Korrupsiya muammosiga jahonning har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Ammo bu muammo hamma joyda bir xil degan ma’noni anglatmaydi. Korrupsiyaning vujudga kelish sabablari mamlakatlarda tarixiy bosqich va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi bilan belgilanadi. Shu bois mamlakatdagi korrupsiyani yuzaga chiqargan sabablarni tarixiy-huquqiy jihatdan o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
XIV-asrda vujudga kelgan Amir Temur saltanatida adolat va qonun ustuvorligi hukm surgan.
Amir Temur davlatda adolatli qonun-qoidalar joriy qilib, markazlashgan davlatni ma’muriy, harbiy va mahkama tizimlarini yaratish orqali boshqargan.
Amir Temur barcha jinoyatchilarni, hattoki agar jinoyatga qo‘l urishsa, qarindosh-urug‘lari va farzandlarini ham xolis turib, jazolashni talab qilgan.
Akademik Bo‘riboy Ahmedov Temur davlatida qonun barchaga – vazirlar, amirlar, hokimlar, shahzodalar va raiyat uchun barobar bo‘lgan, deydi. Jumladan, Fransuz temurshunosi L. Kerenning keltirishicha, Amir Temur harbiy yurishdan qaytgandan so‘ng jarchilar vositasida shaharda adolat o‘rnatajagini elga ma’lum qilgan va shu maqsadda qozixonalar ish boshlagan. Temurning mamlakat hududida yo‘qligidan foydalanib, shaxsiy manfaatlarini o‘ylab ish tutgan amaldorlar hibsga olinib, shafqatsiz jazolangan. Amir Temur, eng avvalo, xalq ko‘z o‘ngida bosh vazirni vazifasini sovuqqonlik bilan ado etgani uchun shafqatsiz jazolagan.
Davlat mablag‘ini talon-toroj qilgan qator yuqori martabali amaldorlar, firibgar va muttahamlar ham o‘ta shafqatsiz jazolangan. Shuningdek, Temurbek ayrim qassoblarni, u Samarqandda bo‘lmagan yillarida, go‘shtni ortiq narxda sotganlari uchun jazolashni buyuradi.
Shuningdek, moliga ortiq baho qo‘yib sotgan ba’zi mahsido‘zlar ham jazoga tortiladilar.
Akademik Ibrohim Mo‘minovning qayd qilishicha, Temur yozishmalariga muvofiq, vaqti-vaqti bilan taftish va tekshirish, tergov o‘tkazilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ichkilik, maishiy buzuqlik kabilar og‘ir gunoh hisoblanib, qattiq jazolangan. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, mansabini suiiste’mol qilish Temur avlodlariga taalluqli bo‘lgan taqdirda ham ular tegishli jazolarni olgan. Chunonchi, uning o‘g‘li Mironshoh, nevarasi Amirzoda Pirmuhammadlar xalq oldida qattiq jazoga tortilgani to‘g‘risida manbalarda yozilgan. Temur davlatning obro‘si, sharafi, manfaati yo‘lida g‘oyat qattiqqo‘l bo‘lgan.
Bu yo‘lda o‘zini, qondoshlarini, harbiy boshliqlarni ham ayamagan. Davlat ishlarida g‘oyat mustahkam, tebranmas, barqaror turgan.
“Qissai Temuriy”da “Men o‘zimga adolatli va rahmdil to‘rt vazirni tanladim – ulardan ikkisi Mahmud Shahob Xurosoniy va Nosriddin Mahmud al-Oromiy edi. Bu ikki vazirimga doimo meni kuzatib turishlarini va agar adolatsizlik qiladurg‘on bo‘lsam, darhol meni to‘xtatishlarini, kimningdir yolg‘on so‘zlariga inonsam yoki begona kimsa mulkiga xiyonat qiladurg‘on bo‘lsam, darhol ogohlantirishlarini ta’kidlab qo‘ydim” deyiladi. Demak, Amir Temur hokimiyatining “Kuch adolatda” qoidasi qonun oldida tenglik prinsipiga asoslangan. Amir Temur vazirlikka adolatli, oqil, fozil odamlarni munosib deb bilgan. Ayniqsa, moliya vaziri nihoyatda pok va adolatli bo‘lishi talab qilingan.
