Voqealar
Tarixda shunday voqealar bor – ularni sodir bo‘lmagan joydan axtarishadi. Bunday misollar hayotda ko‘plab uchraydi.
Sohibqiron Amir Temurning yoshligi kechgan, qo‘shin to‘plagan, harbiy mashqlar o‘tkazgan joylari ham hozirgacha birlamchi manbalar asosida deyarli yoritilmagan. Bu yo‘nalishda ommaviy axborot vositalari “Amir Temur g‘ori” mavzusini to‘xtovsiz yoritib keladi. Muhammad Ochil, Vladimir Sosnin, Normurod Norqobilov, Hakim Sattoriy kabi taniqli ijodkorlar va ba’zi tadqiqotchlar bu to‘g‘rida xo‘p yozgan.
Bu tarixiy maskanni o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida bir necha marta maxsus safarlar uyushtirilgan va qiziqarli ko‘rsatuvlar namoyish qilingan. Bunday tadbirlarda ishtirok etgan va bu mavzuda ko‘rsatuv tayyorlagan iste’dodli jurnalist-tadqiqotchi Normurod Norqobilov yozadi:
“Sohibqiron bobomiz umrining ma’lum muddatlarida manzil qurgan Temur g‘ori va ungacha bo‘lgan qadamjolar bo‘ylab navbatdagi safarga otlandik. Yo‘lda Jizzax viloyatidagi Temur darvozasida bir lahza to‘xtab o‘tdik. Beixtiyor xayolga tolasan, kishi. Yurtimizda Amir Temur nomi bilan bog‘liq joylar ko‘p va har biri o‘ziga xos tarixga ega. Bu tarixni o‘qimoq va tadqiq etmoq, tabiiy, biz farzandlarning burchimiz.
Xo‘sh, Temur g‘ori va unga tutash qadamjolar bu gal bizga nimalar haqida hikoya qilarkan? Shu istak og‘ushida yo‘lda davom etamiz”.
Matn mazmunini tahlil qilmaymiz… Hozir biz ham shu yo‘ldamiz. Faqat, bu manzilga biz birlamchi manbalar satrlaridan paydo bo‘lgan so‘qmoqlar orqali borishga harakat qilamiz.
Sam tog‘i
Miloddan oldingi yunon va o‘rta asrlar mualliflari asarlarida hozir Amir Temur nomi bilan atalayotgan g‘or joylashgan tog‘ tizmalari “Sam”, “Siam” shakllarida keltiriladi.
Manbalardagi voqealar tahliliga ko‘ra, bu tog‘li hudud maydoni Yakkabog‘dagi Qizildaryoning janubi-g‘arbiy va Shahrisabzdagi Tanxaz daryosining shimoli-sharqiy qismidagi tizmalar oralig‘i edi. 1925-yillargacha ham xuddi shu mintaqada ikkita amlok mavjud edi. Tanxaz daryosi o‘zani o‘rta havzasi va janubda Imom Ya’qub chegarasigacha bo‘lgan hudud Shahrisabz viloyatiga qarashli Samaq amloki yerlari edi. Bu amlokda Beshqal’a, Qonjig‘ali, Qayurasolli qishloqlari bo‘lgan.
Qizildaryo o‘zani atrofi – tepada Toshqo‘rg‘on amloki hududi va quyida Chig‘atoy, Turon qishloqlarigacha bo‘lgan yerlar Yakkabog‘ bekligi tarkibidagi Samaq amlokiga tegishli edi. Ularning ikkisi hamda Shahrisabz viloyatidagi Qutchi va Yakkabog‘ viloyatiga qarashli Toshqo‘rg‘on amloklari birgalikda Abu Ishaq Istaxriy (X asr), Ibn Havqal (X asr), Muhammad Narshaxiy (X asr) va boshqa mualliflar tez-tez takrorlab turadigan Keshning Siam rustoqini tashkil etardi.
