakati “Vaziyat va hodisaning holatini takrorlash” deb atalgan.
Unga ko‘ra tergovchi ko‘zdan kechirish, guvohlantirish, so‘roq qilish, tanib olish uchun ko‘rsatish va boshqa tergov harakatlarida to‘plangan ma’lumotlarni aniqlashtirish va tekshirish maqsadida muayyan vaziyat va hodisanining holatini takrorlashi mumkin9. Keyinchalik O‘zbekiston SSR Jinoyat-protsessual kodeksining 166-moddasi nomi “Tergov eksperimenti” deb o‘zgartirilgan.
Fikrimizcha, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 154-moddasi ikkinchi qismiga “Eksperimentda ishtirokchilar va atrofdagilarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilmasligi hamda ularning sog‘lig‘i xavfga qo‘yilmasligi shart” degan qo‘shimcha kiritish maqsadga muvofiq.
G‘arbiy Yevropa mamlakatlari va AQShda tergov eksperimenti rivojlanishining tarixiy jihatlari L. Y. Arosker tomonidan o‘rganilgan10.
1907-yilda italyan kriminologi A. Niseforo tergov eksperimentini sud tergovi usuli sifatida belgilagan11.
1910-yilda nemis kriminologi A. Vayngardt eksperimentni “tajribaviy harakat” deb nomlagan12.
1912-yilda AQShda jinoyatlarni tergov qilishning ilmiy texnologiyasi doirasida “ilmiy tajriba”
amaliyotga joriy qilingan.
Nemis kriminologi A. Gelvig 1925-yilda “Zamonaviy kriminologiya» jurnalida guvohlar ustida tajriba o‘tkazish, ularning his qilish qobiliyatini aniqlash imkoniyatini yoritgan13.
1938-yilda fransuz kriminologi M. Bishof tergov eksperimenti haqqoniyligiga shubha bilan qarab, predmet va narsalarni hodisa sodir bo‘lgan vaqtdagi joyi va holatida joylashtirish imkonsiz deb, bu turdagi qayta tiklashlarni “haqiqiy komediya” deb baholagan14. Bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi.
Chunki tadqiqot jarayonida to‘plangan bilim, ko‘nikmalar hamda bugungi kundagi tergov amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, muayyan turdagi jinoyatlar va ularning alohida holatlarida ayblilik masalasini tergov eksperimenti o‘tkazmasdan turib hal qilish imkonsizdir.
Boshqa tarafdan esa puxta reja asosida tayyorgarlik ko‘rmasdan o‘tkaziladigan eksperimentning natijasi qoniqarli bo‘lmaydi. Shu nuqtayi nazaridan M. Bishofning bu boradagi mulohazasini tushunish mumkin.
Nemis kriminologlari tomonidan tergov eksperimentining tabiati va mazmuni haqida ikki xil
qarash ilgari surilgan. Birinchi yo‘nalish H. Bekk maqolasida ifodalangan bo‘lib, unga ko‘ra “tergov eksperimenti” atamasi ushbu nomdagi tergov harakatining mazmunini aks ettirmaydi, chunki nemis tilidagi “eksperiment” so‘zi odatda tabiiy fanlarda o‘tkaziladigan ilmiy tajribaga nisbatan qo‘llanadi15. Shuning uchun “rekonstruksiya” (qayta qurish) atamasi jinoyatning o‘zi yoki uning usulini takrorlash deb tushungan holda qo‘llanishi kerak.
H. Bekk vaziyatni qayta qurishning ikkita maqsadini ko‘rsatadi. Avvalo hodisa qanday sodir etilgan bo‘lsa shu ko‘rinishda barcha holatlarni qayta tiklash, agar begonalar aralashgan bo‘lsa ma’lum o‘zgartirishlar kiritish lozim.
Uning fikricha, holatni to‘liq qayta tiklash va qo‘shimcha qayta tiklash farqli hisoblanadi. Vaziyatni to‘liq qayta tiklash guvohlarning ko‘rsatuvlari va boshqa tergov materiallari asosida voqea joyining dastlabki holatini tiklashdir. Vaziyatni qo‘shimcha qayta tiklash esa jinoyatning haqiqiy usullarini tekshirish, ilgari aniqlanmagan dalillarni aniqlash va saqlash, jinoyatchining aybga iqrorlik ko‘rsatuvlarini tekshirish va boshqa maqsadlarda o‘tkaziladi.
Fikrimizcha, H. Bekkning jinoyatchining aybga iqrorlik ko‘rsatuvlarini tekshirish uchun tergov eksperimenti o‘tkazish haqidagi qarashlari amaliy tajriba natijasida shakllangan. Chunki bugungi tergov eksperimentlarida ham jinoyatchining aybga iqrorlik ko‘rsatuvlarini tekshirish dalillarni mustahkamlashda foyda beradi.