“Temur tuzuklari”da “sarf-harajatlar ila shug‘ullanuvchi moliya vazirlari, moliya ishlarida xiyonat qilib, (boyliklarning bir qismini) o‘zlashtirib olg‘on bo‘lsalar (tekshirib ko‘rilsin). Agar o‘zlashtirib olg‘on mablag‘i maoshidan ikki barobar ortiq bo‘lsa, ortig‘i oladig‘on maoshidan ushlab qolinsin. Agar maoshidin uch barobar ko‘p mablag‘ olg‘on bo‘lsa, hammasi (o‘zlashtirgan pullari) saltanat xazinasiga tortiq sifatida olinsin” deyiladi.
Sohibqiron moliya vazirlarining ustomonliklarini juda chuqur va aniq bilgan, ularning qilmishlariga yarasha iqtisodiy jazo belgilagan.
“Temur tuzuklari”da keltirilishicha, “qishloq oqsoqoli va shahar ulug‘lari kichikroq darajadagi odamga zulm qilsalar, o‘sha zulmga yarasha, har kimning ko‘targanicha jarima solsinlar. Agar dorug‘alar va hokimlar xalqqa jabr-zulm etib, ularni xarob qilgan bo‘lsalar, ishlariga loyiq jazo berilsin. Botir kimsalarning gunohi isbotlangandan keyin undan jarima olsalar, so‘ng darra bilan urilmasinlar. Agar darra urish bilan jazolansalar, undan jarima olmasinlar”.
Demak, mansabdorlar sodir etgan ma’muriy yoki jinoiy huquqbuzarlikka jazo tayinlash alohida nazoratga olingan.
Amir Temur davlatida sud-huquq tizimi ixtisoslashgan bo‘lib, qozilik mansabi saltanatdagi eng nufuzli va mas’uliyatli vazifa hisoblangan.
Qozilar davlatning sud, huquq-tartibot ishlarini muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynagan hamda qonun ustuvorligi, uning barchaga barobarligini ta’minlashda katta ta’sirga ega bo‘lgan.
Sudlov ishlari qozilar tomonidan amalga oshirilib, sud tizimi shariat, fuqarolik, harbiy sudlarga bo‘lingan. Harbiylar sodir etgan jinoyat ishini “Qozi askar” deb atalgan harbiy sud ko‘rgan. Aybdor harbiylarning ishlarini ko‘rish taniqli va ilm-ma’rifatli beklar, amirlardan iborat harbiy kengash zimmasida bo‘lgan. Butun imperiya bo‘yicha odil sudlov holatiga qozikalon (oliy sudya) javob berib, raiyat qozilari faoliyati ustidan nazorat qilgan.
Sohibqiron davlatda qozilar adolatli va qonuniy hukmlar chiqarishini talab etgan. Sud jarayoni tortishuv xarakteriga ega bo‘lib, tomonlar ayblovchi va oqlovchi xarakteridagi dalillarni to‘plaganlar, guvohlarni keltirganlar.
“Temur tuzuklari”da bu borada alohida to‘xtalib, “Buyurdimki, har yerning g‘arazgo‘y, tuhmatchi va nafsi buzuq kishilarining tuhmat so‘zlari bilan katta va kichik shaharlar aholisidan hech kim jazolanmasinlar. Faqat birovning gunohi to‘rt kishining guvohlik berishi bilan isbotlansa, gunohiga yarasha jazolansinlar”.
Professor Sh. O‘ljayevaning qayd etishicha, shahzodalar, Chig‘atoy amirlari va zodagonlarning qonunga xilof ishlarini ko‘ruvchi amaldor yarg‘uchi deb atalgan. U oliy tribunal sudida faoliyat yuritgan.
Professor U. Tojixonov va akademik A. Saidovlarning qayd etishicha, Amir Temur davlatida alohida muassasa – adolat devoni bo‘lgan. U asosan davlatga qarshi jinoyatlar, boshqarish tartibiga qarshi jinoyatlar va mansabdorlik jinoyatlarini ko‘rib, tegishli jazo tayinlagan. Bundan tashqari har bir viloyat va shaharlarda adolat amiri bo‘lib, u shu hududning adliya ishlarini nazorat qilib turgan.