Ayrim tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, Keshning bu rustoqi Chag‘aniyonda bo‘lgan emas. Davrlar o‘tishi bilan ushbu rustoq bir necha bo‘laklarga bo‘linishi natijasida mazkur ikkita “Samaq” (Kichkina Sam) paydo bo‘ladi. Mashhur “Sug‘d” yoki “Siam” qal’asiga Iskandar Zulqarnayn va Muqanna mana shu hududdan o‘tib borgan.
Bu hududga kirgan zahoti, qadimiy va g‘aroyib tarixiy voqealar asl holida ko‘rina boshlaydi.
Ular orasida afsonaga aylanib ketgan, tadqiqotchilar hanuz qidirishda davom etayotgan ko‘hna hodisa yonida to‘xtaymiz. Usiz Amir Temur g‘ori haqida biror so‘z aytib bo‘lmaydi.
U Yakkabog‘ hanuz bag‘rida asrab kelayotgan va qadim tarixchilar yozib qoldirgan eng keksa hikoyadir. Unda qadimgi Sug‘d hukmdorlaridan Oksiart va jahonga mashhur Iskandar Zulqarnayn jangchilari to‘qnashuvi tasvirlangan. Uni qadimgi yunon muarrixlari “Sug‘d qal’asi” nomi bilan atashadi. Yunon muarrixlari ushbu qal’a baland tog‘ tepasida joylashgani uchun unga nisbatan “Sug‘d qoyasi” iborasini qo‘llaydi. U XX asr o‘rtalariga qadar “Sherlar qal’asi” deb atalgan. Bugungi kunda “Amir Temur g‘ori” nomi bilan mashhurdir.
Sug‘d qoyasi
(miloddan oldingi 327-yil)
Arrian yozadi: qish sovug‘i hali kuchli bo‘lganidan Iskandar qo‘shinga Nautakada dam olishga ruxsat berdi… Ko‘klam kelishi bilan sug‘dlar ko‘p odam to‘pladi, degan xabarni eshitib Sug‘d qal’asi deb ataluvchi qoyaga yetib keldi. Bu qoyaga baqtiriyalik Oksiart xotini va qizlarini yashirib, o‘zicha bu joyni olib bo‘lmas deb o‘ylab, Iskandardan yuz o‘girib ajralgandi.
Bu qoya qal’a olinsa, Sug‘dda bundan keyin yana isyon ko‘targudek bo‘lsalar boshqa qochadigan joylari qolmaydi, degan qarorga kelindi. Iskandar qoyaga yaqinlashganda gir atrof tikligidan to‘g‘ridan hujum qilish foydasizligini ko‘rdi.
Yog‘iy uzoq qamalga hozirlanib, oziq-ovqatini g‘amlagandi. Qalin qor maqdunlilarning ishini juda qiyinlashtirar, dushmanning ichadigan suvini serob qilardi. Shunga qaramay, Iskandar qoyani olmoqqa qaror qildi.
Taslim bo‘lish haqidagi taklifga ular mazax bilan javob berdilar: “Iskandar avval bu yoqqa chiqa oladigan qanotli jangchilar topsin. Biz oddiy bandalardan qo‘rqmaymiz!”
Avvaldan bunday ishlar bilan shug‘ullangan, qoyaga chiqish hunarini egallagan uch yuzga yaqin jangchi topildi. Ular o‘zlariga lozim bo‘lgan qoziqlarini tayyorladilar. Qoziqlarga zig‘irpoya tolasining pishiq arqonlarini bog‘lab, qoya devorlari tik va shu sababdan eng kam qo‘riqlanadigan yeriga keldilar. So‘ngra qoziqlarni qordan xoli bo‘lgan yoki qor qattiq muzlagan joylarga qoqib, biri-birlariga zina bo‘lib, yordam berib, har yerdan ko‘tarildilar.
Tong otganda tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdi. So‘ng Iskandarning buyrug‘iga binoan maqdunlilar qarorgohiga qarab, zig‘irpoya tolasidan to‘qilgan ro‘mollarini silkita boshladilar. Iskandar sug‘dlarning oldinda turgan soqchilariga elchi jo‘natib, vaqtni cho‘zmasdan taslim bo‘lishni, qanotli jangchilar topilib tog‘ cho‘qqisini qo‘lga kiritganini aytishni va cho‘qqi tomon ishora qilishni buyurdi. Qamaldagilar cho‘qqida turganlarni ko‘rdilar va qo‘rqib ketib, taslim bo‘ldilar.