Chunki amaliyotda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bosimi yoki jinoyat qonunchiligidagi yoshga doir imtiyozlar tufayli pensionerlar yaqinlari sodir etgan jinoyatni bo‘yniga olgan holatlar kuzatiladi. Ayni shu holatda nemis olimi H. Bekkning jinoyatchining aybga iqrorlik ko‘rsatuvini tekshirish uchun tergov eksperimenti o‘tkazish haqidagi qarashlari qonuniy va adolatli qaror chiqarishda ahamiyatli hisoblanadi.
Nemis olimlarining ikkinchi nuqtayi nazari H. Kilmanning “Tekshiruv eksperimenti” nomli maqolasida ifodalangan. Uning fikricha, tergov eksperimenti deganda tergov jarayonida hali noma’lum bo‘lgan faktlar va holatlarni aniqlash yoki tergovning muayyan natijasi va tusmollarini tekshirish maqsadida o‘tkaziladigan tajriba tushunilishi lozim. Maqolada muallif B. Gerting va R. Shedlixning eksperiment haqidagi fikrlariga to‘xtalib, eksperimentni “qayta qurish” deb atashgani, biroq amalda ushbu atama “tergov eksperimenti” tushunchasini nazarda tutishini qayd etgan16.
Tergov eksperimentining rivojlanish bosqichlarini tahlil qilar ekanmiz, quyidagi xulosaga kelishimiz mumkin:
- qadimgi zamonlarda Rossiya va g‘arb mamlakatlarida ijtimoiy munosabatlar diniy qoidalar bilan tartibga solingani sababli sodir etilgan qilmish bo‘yicha ko‘rsatuvlarning haqqoniyligi olov yoki suv bilan sinab, tekshirib ko‘rilgan;
- XIX asrning ikkinchi yarmidan 1950-yillarga qadar g‘arb mamlakatlari va postsovet davlatlarida tergov eksperimentining asosan nazariy jihatlari shakllangan;
- 1950-yillarning oxiridan hozirgi kunga qadar tergov eksperimenti jinoyat-protsessual qonunchilikda aks ettirilib, amaliyotga tatbiq etilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, tergov eksperimentining nazariy va amaliy asoslari 1960-yillarda qanday shaklda bo‘lsa, bugungi kunga qadar deyarli shu ko‘rinishda saqlanib qolgan. Tergov eksperimenti rivojlanishining keyingi bosqichi sifatida uning taktik va psixologik usullarini rivojlantirish, taktikada kompyuter texnologiyalari asosida modellashtirish imkoniyatidan samarali foydalanishga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Fazliddin SOYIBOV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
sirtqi magistratura tinglovchisi
1 И. Р. Астанов, «Жиноят ишлари бўйича махсус билимлардан фойдаланишнинг процессуал ва криминистик жиҳатлари» мавзусидаги докторлик диссертацияси. – Тошкент. 2020. 16-б.
2 Большая российская энциклопедия. bigenc.ru. / https://ru.wikipedia.org.
3 Савельева М. В., Смушкин А. Б. Следственные действия. М., 2012. С. 61.
4 Давыдов Г. П. Тактика следственных действий. М., Госюриздат, 1999. С. 148.
5 Рахунов Р. Д. Теория и практика экспертизы в советском уголовном процессе. М., 1953; Строгович М. С. Курс советского уголовного процесса. М., 1958.; Якимов И. Н. Следственный осмотр: дис. …д-ра юрид. наук. М., 1947.
6 Гродзинский М. М. Улики в советском уголовном процессе. М., 1944; Терзиев Н. В. Некоторые вопросы следственного осмотра места преступления. М., 1955.; Колмаков В. П. Тактика производства следственного осмотра и следственного эксперимента. Харьков, 1956.
7 Берзин В. Ф. Опыт проведения судебных экспертиз. Киев, 1963. С. 47.
8 Уголовно-процессуальный кодекс РСФСР от 27.10.1960 г. б/н / http://www.kremlin.ru.
9 Уголовно-процессуальный кодекс Узбекской ССР от 1961 г. ст-166.
10 Ароцкер Л. Е. Следственный эксперимент в советской криминалистике: дис. …канд. юрид. наук. Харьков, 1951, С. 275.
11 Niceforo A. Die Kriminalpolizei und ihre Hilfswissenschaften. 1907.
12 Вайнгардт А. Уголовная тактика. Овруч, 1910.
13 Гельвиг А. Современная криминалистика. М, 1925. 100 с.
14 Bischoff M. La Police Scientifique. Paris, 1938.
15 Beck Heinz. Die Rekonstruktion – eine wichtlge Methode der Verbrechensaufklarung. «Schriftenreihe der Deutschen Volkspolizei», Heft 4. Juni 1956.
16 Killmann Heinz. Das Untersuchungs experiment. «Schiftenreihe der Deutschen Volkpolizei», Heft 5, Oktober 1956.