Temur davlatidagi arzibegi (dodxoh) mansabi davlat kengashida alohida o‘rin egallagan. Uning vazifasi arz bilan kelganlarni tinglab, masalani odilona yoki ularning ba’zi bir o‘ta muhimlarini sohibqiron huzurida adolatli hal etishdan iborat bo‘lgan. Ichki ishlar organlari mansabdorlari yasag‘liq deb atalgan. Ular davlat va jamiyatning tinchligini saqlashga mas’ul bo‘lib, jinoyatlarni ochishga muhim rol o‘ynagan.
Xabargirlar saltanatning eng chekka yerlaridan ham yozma ravishda xabar berib turishi shart edi. Agar xabargir biror sipohiy yoki amaldor haqidagi hukmni yashirsa, yoxud yolg‘on xabar yozsa, qilmishi isbotlangach, uning qo‘llari kesilgan. Voqealarni ataylab yozmasa xabargirlarning barmoqlari kesilgan. Agarda xabarchilar yolg‘on xabarni tuhmat yoki g‘araz bilan yozgan bo‘lsa, u qatl etilgan. Xabarlar har kun Amir Temurga yetkazib turilgan.
Bundan shuni anglash mumkin, Amir Temur davri sud-huquq tizimi qat’iy qonuniylik va adolat tamoyiliga asoslangan.
Sohibqiron nafaqat xalqi, balki fath etilgan mamlakatlarning aholisini ham qonun himoyasiga olgan. Jumladan, Amir Temur nabirasi amirzoda Umar (1383-yilda tug‘ilgan) nomi bilan bitilgan farmonda ham unga in’om etilgan mamlakatlarda adolat va qonunga so‘zsiz amal qilish shartligi ta’kidlangan.
Amir Temur bir guruh taniqli va diyonatli olimlarni tanlab, fath etilgan o‘lkalarni adolat bilan boshqarish uchun yuboradi.
“Zafarnoma” kitobida bu haqda shunday yozilgan: “…toki ular tayin etilgan joyga jo‘nab, mamlakat ishlarining tagiga yetsinlar, agarda bironta bir mazlumga zulm yetgan bo‘lsa, yoki biron ojizga zo‘ravonlik ravo ko‘rilgan bo‘lsa, zarar tikanini mazlumlar oyog‘idan chiqarib, ulardan zo‘rlik bilan olingan narsa isbot qilinsa, o‘sha tomondan bo‘lgan xazina molidan ularga qaytarib berilsin, bo‘lgan ahvolni yozib qaytsinlar va arz izzatgohiga yetkazsinlar, toki bundan keyin u (zulm) qoidalarini ulardan yiroqlashtirsinlar”.
Temurbek mamlakatda soliqlardagi suiiste’molchiliklarning oldini olishda nazorat tizimini joriy qilgan. Bu haqda “Temur tuzuklari”da “yana har o‘lkaga uch vazir tayinlashni buyurdim. Bularning biri raiyat uchun bo‘lib, undan olinadigan oliq-soliqlarning undirilishini kuzatib, hisobotini olib borsin. Oliq-soliq miqdori, soliq to‘lovchilarning nomlarini yozib borsin va raiyatdan yig‘ilgan mablag‘larni saqlasin” deyiladi.
“Temur tuzuklari”dan anglashiladiki, shariatga bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlarga “Yasoq” qonunlari bo‘yicha jazo berilgan. Mansabdorlar jinoyat ishiga jazo tayinlash alohida nazoratga olingan.
Davlat amaldorlarining suiiste’molchiligi va poraxo‘rligi eng xavfli jinoyat hisoblangan. Amir Temur barcha mansabdorlarning hisobdor bo‘lishini ta’minlaydigan shaffof tizim o‘rnatgan. Natijada Amir Temur davlatida poraxo‘rlikka o‘rin qolmagan.
Davlat OBLAKULOV,
Sanjar NORJIGITOV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
magistraturasi tinglovchilari