Asirga olingan juda ko‘p ayollar va bolalar orasida Oksiartning xotini, farzandlari hamda Raksana ismli qizi bor edi. Iskandar unga ishqi tushib, ehtiros alangasi har lahzada kuchayib borayotgan bo‘lsa-da, qiz asirasini hurmat-izzatda saqladi va oxir-oqibat unga uylandi.
* * *
Oradan bir ming bir yuz o‘n yil o‘tib, Sug‘d o‘lkasiga islom dini kirib kelgan ilk asrlarda bu joyda xuddi shunday ikkinchi voqea sodir bo‘ladi.
Tandirda yakun topgan tarix
(783-yil)
VIII asrning ikkinchi yarmida Turonda mashhur “oq kiyimlilar qo‘zg‘oloni” nomi bilan tarix sahifalarida qolgan voqea sodir bo‘lgandi. Unga marvlik Hoshim ibn Hakim boshchilik qiladi.
Ushbu qo‘zg‘olon tufayli u Muqanna nomi bilan mashhur bo‘ladi. Bu qo‘zg‘olonning Siam tog‘ida tugagan oxirgi voqeasi to‘g‘risida Abu Bakr Muhammad Narshaxiy hikoyasidan parcha tinglaymiz.
* * *
“Hirot amiri Sa’id ko‘p lashkar bilan Muqanna hisorining darvozasiga kelib qo‘ndi. Uylar va
hammomlar qurib, yozin-qishin shu yerda bo‘ldilar.
Hisorning ichida chashma, daraxtlar va ekinzorlar bor edi. Muqannaning xos kishilari va sipohsalorlar kuchli lashkar bilan hisor ichida edilar. Hisor ichkarisidagi tog‘ tepasida yana boshqa bir hisor bo‘lib, u hisorga hech kimga yo‘l yo‘q edi. Muqanna o‘sha xotinlar bilan shu hisorda turardi. Har kuni xotinlari bilan ovqatlanib, mayxo‘rlik qilish odati edi. U o‘n to‘rt yil shu tarzda hayot kechirdi.
Hirot amiri uning ishini og‘irlashtirib, lashkari tarqalib ketdi. Qal’adagi sipohsalor hisor darvozasini ochdi. Bo‘ysunib tashqariga chiqdi va islomni qabul qildi. Musulmonlar hisorni oldilar. Muqanna ichki hisorni saqlab qola olmasligini bildi.
Muhammad ibn Ja’farning Kesh dehqonlaridan Abu Ali Muhammad ibn Horundan rivoyat qilishicha, u shunday degan: “Buvim Muqannaning o‘zi uchun olib kelib hisorda saqlab turgan xotinlaridan bo‘lgan ekan. U shunday hikoya qilar edi: “Bir kuni Muqanna xotinlarni odati bo‘yicha ovqat yeyish va sharob ichishga o‘tirg‘izib, sharob ichiga zahar soldi-da, har bir xotin uchun bittadan xos qadah tutqizib aytdi:
“Men qadahimdagi sharobni ichganimda sizlar ham qadahlaringizni butunlay bo‘shatishingiz lozim”. Hamma xotinlar ichdi, men ichmasdan sharobni ko‘ylagim yoqasidan to‘kdim.
Muqanna buni payqamadi. Hamma xotinlar yiqilib o‘ldilar. Men ham o‘zimni ularning orasiga tashlab o‘lganga solib yotdim. Muqanna holimdan bexabar edi. U o‘rnidan turib qarab, hamma xotinlarning o‘lib yotganini ko‘rdi-da, qulining oldiga bordi va qilich bilan uning kallasini uzdi. Muqannaning farmoni bilan uch kundan beri tandir qizitayotgan edilar. Muqanna o‘sha tandir oldiga borib kiyimini yechdi va o‘zini tandirga otdi. Tandirdan bir tutun chiqdi. Tandir oldiga borib, uning vujudidan hech asar ko‘rmadim. Hisorda biror tirik jon yo‘q edi”.
Uning o‘zini kuydirishi sababi, u hamisha: “Qachon bandalarim menga bo‘ysunmasalar men osmonga chiqib u yerdan farishtalarni olib kelaman va ularni bo‘ysundiraman” der edi.
Xalq: “Muqanna farishtalarni olib kelib bizga yordam berish uchun osmonga chiqib ketdi. Uning dini dunyoda qoladi”, deyishlarini istab, Muqanna o‘zini kuydirdi. Keyin u xotin hisor darvozasini ochdi va Sa’id Harashiy kirib u yerdagi xazinani oldi”.
* * *
Bu voqeadan ham salkam bir ming bir yuz yil o‘tib, yurt ozodligi uchun olib borilgan yana bir jang xuddi shu yerda yakun topadi. Bu galgi jangchi Buxoro hukmdori amir Muzaffarning o‘g‘li shahzoda Abdumalik edi. U kichik qo‘shini bilan hech bir ko‘maksiz rus bosqinchilariga qarshi ayovsiz kurash olib borgandi. U Qarshida amir va ruslarning birlashgan qo‘shiniga qarshi jangda mag‘lub bo‘lib, Kesh sari chekinadi. Bu voqeani Mirzo Abdua’zim Somiy hikoya qiladi.
Sherlar qal’asiga yashiringan Arslon
(1871-yil)
“Ular to‘rani shu tariqa qo‘riqlab, Qoraboqqacha omon-eson yetib olishdi. Qarshining ta’qib qilayotgan bahodirlari Qorabog‘dan qaytib ketishdi. To‘ra tunni Qorabog‘da o‘tkazdi.
Shu paytda Shahrisabz va Kitob hokimi Bobobek dodxoh va Jo‘rabek dodxohdan to‘raga maktub keldi. U quyidagi mazmunda edi: “Tangri taolo irodasi va taqdir hukmiga ko‘ra, voqea shu tariqa sodir bo‘ldi. Yaratganga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Ish nazoratdan chiqdi va muvozanat buzildi. Nasroniylarning qudratli davlati ishga aralashdi. Endi gubernator Buxoro davlatiga homiylik qilishdan to‘xtamaydi. Janobi oliylari kenagaslarga nisbatan eski xusumatini unutmaydi va ularning yana bosh ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaydi. Nima bo‘lganda ham oliy hukmdorning ular bilan do‘stona munosabatlariga e’tibor bermay, mamlakat xavfsizligini ta’minlash, sha’nimiz va g‘ururimizni asrashimiz zarur. Shahrisabzga tashrif buyurib, yurtimizga falokat eshigini ochmassiz, degan umiddamiz.
Qismat mavhumliklar orasidan biror yo‘l topib bergunicha tog‘larda istiqomat qilib turganingiz ma’qulroqdir”.
Shahrisabz hokimlarining bu yoqimsiz gaplari to‘raning qulog‘iga yetib, ularning himoyasidan umidini uzdi va Toshqo‘rg‘on tarafga yo‘l olishga majbur bo‘ldi. U jangchilarining qolgan-qutgani bilan Tangri taolo tomonidan yaratilgan ushbu tabiiy mustahkam qo‘rg‘onga kelib joylashdi.
Jangchilarining ko‘pchiligini tarqatib yubordi va taqdir hukmiga topshirdi. To‘raning ijozati bilan isyonning rahbari Xudoyor eshikog‘aboshi Samarqandga yo‘l oldi va o‘sha joydagi mang‘itlar orasidan panoh topdi… Toshqo‘rg‘onda to‘ra bilan to‘rt yuztacha odam qoldi”.
Amir Muzaffarning yurt ozodligi uchun kurashgan jasur o‘g‘li Abdumalik to‘ra bu manzilda qisqa muddat turadi va iziga qaytib, yana kurashni davom ettiradi.
Navbatdagi qiziqarli tarixiy voqeada aynan Amir Temur g‘ori haqida o‘ta qimmatli ma’lumotlarga duch kelamiz. U oldingilarni ham yaxshiroq va aniqroq tushunishga ko‘maklashadi.
Yakkabog‘ hokimi sayohati
(1893 – 1898-yillar)
1893-yili Yakkabog‘ viloyatiga hokim bo‘lib kelgan Mirza Salimbek “Tarixi Salimiy” asarida Sherlar qal’asi (Qal’ayi sheron) haqida quyidagilarni yozadi: “Tog‘ manzaralarini tomosha qilish, ajoyibotlarini ko‘rish uchun Toshqo‘rg‘onga ikki marta bordim. U yerda g‘aroyib Sherlar qal’asi haqida eshitdim. Juda ko‘rgim keldi. Shu yerlik ishonchli kishilardan olib, Sherlar qal’asi sari yo‘lga tushdik. Yigirma uch kishi hamroh bo‘ldi. Kechasi yo‘lda tunadik.
Ayni saraton bo‘lishiga qaramay, qorong‘u tushishi bilan chodirda olov yoqib, atrofida o‘tirdik. Isinish uchun tinmay qimirlardik. Havo sovuqligidan tananing olov tafti tegmagan qismi yaxlab qolayotgandi.
Tong yorishishi bilan qo‘zg‘aldik va peshinga yaqin Sherlar qal’asiga yetdik. Ikki yuksak cho‘qqili tog‘ etagida yigirma tanobcha yalanglikka ko‘zim tushdi. Mazkur ikki tog‘ orasidan bir daryocha tez va shiddat bilan oqardi. Yakkabog‘daryo shundan boshlanadi. Bu yerda gurkirab o‘sib yotgan o‘rik, gilos, olma, olcha kabi yovvoyi mevali daraxtlarning adog‘i ko‘rinmaydi. Tog‘ning bir tarafidagi daraxtlar endigina gullagan, boshqa yoqdagilari g‘o‘ra tukkan, yesa bo‘ladi. Qarama-qarshi turgan bu ikki tog‘ qoyalari birov mahorat bilan sayqal berganday yaltillardi.
O‘ng tomondagi tog‘ning o‘rtasida to‘rtta yo‘g‘on g‘o‘ladan yasalgan darvoza bor. Ustiga burj o‘rnatilgan. G‘o‘lalardan biri qulagan, uchtasi o‘rnida turibdi. Darvoza burji yerdan o‘ttiz-qirq gaz baland va tog‘ cho‘qqisidan qirq-ellik gaz quyida joylashgan. Pastdan kuzatib, bu qanday imorat ekani, kim qurgani, unga qanday kirish mumkinligi haqida har qancha o‘ylamaylik, sira aqlimiz yetmadi. Oramizda toshqo‘rg‘onlik ko‘p kitob o‘qigan ikki-uch kishi bor edi. Ular ham bu inshootning qachondan buyon mavjudligini bilishmadi. Tog‘ qal’asining chap tarafida ancha yuksaklikdan tushayotgan sharshara tog‘ning yana bir mo‘‘jizasi edi. Tarvuzdan kattaroq yoriqdan kuchli oqim bilan chiqqan suv yoyilib-yoyilib pastga tushar, yerga tushguncha mushtdek pufak hosil bo‘lardi. Pufaklar keyingi oqimda tovuq tuxumidek kichrayar, yerga tushgach, toshloqqa singib, yo‘q bo‘lib ketardi. Unga yaqinroq borib, manzarani miriqib tomosha qildik, tushayotgan mayda tomchilar shudringga o‘xshardi. Ancha suv pastga tushib, daryoga qo‘shilib ketardi.
Bu joydan o‘tgach, ko‘z oldimizda sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan daraxtlardan iborat yovvoyi
chorbog‘ va kattagina irmoq paydo bo‘ldi. Shu joyda otlardan tushdik va ovqat tayyorlashga
kirishildi.
Tushlik va dam olishdan keyin qariyb yigirma kishi Sherlar qal’asini tomosha qila boshladik. Ellik-yuz qadamcha ko‘tarildik. Bu yerda katta darvozaning qoldiqlari yotardi. Undan ichkariga kirdik. Yuz qadamcha oraliqda yuqorisi yopilgan, otxonaga o‘xshagan imorat turardi. U tog‘ning ichkarisiga qarab o‘yib yasalgan. Imoratning kesimi o‘ttiz gaz chiqadi. Devorning ikki tomoniga tarashlangan tosh qalab chiqilgan…
Imoratning tepasi otliq qo‘lida qilichini ko‘tarib yurganda ham shipga yetmaydigan darajada
baland edi.
Binoni tomosha qilib, boshqa eshikdan chiqib qoldik va qarshimizda shaharlarda bo‘ladigan katta darvoza turardi. Tabaqalarning o‘rni bilinib turgan bo‘lsa-da, o‘zi joyida yo‘q edi.
Darvozadan kirdik va o‘ng tomonda toshdan taxlangan zinaga duch keldik. Kimdir tepaga ko‘tarilib, qarashga taklif qildik. Yuqorida taxt va toshdan qilingan bir necha keng supalar bor ekan.
Ehtiyotan o‘zim bilan ikki-uch fonus, uch-to‘rt temir mash’ala, ikki kosa zig‘ir yog‘ va ikki-uch qadoq sham olib kelgandim.
Shu yerdan ichkariga yo‘l oldik. Shipning balandligi otxona yuqoriligi bilan teng. Binoning yuqori kesimi taxminan yigirma gazga teng. Usti yopiq. Uning tomi va girdi baland tog‘lar, albatta. Devorining ichki qismi islomiy naqshlar va qabariq tasvirlar bilan bezatilgan. Ikkala devorda ham o‘yilgan katta-kichik tokchalar bor.
Tokchalarning ko‘p qismi tosh panjaralar bilan o‘ralgan. Har-har joyda toshdan yasalgan katta shamdonlar turardi. Ikki-uch joyda yorg‘ichoqlar yotardi. Pastda yashayotganlar va cho‘ponlar olib keta olmagan yorg‘ichoqlar sindirilgan.
Mash’alani yoqib, o‘zimiz bilan non, go‘sht, suv va boshqa yeguliklarni olib, ikki yuz qadamcha yurdik va gumbazi Buxoro zargarlik ustaxonalariga o‘xshab ketadigan, yo‘laklari bor keng joyga chiqib qoldik. O‘rtada yoqutdek tovlanuvchi katta oq marmar ustun osilib turar, odamlar uning ba’zi qismlarini sindirib olgandilar”.
Mirza Salimbek olim kishi edi. Uning qiziquvchanligi, Sherlar qal’asiga maxsus safar uyushtirishi “Amir Temur g‘ori”da olib borilgan dastlabki tadqiqotlardan edi.
XX asr hodisalari
Mirza Salimbekdan keyin 1913-yili Jozef Antuan Kastane (1875 – 1958) bu g‘orni ilmiy tadqiq etadi. 1955-yili qadimshunos K. Kabanov ushbu joyga qiziqib qoladi va o‘rganadi. Mazkur tadqiqotchilar ishlarida u tarixiy “Sherlar qal’asi” nomi bilan yuritiladi.
1966-yili A. Mamatov Sherlar qal’asi g‘orini tekshiradi va u to‘g‘rida “Amir Temur g‘origa sayohat” nomli maqola yozadi. Xuddi shu davrlardan “Sherlar qal’asi” omma orasida “Amir Temur g‘ori” nomi bilan kengroq tanila boshlaydi. Bu paytda mazkur qadimiy maskanning tarixiy “Sug‘d qal’asi” va “Siam qal’asi” nomlari qariyb, butkul unutilgandi. Hatto, olimlar ham ularni tinimsiz qidirib, hozirgacha biror aniq to‘xtamga kelisha olmagan.
1991-yili Sho‘rolar saltanati quladi. Jamiyat onggida yurt o‘tmishi, milliy qadriyatlar va tarixga nisbatan munosabatlarda tub o‘zgarishlar kecha boshladi. Qisqa fursatda XX asrning oxirgi o‘n yili va XXI asrning birinchi choragida bu g‘or ham olamshumul shon-shuhratga burkandi. Uning atrofidagi gazayu daralar, qishloqlaru yaylovlar Sohibqiron Amir Temur tarixiga oid yangi-yangi afsona va rivoyatlar bilan to‘lib-toshdi. Ular uzoq-uzoqlarga qadar tarqaldi. Dostonlar to‘qila boshladi. Albatta, bularning barchasi yoqimli. Ammo…
Qadamjo
Amir Temur g‘ori tarixiga manbalar orqali safarga chiqqanimizdan buyon ushbu mavzuga oid yozilgan zamonaviy kitoblar va maqolalarni ham ko‘rib borayotgandik. Bu safarimizda adib Normurod Norqobilovning hayajonli taassurotlari doimiy hamrohimiz bo‘ldi. U yozadi: “Bu gal ekspeditsiya yo‘nalishini Qamashi tumanidagi Langar ota yo‘li orqali belgiladik. Negaki, Langar ota maqbarasi va g‘orgacha bo‘lgan keyingi masofa Amir Temur qadamjolaridan biri sanaladi. Asrlar osha xalq tili va dilida yashab kelayotgan rivoyatlarda o‘tmish haqida, sohibqironning bu manzil bilan bog‘liq faoliyati xususida istagancha misollar mavjud.
Temur bobomiz ko‘p bor ziyorat qilgan bu ulug‘ maskan sari qayrilarkanmiz, barchamizning qalbimizni anglarsiz bir shukuh qamrab oldi.
Aytishlaricha, mazkur maqbara Sohibqiron tomonidan bunyod etilgan. To‘g‘ri, davrlar o‘tishi bilan u necha bor ta’mirlangan. Muhimi, unga Temur bobomiz asos solgan. Aziz-avliyolar ruhiga u kishining e’tibori nihoyatda yuksak bo‘lgani esa tarixdan ma’lum. Yana shu qishloqda sohibqiron nomi bilan bog‘liq bir masjid borligini ham eshitdik”.
Sohibqiron Amir Temur yoshligi kechgan, bahodirlari bilan harbiy mashqlar o‘tkazib turgan, xatarli damlarda dushmanlaridan yashiringan mazkur g‘or to‘g‘risida yozilgan maqolalar, kitoblar, radio eshittiruvlar, teleko‘rsatuvlar jamlanmasi bu yo‘nalishda barcha ishlar butkul izga tushib, tarix kemtiklari qariyb butlangandek taassurot ulashadi.
Ammo Sohibqiron Amir Temur hayoti batafsil yoritilgan Nizomiddin Shomiy (Zafarnoma), Muiniddin Natanziy (Muntaxab ut-tavorixi Muiniy), Sharafiddin Ali Yazdiy (Zafarnoma), Ibn Arabshoh (Amir Temur tarixi), Fasih Xofiy (Mujmali Fasihiy), Abdurazzoq Samarqandiy (Matlai sa’dayn va majmai bahrayn) kabi yana bir qancha nufuzli mualliflarning asarlarini bu mavzu haqida butunlay boshqa ma’lumotlar to‘ldirib turibdi.
Axir, Amir Temurning yoshligi Qashqadaryo bo‘ylarida kechgani, uning qo‘shin to‘playdigan
maxsus qarorgohi, harbiy mashqlar o‘tkazadigan maydonlari, dushmanlar ta’qibidan qochib yashirinib yurgan joylari nomlari mazkur manbalarda yillari va oylarigacha juda aniq berilgan.
Sohibqironning o‘rganilishi, ommaga yetkazilishi, ziyorat qilinishi lozim bo‘lgan tarixiy qadamjolari xuddi o‘shalardir.
Barhayotlik
Mazkur tadqiqot ishi jarayonida yuzdan ortiq bitik yozilgan qadimiy qabrtoshlari (ba’zilari tuproqqa ko‘milib yotgan bo‘lsa ham), me’moriy obidalardagi yozuvlar, ajdodlar yozib qoldirgan qo‘lyozmalar bilan tanishdik.
Hech kim birovdan: “Nega nafas olyapsan?” deb so‘ramaydi. Biroq ish mobaynida: “Kimsiz?”, “Nega bu toshlarni suratga olyapsiz?”, “Tarixni nima maqsadda o‘rganyapsiz?” kabi savol beruvchilar tez-tez uchrab turadi.
Tarixni o‘rganish ham aslida nafas olishdir. Tirik vujud nafasga muhtoj, tirikligi u bilan. Odamda yana bir “vujud” bor. Uni mashoyixlar “botiniy olam” deb ataydi. Ushbu ish so‘nggida ham unga to‘qnash kelyapmiz. Biz bajarmoqchi bo‘lgan ish, qidirganlarimiz shu olamning “nafasi”dir. Bunday olam barcha odamda bo‘ladi. U ham yashashi uchun “nafas” olishi kerak.
Burundan olayotgan nafasimizda hech narsa ko‘rinmaydi, faqat shabada singari iliq yelni sezish mumkin.
Ammo “botiniy olam” nafasida Iskandar Zulqarnayn, Sug‘d qal’asi, Xariyen qoyasi, Sohibqiron Amir Temur, Bobo Shodi, Muhammad Sodiq Ishqiy, Abdullabek kotib, Barkin (Barjin) qal’asi, Navqad Quraysh, Xoja Ilg‘or, Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘oni kabi tasvirlarni aniq ko‘rish, ular voqeasiga qo‘shilish imkoni bo‘ladi. Shunda insonga eng kerakli bo‘lgan azaliy hayot butunlay o‘z asl shukuhi bilan davom eta boshlaydi. Bu jarayonni qalb tilidan zohiriy nutqqa ko‘chirganimizda “barhayotlik” so‘zi dunyoga keladi.
Buyuk huquq
Bilish – shaxs va jamiyatning daxlsiz buyuk huquqidir. Uni buzishga hech kimning haqqi yo‘q. Shu huquq chegarasidan tashqariga chiqib ketgan satrlar va rivoyatlar hech kimni manziliga eltmaydigan so‘qmoqlardir. Ularning soni ortgani sari, bu so‘qmoqlar shuncha uzun va chalkash bo‘ladi. Ularda hozir ham yolg‘iz yoki to‘da-to‘da bo‘lib adashib yurganlar qanchadan-qanchani tashkil etadi.
Tarix voqealarini ular sodir bo‘lmagan joyidan axtarish, ularni boshqalarga asli shunday bo‘lgandek ko‘rsatish barcha uchun zararlidir.
Bu ish balki ataylab amalga oshirilmas. Bilmasdan sodir etilishi ham o‘zgalarning ma’naviy yashash huquqini poymol qiladi. “Amir Temur g‘ori” tarixini birlamchi manbalardan qidirib ko‘rdik. Ularning sahifalaridan osmon o‘par balandlikdagi Sug‘d qal’asi, Siam (Sam) qal’asi, Sherlar qal’asi, Iskandar Zulqarnayn Maqdunli, Oksiart, Raksana, Muqanna, Abdumalik to‘ra, Mirza Salimbek voqealari “mana biz” deya chiqib kelaverdi. Biroq, chaqirig‘imizga bu hududdagi tarixdan Amir Temur hayoti bilan bog‘liq biror so‘z yo satr bosh ko‘tarmadi.
Biz ham ularga ehtirom ila ta’zim qilamiz. Ular bizni adashib, sarson bo‘lib yurishdan asrab qoldi. Ular yashash huquqiga bizdan ko‘ra sadoqat ila rioya qilishiga guvoh bo‘ldik. Ular o‘zi va o‘zganing ham umri havoga behuda sovurilib ketishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Barchaga sharafli yashash huquqi muborak bo‘lsin!
Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi